Tadbirkorlar uchun yagona huquqiy manba

    Ayni paytda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari soni 3000 taga yaqin boʻlib, ular muayyan turdagi normativ–huquqiy tamoillar oʻrtasida ziddiyatlarni keltirib chiqaradigan jihatlarga ham ega.

    Qonunchilik hujjati tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishida muhim omil hisoblanadi. Chunki, har bir tadbirkor oʻz faoliyatini boshlash, olib borish va kutilgan samaraga erishishida, turli munosabatlarga kirishishda maʼlum tartib hamda qoidalarga rioya qilishi zarur.

    Adliya vazirligi tomonidan tayyorlangan Tadbirkorlik kodeksi loyihasi ishlab chiqib, hozirda jamoatchilik muhokamasida boʻlib turibdi. Maʼdumki, kodeks muayyan huquq (qonunchilik) sohasidagi normativ majmuani ifodalovchi, jamlovchi qonuniy hujjat hisoblanadi. Uni tayyorlash jarayonida tarmoqdagi huquqiy normalar, turli darajadagi normativ-huquqiy hujjatlar tahlil qilinadi, qayta ishlanadi, ixchamlashtiriladi va takomillashtiriladi.

    Tadbirkorlar uchun tizimlashtirilgan huquqiy majmua zarur ekan, uni ishlab chiqishda qanday omillarga tayanildi? Adliya vaziri oʻrinbosari Alisher KARIMOV bilan suhbatimiz ana shunday savol bilan boshlandi.

    — Taʼkidlash joizki, tadbirkorlikning rivojlanishidan davlat va jamiyat ham manfaatdor. Yaʼni, tadbirkor qancha oʻssa va foyda koʻrsa, mamlakatga shuncha koʻp investitsiya kiritadi va uning iqtisodiyoti taraqqiy etishiga, yangi ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qiladi, — dedi Alisher Karimov. — Ayni paytda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va ularning soni 3000 taga yaqin boʻlib, ular muayyan turdagi normativ–huquqiy tamoillar oʻrtasidagi qarama-qarshilik va ziddiyatlarni keltirib chiqaradigan jihatlarga ham ega. Qolaversa, tadbirkorga noqulaylik tugʻdiradi, vaqtini oladi va ortiqcha resurslar sarflashni taqozo etadi.

    Hujjatlarni tizimlashtirishdan asosiy maqsad esa, sohadagi eng asosiy qonunlarni birlashtirish va tadbirkorlikning fundamental huquqiy ustunlarini belgilab olish hisoblanadi.Tabiiyki, kodeks kuchga kirgandan soʻng ham tadbirkorlik yoʻnalishidagi qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi davom etadi. Biroq, ularning barchasi undagi fundamental qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim.

    Zamon shiddat bilan taraqqiy etib boryapti. Uning talabidan kelib chiqib sohadagi boʻshliqlarni bartaraf etish zarurati yuzaga kelyapti. Chunki, yangi ijtimoiy munosabatlar huquqiy jihatdan toʻliq tartibga solishni taqozo etadi. Masalan, “oʻrta biznes” mezonlari, ijtimoiy tadbirkorlik, innovatsion tadbirkorlik, biznes-inkubatorlar va boshqalar.

    Tartibga solinmagan munosabatlar amaliyotda tushunmovchiliklar va zararni keltirib chiqarishi mumkin.

    Kodeks loyihasi Prezidentimizning 2018-yil 8-avgustdagi “Norma ijodkorligi faoliyatini takomillashtirish konsepsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi, 2020yil 19-maydagi “Davlat huquqiy siyosatini amalga oshirishda adliya organlari va muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi farmonlari, 2021-yilga moʻljallangan davlat dasturi va topshiriqlari asosida ishlab chiqildi.

    Hozirda Germaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Polsha, Meksika, Estoniya, AQSH, Turkiya, Yaponiya, Qozogʻiston
    va Ukrainada tijorat (tadbirkorlik) kodekslari mavjud. Loyihani tayyorlashda ushbu mamlakatlarning sohaga oid qonunchilik tajribasi oʻrganildi, shuningdek milliy qonunchiligimizning ushbu yoʻnalishdagi ijobiy jihatlari saqlanib qolindi.

    Kodeks loyihasida tartibga solinayotgan eng asosiy masalalar qaysi jihatlari bilan ahamiyatli va qanday fundamental tamoillarni oʻzida mujassamlashtiradi?

