Bu ishonch, bu ragʻbat  ortida samimiyat va haqiqat borligini har birimiz oʻz faoliyatimizda koʻryapmiz. Men el-yurtga xizmat qilishga bel bogʻlagan, odamlarni ish bilan taʼminlab, oilalar farovonligiga hissa qoʻshishni maqsad qilgan mamlakatimiz tadbirkorlarining bir vakili sifatida oldimga yanada katta maqsadlarni qoʻydim.

Bir ayol sifatida oʻzimni baxtli his qilaman. Chunki, avvalo, yurtimiz tinch, oilalarimiz xotirjam, farzandlarim bagʻrimda. Qolaversa, qoʻlimda hunarim, ishim bor. Bir nechta yoʻnalishda tadbirkorlik qilib, shuning ortidan odamlarni ish bilan taʼminlayapman. Asosiysi, doim intilish, harakatdaman. Bular bari insonga faqat mamnunlik bagʻishlaydi.

Bugun ana shu quvonchim yanada ortdi. Davlatimiz rahbarining farmoni bilan bir guruh ishbilarmon, mamlakatimiz iqtisodiyotiga hissa qoʻshayotgan insonlar qatori men ham “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandim. Xushxabarni eshitib, chekka bir qishloqdagi ayolga boʻlgan eʼtibor, eʼtirofdan koʻnglim koʻtarildi. Yana qancha tadbirkor xotin-qiz mendek quvonayotganini tasavvur qilavering.

Oʻzim qishloq xoʻjaligi sohasida 2006-yildan buyon ishlab kelaman.  “Fermer xoʻjaligini tashkil etganimda, ishni meva-sabzavot, uzum yetishtirishdan boshlaganmiz. Hozir xoʻjaligimizda asalarichilik, baliqchilik, chorvachilik ham bor. Mineral suv va qogʻozni qayta ishlashni yoʻlga qoʻyganmiz. Xoʻjalikda 20 ta doimiy, 30 ta mavsumiy ishchi mehnat qiladi. Tarmoqlarning har biridan oladigan daromadimiz oʻziga yarasha. Ammo asosiy yoʻnalishimiz va daromadimiz uzumchilikdan. Fermer xoʻjaligidagi 76 gektar yer maydonining salkam 35 gektarida uzumzor tashkil etilgan.

Men istiqomat qiladigan Zarkent qishlogʻi azaldan uzumchilikda dong taratgan. Qishlogʻimiz aholisining 90 foizi mirishkor bogʻbonlar. Bu yerning tabiati, iqlimi, lalmi yerlari, qir-adirlari uzumchilik uchun qulay. Shu bois, bu yerda pishib yetiladigan uzumlar taʼmi, koʻrinishi bilan boshqa hududlarnikidan ajralib turadi. Parkent tumaniga kirib kelishingiz bilan qir-adirliklar, baland tepaliklar oralab yuraversangiz, yoʻl-yoʻlakay turli usulda parvarishlanayotgan uzumzorlarga koʻzingiz tushadi.

Bu yerliklar uzum yetishtirishda oʻziga xos tajribaga ega. Aksariyati, avloddan-avlodga oʻtib kelyapti. Men ham soha sir-asrorini qaynotam — mashhur bogʻbon ustozimiz Tojiboy Rizayevdan oʻzlashtirganman. Bugun ular asos solgan bogʻ-rogʻlarda mehnat qilib, tajribalarni yoshlarga, kelajak avlodga oʻrgatyapmiz. Masalan, uzum hosili terib olingach, boshqa hududlardagi kabi tok yerga koʻmilmaydi. Bizda biroz boshqacharoq, tok novdalari yerga yotqizilib, oʻzining barglari bilan yopiladi. Zarkentliklarning aksariyati tokni shu usulda qishdan omon saqlaydi. Oʻtgan yili Agrar soha ayollari uyushmasi aʼzosi sifatida Navoiy viloyatiga borib, oʻz tajribamni ularga oʻrgatib keldim. Bajarilishi lozim boʻlgan agrotexnik tadbirlarni koʻrsatib berdim. Bunday tajribalarni boshqa hududlarda ham ommalashtirishga harakat qilyapmiz.

Umuman, qaysi soha boʻlmasin, uni yaxshi bilgan, tushunib ish qilgan tadbirkor doim natijaga erishadi, daromad topadi. Xoʻjaligimizda mayizbop kishmish, eksportbop pushti toyipi, sugʻdiyona, rizamat hamda vinobop uzumlar yetishtiriladi. Oʻtgan yili ichki bozorga 200 tonna, eksportga 300 tonna mahsulot chiqardik. Bu yilgi hosildorlik ham yaxshi, hozirgacha 80 tonna uzum terdik. Qoʻshni davlatlarga muntazam eksport qilib kelyapmiz.

Hosil oxirida uzumning bir qismini xonadonimizda ota-bobolarimizdan qolgan soyaki usulda quritamiz. Har yili 10—12 tonna uzum quritib, mayiz qilamiz. Qizigʻi, quyosh kerak boʻlmaydi, salqin joyda quritiladi. Mayizlar 2,5–3 oyda tayyor boʻladi. 3 kilogramm kishmishdan oʻrtacha 1 kilo mayiz olinadi.

Koʻpchilik tadbirkorlikning daromadiga qiziqadi, ammo mehnat qilmasdan turib, natija kutish — xato. Asosiysi, hozir ayollarimiz hamma ishlardan ortib, ilm olishga, tadbirkorlik qilishga, oʻziga qarab, dam olishga ham vaqt topyapti. Chunki bunga sharoit, imkoniyatlar bor. Koʻnglimiz xotirjam ishlaymiz, boshqalarga ham yordam berishga harakat qilamiz. Oilalar farovon, dasturxonlar toʻkin, odamlar xursand boʻlsa, biz bundan ikki karra quvonamiz.

Gavhar RIZAYEVA,

Parkent tumanidagi “Zarkent Gavhari” fermer xoʻjaligi rahbari,

 “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibasi