Bu haqda Qishloq xoʻjaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi xabar berdi.
Korxonalarning paxta texnik chigitini toʻliq texnologik siklda maqsadli qayta ishlaganligi, ularning mahsulot sifatini tasdiqlovchi gigiyenik xulosa va muvofiqlik sertifikatlariga ega ekanligi hamda qayta ishlashdan olingan mahsulotlarning texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilangan majburiy talablarga muvofiqligi ustidan nazorat “Oʻzagroinspeksiya” tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasida “Respublika muvofiqlashtiruvchi komissiyasi” va joylarda “Hududiy ishchi guruhlari” tashkil etilib, vazifalari belgilab berilgan.
Shunga koʻra, 2024-yilning yanvar-sentyabr oylarida jami 39 ta yogʻ-moy korxonalarida belgilangan tartibda nazorat tadbirlari oʻtkazildi. Natijaga asosan 17 ta paxta texnik chigitini qayta ishlaydigan yogʻ-moy korxonalari qonunchilik talablariga muvofiq faoliyat yuritayotganligi, 22 ta korxona faoliyati esa belgilangan talablarga muvofiq emasligi aniqlangan.
Aniqlangan kamchilik va qonunbuzilishlar yuzasidan korxonalarga nisbatan jami 67 ta (26 ta yozma koʻrsatma, 40 ta ogohlantirish, 1 ta maʼmuriy bayonnoma) taʼsir choralari qoʻllanildi.
Qarorda belgilangan talablarga muvofiq yoki muvofiq boʻlmagan yogʻ-moy mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalar haqidagi maʼlumotlar doimiy Respublika tovar xom-ashyo birjasiga kiritib kelinmoqda.
Bugungi kunda, respublika boʻyicha jami 164 ta (shundan, 79 tasi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan yangi korxonalar) muvofiq deb topilgan yogʻ-moy korxonalarining ishlab chiqarish quvvati 16 ming 682 tonna/sutkani tashkil qiladi.
“Oʻzagroinspeksiya” mutaxassislari tomonidan Paxta texnik chigitini toʻliq texnologik siklda qayta ishlab, olingan tayyor mahsulotlar uchun tegishli gigiyenik xulosaga ega boʻlgan va muvofiqlik taʼminlangan yogʻ-moy korxonalarida, ilgari oʻtkazilgan oʻrganishdan keyingi faoliyat davri boʻyicha qonunchilik hujjatlarida belgilangan talablar va qoidalarga javob berishi yuzasidan xatlov oʻtkazilmoqda va har bir belgilangan talablarga muvofiq boʻlgan yogʻ-moy korxonalari boʻyicha maʼlumotnoma-pasport qilib borilmoqda.