Bildirilishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Asaka tumani bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan. Unda fuqaro Yu.T. «Beruniy» MFY hududidagi novvoyxonada tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlangan. Mazkur qonunbuzilish holati oqibatida 253,3 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi ma’lum bo‘lgan.

Shu kabi yana bir holat, Departamentning Buxoro shahri bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan. Unga ko‘ra, «A.P.» oilaviy korxonasi rahbari B.U. «Jo‘bor» MFY hududidagi fermasida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga devor orasidan plastik quvur orqali yashirincha ulanib, 218,1 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani fosh bo‘lgan.

Shuningdek, Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda Qo‘shkopir tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi mas’ul shaxslari umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib 182,9 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelgani aniqlangan.

Bundan tashqari, Departamentning Ohangaron shahri bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda ham «M.X.» MChJ rahbari T.K. MChJ mehmonxonasida umumiy foydalanishdagi tabiiy gaz tarmog‘iga tijorat maqsadida to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani ma’lum bo‘lgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur qonunbuzarlik oqibatida 176 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.