Sirojiddin ZAYNITDINOV hikoyasi:
— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2018-yil iyul oyida Olmazor tumaniga tashrifi davomida Oʻzbekiston karlar jamiyatining Kar-soqovlar madaniyat markaziga ham bordi.
Davlatimiz rahbari shu kuni jamiyatimiz aʼzolari bilan suhbatlashar ekan, mendan kelgusi maqsad va rejalarim haqida soʻradi. Yaqinda shaxmat boʻyicha Buyuk Britaniyada oʻtadigan ochiq chempionatga tayyorgarlik koʻryapman, dedim. Prezidentimiz chempion boʻlishim kerakligini aytdi va shu yerning oʻzida jamiyatimizning uch aʼzosiga uy sovgʻa qildi. Ular orasida men ham bor edim. Koʻzim yoshga toʻldi, ichki bir tugʻyon vujudimni qamrab oldi. “Shavkat Miromonovich, men albatta gʻalaba bilan qaytaman, sizga vaʼda beraman”, dedim. U kunni aslo unutib boʻlmaydi.
Aslida jahon chempionatida qatnashish har bir sportchining orzusi, unda gʻalaba qozonish — baxt. Davlatimiz rahbariga bergan vaʼdamni bajardim: 2018-yilda Manchester shahrida oʻtgan ochiq chempionatda oltin medalni qoʻlga kiritib, ikkinchi bor jahon chempioni boʻldim.
Eshitish qobiliyatim va nutqim bilan bogʻliq muammolarimga qaramay, shaxmat umrim mazmuniga aylangan. Usiz hayotimni tasavvur qila olmayman.
Bolalikning ulgʻayishi
Hayotda Sirojiddin Zaynitdinovga oʻxshagan matonatli insonlarga koʻp duch kelamiz, ularning turmush tarzi barchamizga ibrat boʻlsa, qilayotgan ishi, koʻzlayotgan marrasi, qoʻlga kiritayotgan yutuqlari qalbimizda faxr tuygʻusini uygʻotadi. Diliga tukkan ezgu maqsadlari haqida eshitganimizda esa, umrning har bir lahzasi nechogʻliq aziz ekanini teranroq anglaganday boʻlamiz.
Shaxmat boʻyicha ikki karra jahon chempioni, “Shuhrat” medali sohibi, 31 yoshli Sirojiddin Zaynitdinov ana shunday zamondoshlarimizdan.
Jizzax viloyatining Arnasoy tumanida istiqomat qilayotgan Savranbek aka va Hayitgul opa oilasidagi sakkiz farzandning oltinchisi boʻlib tugʻilgan Sirojiddin 3 yoshida tildan qoldi.
...Kunlarning birida u onasiga imlab oyogʻini koʻrsatadi va nimanidir tushuntirmoqchi boʻladi. Oʻsha vaqtda ona nega imo-ishora bilan harakat qilyapti, degan xavotir bilan bolasini bagʻriga bosib, shifokor huzuriga chopdi. Ular bolani koʻrib, hech qanday kasali yoʻqligini, vaqt oʻtib gapirib ketishini aytadi. Ota-onasining esa halovati yoʻqoladi.
Shundan soʻng, ular farzandini Toshkentdagi professorlarga, tabiblarga olib boradi. Ming afsuski, Sirojiddinga eshitish qobiliyatidan ayrilgan, degan tashxis qoʻyiladi, sababi nomaʼlumligicha qolaveradi. Ular hanuz farzandining nega kar-soqov boʻlib qolgani sababini bilmaydi.
Savranbek ZAYNITDINOV hikoyasi:
— Oʻgʻlim 5 yoshga toʻlganida shaxmatga boʻlgan qiziqishi va xotirasi kuchliligiga eʼtibor berib, astoydil shugʻullana boshladim. Farzandlarim bilan oʻzaro musobaqa tashkil qilar ekanman, asosiy eʼtiborimni Sirojiddinga qaratar edim. 7 yoshga toʻlganida tengqurlari qatori maktabga bera olmadik. Buni eslash ogʻriqli, hozir gapiryapman-u, yuragim achib, boʻgʻzimga nimadir tiqilayotganday boʻladi. Yaqinlarim bilan maslahatlashib, Toshkentdagi zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 106-maktabda oʻqitishga qaror qildik. Boshqa ilojimiz yoʻq edi. Lekin onasi “oʻgʻlimning bir oʻzini poytaxtga qanday yuboramiz, koshki edi, gapira olsa, oʻzingiz boring, biron joy topib yonida boʻlasiz, toki oʻrganib ketgunicha”, deb qatʼiy turib oldi.
Bir tomonda koʻzlari javdirab turgan bezabon Sirojiddinimning kelajagi, ikkinchi tomonda boshqa farzandlarim va ayolim. Axir qanday qilib ochiq hovlini, ekin ekilgan tomorqani, mol-holni, qoʻyingki, oilaning butun tashvishini xotinimning yolgʻiz oʻziga tashlab ketaman, ayol boshi bilan qanday eplaydi, degan savollar qurshovida qoldim.
Sirojiddinni maktabga joylashtirganimdan soʻng, har shanba, yakshanba kunlari holidan xabar olib turdik. Olis yoʻl, kundalik xarajatlar kun sayin roʻzgʻorning gʻorini kengaytirib boraverdi. Nihoyat, shahardan oʻzimga munosib ish toparman, deya poytaxtga yoʻl oldim.
Bu yerda shaxmat bilan jiddiy shugʻullana boshladik. Qayerda musobaqa va mashgʻulotlar tashkil etilsa, qaysi murabbiyga olib borish kerak boʻlsa, oʻgʻlimga hamrohlik qildim. Chunki murabbiylar imo-ishora tilini bilmas, men oʻrtada tilmoch edim.
Shu tariqa, oʻgʻlim Shayxontohur tumanidagi bolalar-oʻsmirlar sport maktabiga ham qatnab, shaxmat sirlarini oʻrganishda davom etdi. Oʻzim ham shu maktabga ishga joylashdim.
Menga yordam bering, otajon...
Sirojiddin bolaligida hamma tengdoshlari bilan gaplashib, ular bilan birga oʻynagisi kelardi. Shunday paytlarda koʻngli toʻlib, dilidagilarni qogʻozga ham tushirib borgan...
“Nega hamma bola gapiradi-yu, men gapira olmayman? Ota, men ham ularday gapirishni istayman. Iltimos, otajon, meni davolating, nima qilib boʻlsa ham, qancha pulingiz ketsa ham tilimdagi tugunni yechib tashlang! Men siz, onam, hamma bilan gaplashishni xohlayman. Katta boʻlganimda, sizlarni boshimda koʻtaraman. Faqat menga yordam bering, otajon, iltimos!”.
Toʻgʻri, Sirojiddin soʻzlay olmaydi, yuragidagi quvonchlarini, orzu-armonlarini baralla aytolmaydi. Ammo sizu bizni bir qarashdayoq anglaydi, koʻnglimizdagini soʻzsiz tushunadi. Eng asosiysi, barchamizni shukronalik bilan yashashga, har bir kunning qadriga yetishga undaydi. Oʻzining yengilmas irodasi, metin saboti bilan taqdir zarbalariga kulib qarashga, ularni mardonavor yengishga chorlagandek boʻladi.
Gʻoliblik va gʻalabalar simfoniyasi
Sirojiddin shaxmatning standart, rapid va blis yoʻnalishlarida dona suradi.
14 yoshida Germaniyaning Malente shahrida kar va zaif eshituvchi oʻsmirlar oʻrtasidagi jahon chempionatida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritgan.
15 yoshida Qozogʻistonning Olmaota shahrida oʻtgan Osiyo chempionatida bronza medal, Shveysariyaning Sankt-Gallen shahrida oʻsmirlar oʻrtasida oʻtkazilgan jahon chempionatida oltin medal sohibi boʻlgan.
Moʻgʻulistonning Ulan-Bator shahrida oʻtkazilgan Osiyo chempionatida blis yoʻnalishda birinchi, standart yoʻnalishda ikkinchi oʻrinni qoʻlga kiritib oltin va kumush medallar egasiga aylandi.
2016-yil Qozogʻistonda oʻtkazilgan xalqaro turnirda ikkinchi, 2017-yil Toshkent shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston chempionatida birinchi oʻrinni band qildi.
Oʻzbekiston chempioni, “Shuhrat” medali sohibi.
