4-noyabrda O'zbekistonda kuzatilgan chang bo'roni ushbu aksiyaning naqadar dolzarbligini, bu ishga katta mas'uliyat bilan yondashish kerakligini ko'rsatdi. Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning mulohazalari shu haqda.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida yiliga 200 million tup daraxt va buta ko'chatlarini ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish rejalashtirilgan.

Hozirda barcha shahar va qishloqlarda daraxt ekish bo'yicha keng ko'lamda ish olib borilayotgani tahsinga munosib. Ayni paytda mutaxassislar ekiladigan daraxt turlarini tanlashga ham e'tibor qaratish, bunda qator omillarni hisobga olish kerakligini ta'kidlab o'tadi. Xususan, ayrim daraxt va o'simliklar gullaganida allergiyaga moyil ayrim kishilar aynan shundan aziyat chekadi. Bunda shamol orqali changlanuvi o'simliklar o'zidan ko'p miqdorda chang tarqatarkan.  Shu bilan birga, turli hududlarda istiqomat qiladigan aholining muayyan o'simliklarga nisbatan allergik ta'sirchanligi bir-biridan farq qiladi, deb ta'kidlaydi shifokorlar.

Shuningdek, daraxt changiga allergiyaning keng tarqalishiga iqlim o'zgarishi ham ta'sir ko'rsatmoqda. Bahorning erta kelishi, qish mavsumining iliq bo'lishi ayrim o'simliklarning erta gullashiga sabab bo'lmoqda, daraxtlarning noodatiy tarzda yiliga bir necha bor gullashi holatlari kuzatilyapti.

O'simlik changi — bu tarkib jihatdan uglevod, oqsil va oz miqdorda yog'dan iborat chang urug'lari bo'lib, ular havodagi turli zararli moddalarni o'ziga singdiradi va o'simlik changining immunogenligini oshiradi. Havodagi zararli gaz, tamaki tutuni, ul`trabinafsha nurlanishlar urug' changining antigen tarkibini o'zgartiradi.

 Shuningdek, tashqi muhitdagi mazkur omillar allergiyaga moyil kishilarning allergik sezuvchanligini kuchaytiradi.

2018-yili Respublikamizda profilaktik tibbiyot yo'nalishlarini rivojlantirish zarurligiga e'tibor qaratilib, Innovasion rivojlanish vazirligi huzurida Xalqaro molekulyar allergologiya markazi tashkil etildi. O'tkazilgan tadqiqotlar natijasida allergiya chaqiradigan o'simliklarning changlanishi, aholining molekulyar sezgirlik profili va allergik kasalliklarning klinik zo'rayishi (rinit, bronxial astma) o'rtasidagi bog'liqlik gulchang monitoringi va mul`tipleks allergiya chiplari hamda viloyatlardagi klinik patronajlar yordamida o'rganildi.

Toshkent shahrining ikki hududida gulchangi qopqonlari o'rnatilgan bo'lib, butun shahar bo'ylab muntazam ravishda aerobiologik monitoring o'tkazilmoqda. Shuningdek, hududlarda qo'shimcha 8 ta qurilma o'rnatish rejalashtirilgan. Hozirda Xalqaro molekulyar allergologiya markazi olimlari tomonidan o'simliklardan gulchangi tarqalishi xaritasi ham tuzildi. Ushbu xarita VPPS 2010 chang qopqonlaridan bir yil davomida olingan ma'lumotlarga asoslangan. Mazkur chang qopqonlari — aerobiologik monitoring stantsiyalari o'simlik changlari va boshqa manbalar orqali paydo bo'ladigan changlarga nisbatan allergiyani nazorat qilish imkonini beradi. 

Innovasion rivojlanish vazirligi tomonidan 1021 nafar bemorda allergiyaga ta'sirchanlikni o'rganish va mul`tipleksli allergochip usulida diagnostika qilish natijasida aholining quyidagi manzarali daraxtlarga nisbatan allergiyasi yuqoriligi aniqlandi: sarv (kiparis), qoraqayin (buk), finik pal`masi, zaytun, oq qayin, yunon yong'og'i, qora terak va o'rmon yong'og'i (leщina). Shahar va qishloqlarimiz ko'cha va xiyobonlariga, xonadonlarga ekilgan bu turdagi daraxtlar eng ko'p allergiya chaqiradi.

Shu bilan birga, 13 turdagi manzarali daraxtlar gulchangi tarqatishi aniqlangan. Bunda eng ko'p terak, qarag'ay va sarv (kiparis) daraxtlarida, kam holatlar esa tol, eman, qayrag'och va shumtolda uchraydi.

Shaharlar va aholi punktlarini obodonlashtirish uchun o'simliklar tanlashda, aholining allergik reaktsiyasi ehtimolini hisobga olish, ilk bor ekiladigan o'simliklarning allergen ta'sirini o'rganish lozim. Tadqiqot natijalariga ko'ra, Toshkent shahri infratuzilmasi, iqlimi va tuproq sharoiti, shaharsozlik me'yorlariga va avtomobil` qatnovi ko'chalari uchun mos keladigan jami 26 turdagi manzarali buta va daraxt ekish tavsiya etilmoqda.

Mintaqamizda qayin gulchangi miqdori minimal darajada bo'lsa-da, mazkur daraxtga nisbatan allergiya 16,5 foiz holatda qayd etilgan. Farg'ona vodiysida esa allergik sezuvchanlik sarvga nisbatan ko'proq kuzatildi. Tadqiqotlar qayin gulchangining yuqori allergik qobiliyatini va sarvga nisbatan allergiyaning keng tarqalishini aniqladi. Chinor, jo'ka, eman, majnuntol changi kontsentrasiyasi juda yuqori bo'lishiga qaramay, tadqiqotda qatnashgan respublikamiz aholisi orasida ularga nisbatan allergiya aniqlanmadi.

Olingan ma'lumotlarga ko'ra, turarjoy ob'ektlari atrofida chinor, jo'ka, eman, majnuntol ekishni tavsiya etish mumkin. Bu   aholi o'rtasida allergik reaktsiyalar rivojlanishining oldini olishda ko'mak beradi. Sarv, xurmo, zaytun, qayin, yong'oq, qora terak kabi daraxt va butalarni O'zbekiston sharoitida etishtirish allergiya nuqtai nazaridan maqbul sanalmaydi.

Xalqaro molekulyar allergologiya markazi shahar va turar joylar uchun manzarali o'simliklar tanlashda aholining ularga nisbatan allergiya reaktsiyasini hisobga olishni, shuningdek, landshaft dizaynida keng tarqalmasdan oldin yangi kiritilgan o'simliklarning allergen salohiyatini o'rganish bo'yicha keng qamrovli tadqiqotlar o'tkazishni taklif qiladi.

Shunday qilib, Innovasion rivojlanish vazirligi ko'kalamzorlashtirish ishlarini amalga oshirishda manzarali o'simlik va daraxtlarning allergiyaga sabab bo'lmaydigan turlaridan foydalanishni tavsiya qiladi. Butalardan suriya atirguli, hind nastarini, deysiya, yaltiroq bargli ligustrum, zirk, ispan droki, pirakanta, qora marjon, shilvi turlari, qorsimon mevali buta, Evropa forzitsiyasi, oddiy siren`, na'matak, magoniya allergiya chaqirmasligi aniqlangan.

Igna bargli daraxtlardan G'arb tuyasi, Sharq biotasi, tikanli qoraqarag'ay ekish salomatlikka salbiy ta'sir ko'rsatmaydi. Shuningdek, Kanada bagriyannigi, chitalpa, ipak akatsiyasi, turang'il, skumpiya, sumax, kornus, do'lana, kalina allergen tarqatmaydigan o'rta bo'yli daraxtlar sarasiga kiradi.

O'z navbatida, mevali daraxtlar allergiya paydo qilmasligini ham eslatib o'tish lozim. Mevali daraxtlar asosan hasharotlar orqali changlanadi, changi nisbatan og'ir bo'lgani uchun havoda uchib yurmaydi. Demak, shahar sharoitida ham manzarali daraxtlar qatorida mevali daraxtlarni ekish an'anasini tiklashimiz lozim. Mevali daraxtlar ham atrof-muhitga foyda, mevasi iste'mol qilinadi, ham allergiya chaqirmaydi.

Daraxt ekishda yana bir jihatga ahamiyat berishimiz kerak. Gap shundaki, ayrim daraxtlar bir jinsli, ikki uyli bo'lib, otalik va onalik tuplar alohida-alohida o'sadi, otalik ko'chatlar gulchangi tarqatadi. Shaharlarni ko'kalamzorlashtirishda esa ko'pincha aynan mana shu otalik daraxtlardan foydalanish ko'proq kuzatiladi. Negaki, ular meva tugmagani bois, mevasi erga tushmaydi va bu qulay sanaladi. Ammo aynan otalik tuplar gulchangi tarqatgani bois, allergik o'choq sanaladi.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekiladigan daraxtlar zaminimizni yashillikka burkashi, chiroyiga chiroy qo'shishi bilan allergiyaga moyil minglab kishilarning sog'lig'ini himoya qilishi lozimligini unutmaylik. Xorijdan keltirilgan manzarali daraxtlarning hammasi ham foyda bermaydi. Shuning uchun ko'kalamzorlashtirish jarayonlarida an'anaviy mevali daraxtlardan foydalanish eng maqbul echimdir.