“Suv xoʻjaligida dolzarb 30 kunlik”

    Barchamiz orziqib kutgan, bu yil har yilgidanda koʻproq sogʻintirgan, ulugʻlarimiz duoga qoʻl ochib, barakali, yomgʻirga moʻl boʻlishini soʻrayotgan ayyom – koʻklam fasli quyoshning iliq nurlari ostida kirib keldi.

    Yiroqdagi suv bilan chanqoqlik qonmas, deydilar. Shu maʼnoda, dastlabki ikki oyi yogʻingarchiliklarga serob kelgan 2023-yilda iqtisodiyot tarmoqlari va xalqimizga suvni muammolarsiz yetkazib berish, obi hayotdan tejamkorlik bilan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida respublikamiz suvchilari tayyorgarlikni allaqachon boshlab yuborishgan.

    Mart oyi bayramlar va goʻzallikka boy, yangilanish va oʻzgarishlar davri ekanidan kelib chiqib, “Suv xoʻjaligida dolzarb 30 kunlik” eʼlon qilindi. Bu davrda suv inshootlarining atroflarini tartibga keltirish, obodonlashtirish, koʻkalamzorlashtirish, koʻchat qadash, muhofaza hududidagi maydonlarga ekin ekish ishlari amalga oshirilishi belgilab olindi.

    Navroʻz – bahor va tabiat uygʻonishining timsoli, urf-odatlar, anʼana va qadriyatlarni oʻzida mujassam etgan umumxalq bayrami!

    “Suv xoʻjaligida dolzarb 30 kunlik”ning eʼlon qilinishi Prezidentimizning “2023-yilgi Navroʻz umumxalq bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarorida belgilangan vazifalarga hamohangdir. Yurtimizda Navroʻzi olamni baland ruh va katta shodiyona bilan nishonlashga qaratilgan mazkur qarorda bayram arafasida barcha shahar va qishloqlarda, ovul va mahallalarda umumxalq hasharlari, keng qamrovli obodonchilik va koʻkalamzorlashtirish ishlarini tashkil etish koʻzda tutilgan. Bu borada mamlakatimiz suv xoʻjaligida hasharlar, koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari boshlanib ketdi.

    “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida suvchilar 10 mln tup daraxt koʻchatlari ekishni rejalashtirgan edi. Shundan 2 mln tupi kuz oylarida oʻtqazildi. Fevral oyining oxiriga kelib, yana 3 mln 400 ming tur koʻchatlar ekib boʻlindi. Ayniqsa, janubiy viloyatlarda ishlar erta boshlandi.

    Surxondaryo viloyatidagi “Amu-Zang” irrigatsiya tizimi boshqarmasi jamoasi kanallar atrofi, gidrouchastkalardagi boʻsh maydonlar hamda yordamchi xoʻjalik ekin maydonlarining chetlariga turfa daraxt koʻchatlaridan 7 ming tupini oʻtqazishdi.

    “Suv xoʻjaligida dolzarb 30 kunlik” tashabbusini qoʻllab-quvvatlayotgan jamoa aʼzolari 31-martgacha 38 ming tup mevali va manzarali daraxtlar koʻchatini ekish va parvarishlash maqsadida oʻzaro musobaqalashib mehnat qilishayapti.

    — Ayonki, yozda viloyatimiz, ayniqsa, Jarqoʻrgʻon tumani hududida boshqa joylarga nisbatan haddan ziyod issiq boʻladi, — deydi boshqarma rahbari Turgʻun Qulmirzayev. — Mutaxassislarimiz yil boʻyi kanallar atrofida ishlaydi. Bugun oʻtqazilayotgan nihollar namunali parvarishlansa, nari borsa ikki yilda soya tashlab qoladi. Xodimlarimiz hech boʻlmasa soyasida hordiq chiqaradi. Muhimi, kanallar atrofi daraxtzorga burkansa, kishining bahri dili ochiladi. Har bir ekilayotgan nihol tutib ketishi uchun kanallar mutaxassislarini masʼul etib tayinlayapmiz.

    Tizimdagi maʼmuriy islohotlar doirasida 2023-yilda Suv xoʻjaligi vazirligi faoliyatining 10 ta asosiy yoʻnalishlari belgilab olingan. Bular: ixcham va samarali boshqaruvga oʻtish, suv resurslarini boshqarish, transchegaraviy suv resurslaridan foydalanish, taʼlim, ilm-fan va tarmoq integratsiyasi, kadrlar salohiyatini oshirish, sohani raqamlashtirish, davlat-xususiy sheriklik va autsorsing, suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, irrigatsiya va melioratsiya tadbirlari, investitsiya va texnik koʻmak mablagʻlarini jalb qilish yoʻnalishlaridir.

    Bu jarayonda eng quyi boʻgʻin hisoblangan tuman irrigatsiya boʻlimlari tarkibidagi suv xoʻjaligi maxsus xizmatlari bilan isteʼmolchilarning munosabatlarini takomillashtirish, xizmat koʻrsatish sifatini yanada yaxshilash, “vazir-mirob-fermer” zanjiri amalda samarali ishlashiga va xalqning roziligiga erishish ustuvor maqsad qilib qoʻyildi.

    Bir kishi ariq qazar, ming kishi suv ichar, degan maqol bor. Oʻttiz ming kishidan ortiq suvchilar jamoasi butun mamlakatimiz aholisining farovonligi yoʻlida xizmat qilmoqda. Ular zimmalaridagi masʼuliyatni chuqur his etgan holda oʻz kasbini ulugʻlab, yurt taraqqiyoti yoʻlida astoydil mehnat qilishmoqda.

    Shuhrat SUYUNOV,

    Suv xoʻjaligi vazirligi
    axborot xizmati boshligʻi