Tadbirkorlar tomonidan oʻrnatilgan radarlar toʻgʻri ishlayaptimi?

    Transport 24 Avgust 2023 3112

    Shu kunlarda tadbirkorlik subyektlari tomonidan oʻrnatilgan yoʻl qoidabuzarliklarini qayd etuvchi kameralardagi kamchiliklar hamda noinsof tadbirkorlik faoliyati haqidagi gumonlar jamoatchilikni tashvishlantirib kelyapti.

    Shu munosabat bilan, IIV Yoʻl harakati xavfsizligi xizmatini tezkorlik bilan quyidagi choralarni koʻrishga chaqiramiz:

    Birinchidan, mazkur tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan barcha subyektlarning soʻnggi haftalardagi qaydnomalarini taftish qilish va huquqiy baho berish choralarini koʻrish;

    ikkinchidan, taftish natijasida noinsof tadbirkorlik yoʻli bilan undirilgan jarimalar aniqlangan taqdirda, ularni bekor qilish va haydovchilarga toʻlovlarni tadbirkorlar hisobidan qaytarish;

    uchinchidan, tadbirkorlik subyektlarining nazorat-kameralari orqali qayd qilinayotgan jarimalarni nazorat tartibida doimiy tekshirish amaliyotini joriy etish;

    toʻrtinchidan, fuqarolarning adolatsiz jarimalar ustidan shikoyat qilishdagi ovoragarchilikdan asrash maqsadida, qaydnomalarga onlayn shikoyat berish imkoniyatini yaratish;

    beshinchidan, barcha lokatsiyalardagi radar oʻrnatilganligi toʻgʻrisidagi belgilar yonida cheklangan tezlikni aks ettiruvchi belgilarni oʻrnatishni majburiy qilish;

    Shuningdek, bu boradagi faoliyat yuzasidan jamoatchilikka muntazam ravishda axborot berib borish amaliyotini yoʻlga qoʻyish maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz.

    Bobur Bekmurodov,

    “Yuksalish” umummilliy harakati raisi.