    — Kodeks loyihasi 8 ta boʻlim, 34 ta bob va 385 ta moddadan iborat boʻlib, tadbirkorlik faoliyatini tashkil etishdan boshlab uni tugatishgacha boʻlgan barcha jarayonlarni tartibga solishga qaratilgan. Bunda tadbirkorlik sohasini tartibga soluvchi yaxlit 9 ta amaldagi qonun va 2 ta yangi qonun loyihasi, 10 dan ortiq qonunosti hujjatlari birlashtirilmoqda.

    Ilgʻor xorijiy davlatlar tajribasiga asosan, tadbirkorlik subyektlari kichik, oʻrta va yirik toifalarga ajratilmoqda (amalda faqat kichik tadbirkorlik subektlari va yirik soliq toʻlovchilar tushunchalari mavjud). Ularning toifalarga ajratish davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash va rasmiy statistika maʼlumotlarini shakllantirish maqsadida amalga oshiriladi.

    5 nafar xodim bilan faoliyat koʻrsatsa, yakka tartibdagi tadbirkor; 20 nafar xodimi, yillik aylanmasi BHMning 18 ming baravarigacha boʻlsa — mikrofirma; 100 nafargacha xodim ishlab, yillik aylanmasi BHMning 90 ming baravaridan oshmasa — kichik; 250 nafargacha xodimdan iborat, yillik aylanmasi BHMning 450 ming baravaridan ortiq boʻlmasa — oʻrta; 250 nafar xodimdan va yillik aylanmasi BHMning 450 ming baravaridan ziyod tadbirkorlik subyektlar yirik korxona hisoblanmoqda.

    Tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shakllari bazasi ixchamlashtirilib, biznes ichida ommabop boʻlmagan “xoʻjalik shirkati” tashkiliy-huquqiy shakli bekor qilinmoqda (Hozirda yurtimizdav 68 ta xoʻjalik shirkati mavjud).

    Yakka tartibdagi tadbirkorlar shugʻullanishi mumkin boʻlmagan faoliyat turlarini belgilagan holda, ularga qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish huquqi berilmoqda (Hozirda ular 88 ta faoliyat turi bilan shugʻullanishi mumkin).

    43 ta davlat organining nazorat funksiyalari va Biznes-ombudsmanni xabardor etish tartibida oʻtkaziladigan 18 turdagi tekshiruvlar roʻyxatlari mazkur kodeksga ilova sifatida tasdiqlanmoqda. Roʻyxatga kiritilmagan barcha tekshiruvlar Biznes-ombudsman bilan kelishilgan tartibda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

    Davlat nazoratining 4 ta shakli boʻlib (statistika
    va boshqa axborotlarni tahlil qilish, monitoring, profilaktik tadbirlar, tekshiruv), shundan faqat maʼlumotlarni tahlil qilish va tekshiruvda aniqlangan qoidabuzarliklar yuzasidan tadbirkorga nisbatan huquqiy taʼsir chorasi qoʻllanilishi ilgari surilmoqda. Bunda:

    –moliyaviy sanksiyalar sud tomonidan qoʻllaniladi (bundan soliqqa tortish va bank sohalaridagi sanksiyalar mustasno);

    – bir xil turdagi huquqbuzarlik uchun tadbirkorlik subyektiga moliyaviy sanksiya va uning mansabdor shaxsiga maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan hollarda, faqat moliyaviy sanksiya qoʻllaniladi (Masalan, hozirda soliq organining inkasso topshiriqnomasini bajarmaslik MJtKning 175-moddasiga asosan, tadbirkorlik subyektining mansabdor shaxsini maʼmuriy javobgarlikka tortishga va Soliq kodeksining 228-moddasiga koʻra, yuridik shaxsga nisbatan moliyaviy sanksiya qoʻllashga asos boʻladi):

    – birinchi marta huquqbuzarliklar sodir etgan tadbirkorlik subyektlari ushbu qonunbuzilishni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmani bajargan, shuningdek, yetkazilgan zararni qoplagan taqdirda, ularga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllanilmaydi;

    – barcha talablarni oʻz ichiga olgan Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar reyestri hamda tadbirkorlik subyektlari uchun imtiyozlarning yagona reyestrini shakllantirish va oshkor etish nazarda tutilmoqda. Majburiy talablar reyestriga kiritilmagan talablar boʻyicha javobgarlik belgilash taqiqlanmoqda (Mazkur reyestr elektron koʻrinishda internetga joylashtiriladi va hamma uchun ochiq boʻladi);

    – qoʻshimcha majburiyatlarni yuklashni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlarga qabul qilingandan keyin bir yil davomida oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taqiqlanadi (yengillashtiruvchi normalardan tashqari).

    Ushbu normalarning hayotga amalda tatbiq etilishi tadbirkorlik subyektlariga haqiqiy adolatli iqtisodiy va moliyaviy erkinlikni taqdim etadi. Bunday erkinlikning huquqiy asoslari esa faqatgina qonun darajasida va albatta, Tadbirkorlik kodeksida belgilab qoʻyilgan boʻladi.

    Kodeks loyihasida davlat korxonalariga raqobatni cheklovchi toʻgʻridan-toʻgʻri soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyoz va preferensiyalar berish taqiqlanmoqda. Mamlakatimizda tadbirkorlikni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga katta eʼtibor berilishini inobatga olsak, ragʻbat masalalari qanday hal etiladi?

    — Kodeks loyihasida tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat subsidiyalarini joriy etishning quyidagi tartibi belgilanmoqda:

    • subsidiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori bilan joriy etiladi, tartib-taomillari – Hukumat tomonidan belgilanadi;
    • subsidiyalarning asosiy yoʻnalishlari belgilanadi va ular “yagona darcha” prinsipi asosida Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ajratiladi;
    • Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Osiyo taraqqiyot bankining takliflari va xalqaro standartlarga (IWA 34:2021 – Womenʻs entrepreneurship) muvofiq ayollar va yoshlar tadbirkorligi hamda ularni qoʻllab-quvvatlash tizimi (alohida dasturlar asosida) joriy etilmoqda;
    • ijtimoiy tadbirkorlik, ijtimoiy korxona, aholining ijtimoiy ehtiyojmand qatlamlari roʻyxati va ularni, jumladan nogironligi boʻlgan shaxslarni qoʻllab-quvvatlashning mexanizmlari belgilanmoqda (Bu borada xorijiy tajribaga nazar tashlanganda, Polsha, Koreya Respublikasi, Malayziya, Italiya, Buyuk Britaniya, AQSHda ijtimoiy tadbirkorlikning huquqiy asoslari alohida qonunlar bilan tartibga solinadi, Qozogʻistonda Tadbirkorlik kodeksiga kiritilgan);
    • biznes-inkubatorlarning huquqiy maqomi, maqsad va vazifalari belgilanmoqda.

    Tadbirkorlik kodeksining qabul qilinishi tarqoq holda boʻlgan qonunchilik hujjatlarini yagona hujjatga birlashtirish, tadbirkorlik sohasidagi qonunchilik hujjatlarini barqarorlashtirish, davlatning tadbirkorlik sohasiga aralashuvini kamaytirish, shuningdek, tadbirkorlik huquqi sohasida yagona yondashuvni belgilashga xizmat qiladi

    Loyihani muhokama qilish jarayoni qanday kechmoqda?

    — Hozirda loyiha keng jamoatchilik muhokamasi uchun Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga joylashtirilgan. Unga bildirilgan taklif-tavsiyalarni toʻplash maqsadida “Tadbirkorlik kodeksi loyihasiga takliflar” telegram boti yaratilgan boʻlib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan. Uning muhokamaga qoʻyilishiga qisqa vaqtboʻlishiga qaramasdan jamoatchilik muhokamasi portali va ushbu telegram bot orqali 250 dan ortiq takliflar kelib tushgan.

    Ushbu takliflarda asosan sohani qoʻllab-quvvatlash borasida va tadbirkorlarning amaliyotda duch kelayotgan muammolari toʻgʻrisidagi shikoyatlar kuzatilmoqda. Shuni inobatga olish lozimki, Adliya vazirligida vazir boshchiligida maxsus ishchi guruh tuzilgan boʻlib, har bir taklif atroflicha oʻrganib chiqilishi taʼminlanadi.

    Shu oʻrinda fuqarolarimiz, tadbirkorlik subyektlari vakillari olim-tadqiqotchilarimizdan kodeks loyihasining muhokamasida faol ishtirok etishlarini soʻrab qolamiz.

    “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi muxbiri

    Abdurauf QORJOVOV suhbatlashdi