Davlatimiz rahbari bu borada Oʻzbekistondagi imkoniyatlar tahliliga ham toʻxtaldi. Taʼkidlanganidek, xoʻraki uzum boʻyicha eksport salohiyatimiz kamida 600 million dollar, mayiz 500 million dollar va tabiiy vino 100 million dollarga teng. Yevropada 800 million, Xitoyda 600 million, Rossiyada 300 million, Hindistonda 250 million dollarlik eksport bozori mavjud.

Tahlilchilar fikricha, 1 gektar xoʻraki uzum yetishtirish uchun oʻrtacha 100 million soʻm xarajat qilib, 4 yildan keyin yiliga 250 million soʻm sof foyda olsa boʻladi. Shuningdek, uzum danagidan olinadigan 1 kilogramm yogʻning jahon bozoridagi narxi 10-15 dollar boʻlib, bizda 1 yilda 1,5 ming tonna yogʻ ishlab chiqarish imkoniyati mavjud.

Yana bir tahlil. 1 gektar gʻalla maydonida 2 kishi band boʻlib, koʻpi bilan 20 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilsa, uzumchilikda, ayniqsa, shpaler usulida 10 nafargacha aholini doimiy va mavsumiy band qilish va 300 million soʻmlik mahsulot ishlab chiqarib, oʻrtacha 25 ming dollarlik eksport qilish mumkin. Bundan tashqari, uzum koʻchati 4-5 yillik boʻlgunicha oraliq ekin ekish orqali yana millionlab soʻm daromad koʻrish mumkin.

Yigʻilishda uzumchilik sohasida yillar davomida toʻplangan tajriba yildan yilga yoʻqolib borayotgani tanqidiy baholandi.

Maʼlum boʻlishicha, ayrim hududlarda yirik tokzorlar maydoni keyingi yillarda 7 ming gektarga kamaygan. Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Jizzax va Fargʻona viloyatlarida esa aksincha, tokzorlar maydoni koʻpaygan.