Unda Adliya vazirligi, Oliy Majlis palatalari, Prezident Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, 20 dan ortiq xalqaro va milliy ekspertlar, ilmiy hamjamiyat, 100 dan ortiq oʻrta va yirik biznes vakillari ishtirok etmoqda.
Xalqaro konferensiyada ushbu sohadagi ayrim raqamlarga ham toʻxtalindi. Misol uchun, oʻtgan bir yil davomida biznes muhitini yaxshilash va tadbirkorlikni qoʻllab quvvatlashga qaratilgan birgina Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 70 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi. Natijada, soliq va maʼmuriy yukning kamaytirilishi, shuningdek qoʻshimcha imtiyoz va kafolatlarning taqdim etilishi evaziga tushumlari 1 million dollardan oshgan tadbirkorlik subyektlari soni 5 mingtaga ortdi, yana ming nafar tadbirkorlar tovar aylanmasini 1 milliondan 10 million dollargacha yetkazdi. Shuningdek, 220 nafar tadbirkorning tushumlari 100 million dollarga yetib, umumiy eksport hajmi 30 foizga koʻpaydi.
Bugungi kunda, 60 mingdan ortiq normativ-huquqiy hujjatlarda, 40 mingdan ortiq texnik hujjatlarda tadbirkorlar tomonidan bajarilishi majburiy boʻlgan talablar mavjud.Ushbu talablar ichida oʻzining ahamiyatini yoʻqotgan, samaradorligi mavjud boʻlmagan va albatta tadbirkorga ortiqcha xarajatlariga olib kelayotgan talablar soni juda koʻpni tashkil etadi. Mazkur talablarning zarurati, asosliligi va dolzarbligi qayta koʻrib chiqilib, ularni 2025-yilga qadar 30 foizga qisqartirish yuzasidan ishlarini boshlangan.
Xalqaro anjumanda qayd etilishicha, hozirda tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari tarqoq holda va nihoyatda koʻp – 5000 ga yaqin. Kodeks qabul qilinishi ushbu hujjatlarni bitta kompakt manbaga birlashtiradi. Biroq, bu ularning toʻgʻridan-toʻgʻri birlashtirilishini anglatmaydi. Tizimlashtirishdan asosiy maqsad sohadagi eng asosiy qonunlarni birlashtirish va tadbirkorlikning fundamental huquqiy ustunlarini belgilab olish hisoblanadi. Albatta, Kodeks qabul qilinganidan soʻng ham tadbirkorlik yoʻnalishidagi qonunosti hujjatlarining qabul qilinishi davom etadi tabiiy. Biroq, ularning barchasi Kodeksdagi fundamental qoidalarga muvofiq boʻlishi lozim.