Global iqlim oʻzgarishlari, yogʻingarchilik miqdori kamayishi va boshqa omillar taʼsirida sezilarli kamayib, ehtiyoj yildan yilga ortmoqda. Bugun suv Markaziy Osiyo xalqlarining tinchligi va farovonligini taʼminlovchi eng muhim resurslardan biri ekani sir emas.
Soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan suv resurslaridan oqilona foydalanish, transchegaraviy suvlarni adolatli boshqarish va mintaqada suv xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan qator muhim xalqaro tashabbuslar ilgari surilayotganining boisi ham shu. Ushbu tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanishni taʼminlash, ekologik muammolarni hal qilish va davlatlar oʻrtasida ishonchli hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan. Shu jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan BMT shafeligida Orolboʻyi mintaqasi uchun koʻp sheriklik trast jamgʻarmasi tashkil etilishi, BMT Bosh Assambleyasining Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilinishi kabi qator samarali saʼy- harakatlarni eslash oʻrinli.
Shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 2025-yilning 15-16-noyabr kunlari Toshkent shahrida oʻtkazilgan VII Maslahat uchrashuvida davlatimiz rahbari 2026-2036-yillarni “Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish boʻyicha amaliy harakatlar oʻn yilligi” deb eʼlon qilish hamda Suv xoʻjaligi sohasida mintaqaviy kompetensiyalar markazini tashkil etish tashabbuslarini bildirdi.
— Qoʻshni mamlakatlar bilan yuritilayotgan nihoyatda oqilona siyosat natijasida mintaqamizda suv xoʻjaligi sohasida mutlaqo yangi hamkorlik muhiti shakllandi. Bu esa barcha tomonlar manfaatlarini teng hisobga olgan holda konstruktiv munosabatlarni barqarorlashtirish, transchegaraviy daryolardan samarali foydalanish, suv taqsimotini muvofiqlashtirishga mustahkam zamin yaratmoqda, — deydi suv xoʻjaligi vaziri Shavkat Hamroyev. — Oʻzbekiston davlatlararo suv hamkorligi mexanizmlarini yanada takomillashtirish yuzasidan mintaqaning barcha davlatlari bilan ochiq muloqotga tayyor.
Jumladan, Sirdaryo oqimi boʻyicha Oʻzbekistondan quyida joylashgan Qozogʻiston bilan yurtimizni faqat daryoning oʻzi emas, boshqa suv manbalari ham bogʻlaydi. Misol uchun, Sirdaryodan suv oluvchi va yurtimizning Toshkent va Sirdaryo viloyatlaridan oʻtuvchi Doʻstlik kanali orqali Qozogʻistonning Turkiston viloyati Yettisoy va Maxtaaral tumanlaridagi ekin maydonlari sugʻoriladi. Chirchiq daryosi havzasidan Zax, Xonum va Katta Keles kanallari orqali Qozogʻistonning Turkiston viloyati Sariogʻoch, Qazigʻurt tumanlari suv bilan taʼminlanadi. Qoʻshni mamlakat hududidagi Chordara suv omboridan Oʻzbekiston hududidagi Arnasoy suv omboriga suv olish imkoni mavjud.
Bugungi kunda Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasida transchegaraviy suv resurslaridan birgalikda foydalanish masalalari konstruktiv ruhda hal etib kelinmoqda. 2025-yil 15-noyabrda strategik sheriklikni mustahkamlash maqsadida Oʻzbekiston va Qozogʻiston hukumatlari transchegaraviy suv obyektlaridan birgalikda foydalanish va ularni boshqarish toʻgʻrisidagi bitimni imzoladi. Ayni paytda bitimni amalga oshirish uchun zarur ichki davlat tartib-taomillari mamlakatimiz tomonidan yakunlandi. Hujjatning kuchga kirishi uchun Prezidentimizning “Xalqaro shartnomani tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.
Bitim transchegaraviy suv obyektlarini boshqarishda tizimli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, sohaviy idoralar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarni takomillashtirish va ikki davlatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yoʻlida suv resurslaridan samarali foydalanishga xizmat qiladi. Shuningdek, mamlakatlarimizning suv xoʻjaligi sohasidagi mutaxassislari oʻzaro tajriba almashib keladi. Toshkent shahridagi “Suvchilar maktabi”da qozogʻistonlik mutaxassislar uchun oʻquv seminari tashkil etish yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada mustahkamlash maqsadida Markaziy Osiyoning transchegaraviy daryolari suv resurslaridan kompleks foydalanish boʻyicha qoʻshma ishchi guruhi faoliyat koʻrsatmoqda. Uning yigʻilishlarida suv xoʻjaligi sohasida qoʻshma transchegaraviy loyihalarni amalga oshirish istiqbollari, suv resurslarini boshqarish tizimini isloh qilish boʻyicha tajriba almashish, shuningdek, Bahri tojik suv omborining ish rejimini kelishish kabi masalalar koʻrib chiqiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston, Tojikiston va Qozogʻiston oʻrtasida yozgi davrda Bahri tojik suv omborining ish rejimini kelishish boʻyicha samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Mazkur hamkorlik har yili oʻzbek, qozoq va tojik tomonlari ishtirokidagi ishchi yigʻilish bayonnomalarini imzolash orqali amalga oshiriladi. Misol uchun, oʻtgan yil 30-may kuni imzolangan bayonnomada 2025-yil iyun- avgust oylari uchun 1142 million kub metr hajmda suv chiqarish rejalashtirilgan edi. Amalda esa suv chiqarish hajmi 1241 million kub metrni tashkil etdi. Qoʻshimcha suv chiqarilishi Sirdaryo havzasiga kiruvchi Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlaridagi qishloq xoʻjaligi ekin maydonlarini suv bilan taʼminlash imkonini berdi.
Amudaryodan Surxondaryo viloyatida Amuzang, Qashqadaryo viloyatida Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadi, Buxoro viloyatida Amu-Buxoro mashina kanali nasos stansiyasi orqali suv olinadi. Oʻz navbatida, Qarshi magistral kanali orqali Turkmaniston hududiga suv yetkazib beriladi. Qarshi magistral kanali nasos stansiyalari kaskadining 6 ta nasos stansiyasi Turkmaniston hududida joylashgan. Oʻzbekistonlik suvchilar qoʻshni davlat hududiga oʻtib, ularni ishlatadi.
Bundan tashqari Qarshi magistral kanallaridan foydalanish boshqarmasi, Amu- Buxoro mashina kanallaridan foydalanish boshqarmasi tizimida Turkmanistonning 700 nafarga yaqin fuqarosi oʻzbekistonlik mutaxassislar bilan birgalikda ishlaydi.
Turkmaniston Amudaryodan oʻz hududidagi Qoraqum va boshqa kanallar hamda kichik nasos stansiyalari orqali suv oladi. Oʻzbekistonning Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda Turkmanistonning Toshovuz viloyati hududlarini suv bilan taʼminlovchi Tuyamoʻyin suv ombori esa ikki mamlakat chegara hududlarida joylashgan. Undan chiqariladigan suv Turkmandaryo hamda Chapqirgʻoq magistral kanallari, shuningdek, Tuyamoʻyin gidrouzelining pastki qismi, Amudaryoning chap tomonidan Xonyop, Jumaboy soqa, Qilichniyazboy va Qipchoq-Boʻzsuv kanallari orqali Toshovuz viloyati hududlariga yetkazib beriladi.
Oʻzbekiston va Turkmaniston hukumatlari oʻrtasida Suv masalalari boʻyicha Oʻzbekiston — Turkmaniston hukumatlararo qoʻshma komissiyasi ishlamoqda. Turkmaniston suv xoʻjaligi sohasi bilan kadrlar tayyorlash boʻyicha ham hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Bugungi kunda “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy-tadqiqot universitetida 2000 nafarga yaqin turkman talabasi tahsil olmoqda.
Shuningdek, Oʻzbekiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston suv xoʻjaligi hamda energetika idoralari oʻrtasida Toʻxtagʻul suv omborida Oʻzbekiston va Qozogʻistonda sugʻoriladigan yerlarda vegetatsiya davrini barqaror oʻtkazish uchun zarur boʻlgan suv hajmini toʻplashga qaratilgan uch tomonlama hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Uch davlatning suv xoʻjaligi va energetika idoralari rahbarlari uchrashuvlari yakunlari boʻyicha Toʻxtagʻul suv ombori sathining kritik darajagacha pasayib ketishining oldini olish, shuningdek, oʻzaro elektr energiyasi yetkazib berishni taʼminlash masalalari yuzasidan muntazam ravishda bayonnomalar imzolab kelinmoqda.
Suv xoʻjaligi vazirligining Xalqaro aloqalar va Jahon savdo tashkiloti masalalari boʻlimi boshligʻi Otabek Hazratovning maʼlum qilishicha, bugungi kunda Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan suv masalalari boʻyicha aloqalarni Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi va Davlatlararo suv xoʻjaligini muvofiqlashtirish komissiyasida, suvdan foydalanish boʻyicha hukumatlararo ishchi guruhlar doirasida izchil rivojlantiryapti.
Yana bir yangilik. 2026-yil 25-26-mart kunlari Toshkent shahrida suv resurslarini boshqarish va suv xavfsizligi masalalariga bagʻishlangan yirik xalqaro forum — “Tashkent Water Week — 2026” oʻtkaziladi. Forum Oʻzbekiston hukumati tashabbusi bilan tashkil etilmoqda va unda davlat organlari, xalqaro tashkilotlar, ilmiy muassasalar hamda biznes vakillari ishtirok etishi kutilyapti.
“Tashkent Water Week”ning markaziy tadbiri Xalqaro suv forumi hisoblanadi. Forum doirasida Markaziy Osiyoda suv xavfsizligi, transchegaraviy suv resurslarini boshqarish, iqlim oʻzgarishi va suv tanqisligi, suv infratuzilmasini modernizatsiyalash, innovatsion texnologiyalar va raqamlashtirish kabi masalalar muhokama qilinadi.
Shuningdek, forum doirasida suv va qishloq xoʻjaligi, gidroenergetika va resurslar balansi, innovatsiyalar va raqamli texnologiyalar, ilm-fan va taʼlim kabi 8 ta tematik sessiya, taqdimotlar, uchrashuvlar oʻtkazilishi rejalashtirilgan. Bu tadbir Markaziy Osiyoda suv resurslarini barqaror boshqarish, suv tanqisligi muammolari va innovatsion yechimlarni muhokama qilish uchun muhim mintaqaviy platforma boʻlib xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekiston Prezidentining suv sohasida nafaqat oʻz xalqi, balki mintaqa xalqlarining manfaatini koʻzlab xalqaro minbarlarda ilgari surayotgan tashabbuslari keng quloch yoyib, oʻz natijalarini bermoqda. Qoʻshni davlatlar umumiy boylik hisoblangan suvdan oqilona foydalanish, resurslarni samarali boshqarish va mintaqada suv tanqisligini kamaytirishdek ezgu maqsad yoʻlida bir yoqadan bosh chiqarib, ahillik bilan zimmalaridagi sharafli vazifalarini ado etayotgani buning tasdigʻidir.
Dilshod ULUGʻMURODOV,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri