Qirguli qir-adirlari bilan tutashib ketgan Besholish dahasi quruvchi yoshlar bilan gavjum. Bir yonda quruvchilar beton qorishyapti, g'isht teryapti, boshqa tarafda yo'lsozlar asfalt yotqizishga hozirlik ko'ryapti, infratuzilma ob'ektlarida esa, mashina-mexanizmlarning harakati bir zum tinim bilmaydi.
Fursatdan foydalanib, quruvchi yoshlar brigadasi sardori Abbosjon Tojiboyevni suhbatga chorladik.
— Navbahor qishlog'idan bo'lamiz. Ish izlab o'zga yurtlarga borar edik. Uyimizdan olis bo'lmagan joyda bunyodkorliklar boshlanganini eshitib keldik. Shu kunga qadar kichik yoshlar zonasi hududining atrofiga devor tikladik. Endi ishlab chiqarish inshootlari qurishga kirishdik. Ishlarni tez va sifatli amalga oshirish uchun sharoitlar yetarli. Oyliklarimizni o'z vaqtida olyapmiz, issiq ovqat, kelib-ketish uchun transport bor.
Bu maydonlarda asrlar davomida yo'l, suv, elektr, tabiiy gaz ta'minoti og'ir muammolardan biri bo'lib kelgan. Bugun ushbu maskan manzarasi shiddat bilan o'zgarib bormoqda. Chunki, Toshloq tumanining mazkur hududida umumiy maydoni 17 gektarni tashkil etgan “Kelajak” yoshlar kichik sanoat zonasining binolari qad rostlayapti. Bu yerda tadbirkorlarga 10 sotixdan – 50 sotixgacha yer maydoni ajratilgan. Qiymati 45 milliard 893 million so'm bo'lgan loyihalar doirasida qurilish, mebel`, kalava ip, plastmassa mahsulotlari, oziq-ovqat, mevani qayta ishlash singari o'nlab korxonalar ishga tushadi, 634 ta yangi ish o'rni yaratiladi.
Yonimizga “Neksiya” avtomobili kelib to'xtadi. O'zini Bekzod Qodirov deb tanishtirgan yosh tadbirkor bilan kechgan suhbatimiz maroqli bo'ldi.
Avtomobil ehtiyot qismlari savdosi bilan shug'ullanib kelgan tadbirkor mustaqil ishlab chiqarish faoliyatini yo'lga qo'yishni maqsad qilgan. Uning taklifi tuman mutasaddilari tomonidan qo'llab-quvvatlandi, kichik sanoat zonasidan 10 sotix yer maydoni ajratib berildi.
— Ilgari bir qarich yer olish mushkul edi. Bo'lar ekan-ku, — deydi “Behruzbek Osiyo taraqqiyoti” oilaviy korxonasi rahbari. — Bu erda umumiy qiymati 2 milliard so'm bo'lgan loyihani amalga oshiryapmiz. Yangi tarmoqni shu yilning 4-choragida ishga tushiramiz, kuniga 5 tonnadan ortiq payvandlash uchun elektrodlar ishlab chiqarish imkoniyatiga ega bo'lamiz.
Toshloqlik Muhammadjon Mahmudov uy sharoitida inkubator ishlab chiqarish bilan shug'ullanadi. Tor joyda uning faoliyatini rivojlantirish, qo'shimcha ish o'rinlari yaratish imkoniyati yo'q edi. Tadbirkor o'z oilaviy biznesini kengaytirish yuzasidan taklif bildirdi. Unga yoshlar kichik zonasidan 10 sotix yer ajratib berildi.
— Bu yerda umumiy qiymati 1 milliard so'm bo'lgan sarmoya kirtib, 25 nafar “Yoshlar daftari”da bo'lgan ishsiz yigit-qizlarni ish bilan ta'minladik,— deydi tadbirkor. — Korxonamizda 10 ming dona tuxumdan jo'ja olish imkoniyatini beruvchi arzon va qulay inkubatoriyalar ishlab chiqariladi. Bu ishni yo'lga qo'yish uchun Xitoydagi turdosh korxonalarda ish o'rganib keldim. Mahalliy xomashyolardan tayyorlanayotgan 7 turdagi mahsulotimiz kam elektr energiya sarf qilgan holda, sog'lom jo'ja olishda qo'l keladi
Kichik sanoat zonasida infratuzilma tarmoqlari qurilishiga alohida e'tibor qaratilyotgani loyihalarni o'z vaqtida amalga oshirish, yangi mahsulot va ish o'rinlari yaratishda qo'l keladi.
— Har kuni quruvchi va loyiha tashabbuskorlari bilan muloqot qilib, muammolarni hamjihatlikda bartaraf etishga harakat qilyapmiz, — deydi Toshloq tumani investitsiya va tashqi savdo bo'limi boshlig'i o'rinbosari Ilxomjon Abdulazizov. — Shu kunga qadar 2 kilometrdan ortiq yuqori kuchlanishli elektr uzatmalari tortildi, yangi podstantsiya o'rnatildi. Yo'l, tabiiy gaz, suv tarmoqlarini qurish ishlari yakunlanib boryapti.
Kecha e'lon qilingan Prezidentimizning “Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo'llab-quvvatlash chora-tadbirlari to'g'risida” gi qarorida belgilangan vazifa va imtiyozlar yoshlarimizga ruhiy qanot, moliyaviy tayanch bo'ladi. Unga ko'ra, yangi tashkil etilgan Yosh tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlash jamg'armasiga 100 million AQSH dollari ajratilyapti. Bu mablag'lar aynan bizning zonamizda ustuvor bo'lgan zamonaviy ishlab chiqarishlarni barpo etish hamda xizmatlar ko'rsatish sohasidagi loyihalarni moliyalashtirishga yo'llanishi ko'rsatib qo'yilgan. Qarorda tijorat banklariga bunday loyihalarni moliyalashtirish uchun resurslar jamg'armaning mavjud mablag'lari doirasida, milliy valyutadagi kreditlar bo'yicha yillik 10 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlar bo'yicha yillik 2 foiz stavkalari bilan taqdim etilishi qayd etilgan. Milliy valyutadagi kreditlarni o'z marjasi miqdorini 4 foizdan oshirmasdan yillik 14 foiz, xorijiy valyutadagi kreditlarni – o'z marjasi miqdorini 1 foizdan oshirmasdan yillik foiz stavkasini 3 foiz miqdorida belgilagan holda ajratilishi tadbirkor yoshlarning tezda oyoqqa turib olishi va eksportni ko'zlab ish tutishiga imkoniyat yaratadi.
— Qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash kundalik faoliyatimizning asosiy yo'nalishiga aylanadi, —deydi Farg'ona viloyati hokimligi huzuridagi Kichik sanoat zonalarni boshqarish bo'yicha yagona direksiyasi rahbari Vahobjon Hoshimov. — Chunki, mazkur hujjatda biznes yuritish shart-sharoitlarini yanada yaxshilash, tadbirkorlikni izchil rivojlantirish, ishbilarmonlarni qo'llab-quvvatlash mexanizmlarini kengaytirish, ularni zarur moliyaviy va infratuzilmaviy resurslar bilan ta'minlash yo'llari aniq ko'rsatib berilgan. Xususan, tadbirkorlik sub'ektlariga bank kreditlari bo'yicha kompensatsiya va kafilliklar kredit shartnomalari sonidan qat'i nazar berilishi ko'zda tutilmoqda. Bunda, kompensatsiyalar taqdim etilayotgan kreditlarning umumiy summasi 10 milliard so'mgacha bo'lishi mumkin. Bu, ayniqsa, “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”dagilarga ish o'rinlari yaratishda juda asqotadi.
Belgilangan dasturlarga ko'ra, joriy yilning 2-chorak yakuni bilan viloyat hududidagi 18 ta “Yoshlar kichik sanoat zonasi”da jami 1 milliard 649 million so'mlik 74 ta loyiha ishga tushiriladi. 1649 dan ortiq ish o'rinlari yaratiladi.
Rasuljon KAMOLOV,
jurnalist