Agroinspeksiyaning Samarqand viloyat boshqarmasi va tumanlar boʻlimlari tomonidan qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishda suvdan foydalanish qoidalariga rioya etilishi, suv isrofgarchiligining oldini olish yuzasidan qattiq nazorat oʻrnatilgan.
Ammo oʻtkazilayotgan monitoring tadbirlarida qishloq xoʻjaligi korxonalari va fuqarolar tomonidan suvdan foydalanish tartiblariga amal qilinmaslik holatlari uchrab turibdi.
Xususan, 2021-yilning 26-avgust kuni oʻtkazilgan monitoring tadbirlari davomida yozgi sugʻorish mavsumida suvdan foydalanish boʻyicha 7 ta qonunbuzilish xolatlari aniqlandi.
Jumladan, Ishtixon tumanidagi “Baxrin qaxramoni” MMTP hududidagi “Baxrin Afruz” fermer xoʻjaligi tomonidan 3 gektar gʻoʻza maydonini sugʻorish mobaynida 0,10 gektar qismini koʻllatib yuborgan hamda suvdan samarasiz foydalanib suvni oqovaga tashlab qoʻygan. Narpay tumanining “Oq oltin” MMTP hududidagi tuman agropilla MCHJ ishchisi Sh.N. tomonidan tut plantatsiyalarini sugʻorish vaqtida suvni nazoratsiz qoldirib, xoʻjasizlarcha foydalangan. Oqdaryo tumanidagi “Olchin” MFYda yashovchi fuqaro D.J. tomonidan gʻoʻza maydonini sugʻorish uchun ajratilgan suvni oʻzboshimchalik bilan takroriy ekinga boshqarib olgan hamda dalani koʻllatib yuborgani maʼlum boʻldi.
Xuddi shuningdek, Paxtachi tumani “Zarafshon” MFYda yashovchi fukaro P.L. tomonidan hududdan oqib oʻtuvchi “Narpay” kanalining “24-A” suv olish maskanidan oʻzboshimchalik bilan suvdan foydalanib kelayotgani aniqlandi.
Payariq tumanidagi “Boshchoʻrosh” mahallasida yashovchi fuqaro V.F. “Pay” kanalining ruxsat etilmagan joyiga elektr nasos oʻrnatib, suvdan noqonuniy foydalanib kelgan.
Toyloq tumani “Taraqqiyot” mahalasida yashovchi fuqaro Sh.Islomov oʻziga tegishli boʻlgan dala tomorqasini koʻllatib sugʻorib, suvdan xoʻjasizlarcha foydalangan. Shuningdek, Urgut tumanidagi “Vatkan-Qoʻzibek” mahallasida yashovchi fuqaro X.E. “Uch-Qaxramon” kanaliga ruxsatsiz, oʻzboshimchalik bilan nasos oʻrnatib, suvdan noqonuniy ravishda foydalanib kelganigi holati aniqlandi, deb xabar beradi “Oʻzagroinspeksiya”ning Samarqand viloyat boshqarmasi bosh inspektori Avaz Ochilov.
Yuqoridagi qonunbuzilish holatlari yuzasidan maʼmuriy bayonnomalar rasmiylashtirilib, Oʻzbekiston Respublikasining MJtKning tegishli moddalariga asosan huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanildi.