Shu munosabat bilan tashkil etilgan hasharda vazirlik markaziy apparati, tizimdagi respublika tashkilotlari, Toshkent va Jizzax viloyatlaridan ishchi-xodimlar qatnashdi. Hasharchilar bir kunning oʻzida 5 ming tup bodom koʻchatlarini qadashdi. Xafta oxirigacha rejadagi koʻchatlar ekib boʻlinadi.
Albatta, togʻoldi hududida, lalmi joyda daraxt oʻstirishning oʻzi boʻlmaydi. Suvchilar buning hisobini olishgan. Pastdan oqib oʻtuvchi soydan nasos orqali suv chiqarilib, hovuz quriladi va koʻchatlarni tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyiladi.
— Hamma daraxtni suvga yaqin joyga ekishni istaydi. Suvsiz koʻchat unmaydi. Suv xoʻjaligi tizimida esa daraxt koʻkartirish uchun imkoniyatlar bisyor, — deydi vazirlik boshqarma boshligʻi Xurshid Lapasov. — Barcha hududlarda suv xoʻjaligi tashkilotlari tasarrufida kanal, ariq, zovurlar boʻlib, ularning yoqalari, himoya mintaqalarida koʻchat ekishga sharoit bor. Shu bois, aslida ushbu mavsumda 1,5 mln. tup koʻchat ekish topshirigʻini olishgan boʻlsa-da, suvchilar 15 mln. tup mevali va manzaralari daraxt koʻchatlari, qalamchalar ekish tashabbusi bilan chiqishdi. Bugunga qadar resublika boʻyicha suv xoʻjaligi tashkilotlari xodimlari tomonidan ekilgan koʻchatlar soni 4,1 mln. tupdan oshib ketdi.
Yana bir jihatni eʼtiborga olish kerak. Suvchilar azaldan suv boʻylariga koʻchat ekib kelishgan. Buning uchun ular koʻchatni sotib olmasdan, oʻzlari koʻpaytirishgan. Deyarli barcha suv xoʻjaligi tashkilotlarida koʻchatxonalar bor. Ayrim tashkilotlar yordamchi xoʻjaligida daraxt koʻchatlarini koʻpaytirib, daromad qilishning hadisini olishgan. Shu sababli, “Yashil makon” dasturi doirasida suvchilar ichki imkoniyatni ishga solishmoqda.
Qilingan mehnatlar hech qachon besamar ketmaydi. Bugun boshlangan ishlar, albatta, natijasini beradi. Bir-ikki yil oʻtib, suv boʻylarida yashil maydonlar paydo boʻlib, daraxtlar gullab-yashnaydi.
Shuhrat SUYUNOV,
Suv xoʻjaligi vazirligi Axborot xizmati boshligʻi









