Suv resurslarini boshqarish sohasidagi qonunchilikka qoʻshimchalar kiritildi

    Paxta xom ashyosi va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasini qonunchilik darajasida bekor qilish orqali qishloq xoʻjaligini boshqarishda davlatning rolini yanada kamaytirish rejalashtirilmoqda.

    Qonun (22.10.2024-yildagi OʻRQ-981-sonli) bilan suv resurslarini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish bilan bogʻliq Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Hujjatda qayd etilganidek, quyi boʻgʻinda suv taʼminoti tashkilotlari va suvdan foydalanuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga solish bilan suv resurslarini boshqarish samaradorligini oshirish zarur. Shuningdek, paxta xom ashyosi va gʻalla yetishtirishda davlat buyurtmasini qonunchilik darajasida bekor qilish orqali qishloq xoʻjaligini boshqarishda davlatning rolini yanada kamaytirish rejalashtirilmoqda.

    Xususan, 06.05.1993-yildagi 837-XII-sonli «Suv va suvdan foydalanish toʻgʻrisida«gi Qonunga «Suv yetkazib berish xizmati« davlat muassasalarining vazifalari va vakolatlarini tuzatuvchi, shuningdek qishloq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun suv olish limitlarini tuman (shahar) xalq deputatlari Kengashlari tasdiqlashini belgilovchi oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.

    Bundan tashqari, fermer xoʻjaliklarining davlat ehtiyojlari uchun mahsulot yetkazib berish majburiyati va qishloq xoʻjaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilarga suv yetkazib berish xizmatlari uchun toʻlovlar bekor qilinadi (30.04.1998-y. 602-I-sonli «Fermer xoʻjaligi toʻgʻrisida«gi Qonun).

    Qonun suv resurslarini samarali boshqarish tizimini joriy etish, qishloq xoʻjaligida erkin raqobatni taʼminlash va mahsulot ishlab chiqaruvchilarning manfaatdorligini oshirishga qaratilgan.