Baxti butun oilaning baxtiyor boshligʻi
Maqolamiz qahramoni 2017-yilda oʻzi koʻngil qoʻygan qizga uylanib, baxtli-saodatli hayot kechirmoqda. 4 yoshli oʻgʻli Ziyomiddinning tillari biyron, u ham hozirdanoq shaxmatga qiziqadi. Otasi bilan shaxmat oʻynash jonu dili. 5 oylik qizi — Muslima beshikda, buvijonisi Hayitgul opaning erkalashi va allalari ohangi ostida sogʻlom ulgʻaymoqda. Sirojiddinning ayoli Kamolaxon Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti talabasi.
Sirojiddin Zaynitdinov murabbiylik faoliyatini olib borish uchun Xalqaro FIDE tashkiloti tomonidan “NATIONAL INSTRUCTOR” sertifikatiga ega boʻlgan shaxmat ustasi. 2015-yilda Toshkent davlat pedagogika universitetini tamomladi. 2016-yildan to bugungi kunga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-oʻsmirlar sport maktabi hamda Shaxmat federatsiyasida yoshlarga shaxmat sirlarini oʻrgatib kelmoqda. “Sport-Frienship-Viktory” nomli shaxmat maktabi bor. Otasi Savranbek aka bilan maslahatlashib, hamkorlikda ochgan maktabda qariyb oʻn yildan buyon yuzga yaqin shogird yetishtirdi. Jahon va Osiyo chempionlari Javohir, Islom va Humoyun Sindorovlar, Humoyun Begmuratov, Umida Omonova, Odina Olimova, Abdulbosit Sharifjonov shular jumlasidan.
Eshitmaydigan odam shaxmatni qanday oʻrgatadi?
Eshitmaydigan va gapirmaydigan odam qanday qilib shaxmatni oʻrgatishi mumkin, deysizmi? Shaxmat maktabiga kelgan 4-5 yoshli bolalarga uning otasi Savranbek aka va singlisi Sabohat ustozlik qiladi. Bir yildan soʻng iqtidorli bolalar saralab olingach, ular bilan Sirojiddinning shaxsan oʻzi shugʻullanadi.
U gapirmasdan turib, shaxmat donalarini harakatlantirish orqali dars oʻtadi. Shogirdlari esa ustozining lab harakatidan nima soʻrayotganini va aytayotganini aniq anglaydi. Oʻzining kerakli va dolzarb fikrlarini doskaga yozib tushuntirib beradi. Jahon chempioni oʻz maktabida oʻzidan-da kuchli chempionlarni tarbiyalashni niyat qilgan.
Ustozim kabi jahon chempioni boʻldim
— Ustozim Sirojiddin Zayniddinov bilan juda faxrlanaman, — deydi shaxmat boʻyicha oʻn karra Osiyo va ikki karra jahon chempioni, FIDE ustasi Umida Omonova. — Asli surxondaryolikman. Yetuk shaxmatchi boʻlish uchun poytaxtga keldim. Ustozim bilan yillar davomida shugʻullandik, kun kelib mashhur chempion boʻlishimga ishontirdi.
Tinimsiz mashgʻulotlar, oʻqish va oʻrganishlar tufayli oʻzim ham ustozim singari jahon chempioni boʻldim. Kelajakda ustozimga oʻxshab, yurtimiz sharafini himoya qiladigan shogirdlarim boʻlishini va ular ham men bilan faxrlanishini istayman.
Oʻsha vaqtlarda ham sportchilarga
bugungiday eʼtibor qaratilganida edi...
Hayitgul opa hikoyasi:
— Oʻgʻlimning shaxsiy shaxmat maktabi boʻlishini juda istaganman va u 21 yoshida oʻzining shaxmat maktabini ochdi.
Lekin sizga ochigʻini aytsam, oʻsha yillari, yaʼni bundan oʻn yillar ilgari maktab ochishning oʻzi boʻlmagan. Otangga bor, onangga bor, qabilida obdan sarson qilishgani kechagidek esimda. Eh-he, qancha arizalar “kattakon”larning stolida qolib ketdi.
Oʻsha vaqtlarda ham sportchilarga bugungiday eʼtibor qaratilganida edi... Bugungi sharoitlar uchun Prezidentimizga rahmat, aziz boshi omon boʻlsin!
Gulichehra DURDIYEVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri