— Alohida gʻurur bilan aytamizki, Yaponiya bilan Oʻzbekiston hamkorligi kundan kunga rivojlanib boryapti va bundan manfaat sezyapmiz, — dedi uchrashuvda Sh. Xamrayev. — Kunchiqar mamlakat bilan suv xoʻjaligi sohasidagi munosabatlar ham kengayib boryapti.
“Amu -Buxoro irrigatsiya tizimini qayta tiklash” loyihasi natijasida Buxoro viloyatida 275 ming gektar va Navoiy viloyatida 40 ming gektar yerlarning suv taʼminoti yaxshilandi. Loyiha Osiyo taraqqiyot banki va Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA)ning kredit mablagʻlari hisobiga amalga oshirildi.
Shuningdek, JICA mablagʻlari hisobidan “Qiziltepa-I nasos stansiyasini qayta tiklash”, “Amu -Buxoro-II nasos stansiyasini qayta tiklash” loyihasi boʻyicha ham ulkan ishlar bajarildi.
— Tashrifimizdan maqsad – hukumat, vazirliklar darajasida munosabatlarni hamda kichik va oʻrta biznes vakillari oʻrtasida ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlash, — dedi M. Mizuno. — Oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtirish bevosita suv resurslari bilan bogʻliq. Yaponiyaning irrigatsiya sohasidagi texnologiyalari va innovatsion ishlanmalari oʻzbekistonlik suvchilar uchun qoʻl keladi. Shu sababli, kelgusida bu borada yaqin hamkorlik qilishimizga ishonaman.
Oʻzbekiston -Yaponiya Oziq-ovqat sanoati forumini oʻtkazish maqsadida yurtimizga kelgan mehmonlar Buxoroda ham boʻlib, viloyat hokimligi, “Buxoro Agro” EIZ, Buxoro davlat universitetida uchrashuvlar oʻtkazdi.
Mehmonlar Buxoro sharoitida ochiq va yopiq havzalarda, chuchuk va shoʻr suvlarda baliq, krevetka yetishtirish masalalarini oʻrganganini aytdi. Shoʻr suvdan foydalanib, Oʻzbekistonda ham dengiz mahsulotlari yetishtirish boʻyicha takliflar bildirildi.
Barcha takliflar ijobiy qabul qilinib, qoʻllab-quvvatlanishi aytildi. Mehmonlarga kanallarni betonlash, yerlarni lazerli tekislash, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, raqamlashtirish, kadrlar malakasini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berildi. Suv xoʻjaligi sohasida davlat-xususiy sheriklik yoʻnalishidagi ishlar, ayniqsa, yaponiyalik mehmonlarni qiziqtirib qoʻydi.
Dilshod Ulugʻmurodov,
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri.