Taekvondochilarimizning zafarli yurishi davom etyapti

    Bugun Bokuda davom etayotgan taekvondo WT boʻyicha jahon chempionatining uchinchi kun bellashuvlari boʻlib oʻtdi.

    Unda erkaklar -80 va -87 kilogramm, ayollar -49 kilogramm vazn toifalarida gʻoliblik uchun dayanga chiqishdi.

    Jumladan, yurtdoshlarimizdan -80 kilogramm vazn toifasida Shuhrat Salayev eronlik Mehran Barxordarini ikki raundda magʻlubiyatga uchratdi. Qayd etish joiz, bu bilan Salayev Barxordaridan oʻtgan yilgi magʻlubiyat uchun munosib revansh oldi.

    -87 kilogrammda esa polshalik Karol Robakka qarshi bahs olib borgan Nikita Rafalovich ham gʻalabaga erishib, uchinchi davraga yoʻl oldi. Eslatib oʻtamiz, Rafalovich reytingdagi yuqori oʻrni sabab birinchi davradan erkin oʻtgan edi.

    Bundan oldin esa - 49 kilogramm vazn toifasida munosib ishtirok etayotgan Madinabonu Mannopova ikkinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi. Tunislik Ikram Dxaxri bilan jang qilgan yurtdoshimiz 8:1, 3:0 hisoblarida ustun kelib, uchinchi davraga yoʻl oldi.

    Afsuski, Shuhrat Salayev mazkur chempionatdagi ishtirokini 1/8 final bosqichida toʻxtatdi. Janubiy koreyalik amaldagi jahon chempioni Park Vu-Xeok hamyurtimiz bilan kechgan jangda raundlar boʻyicha 2:0 hisobida gʻalaba qozonib, keyingi davraga yoʻl oldi.