Davlatimiz rahbari xalq bilan muloqot qilib, uning fikrini olib, Asosiy qonunimizni takomillashtirishga oʻz hissasini qoʻshgan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolariga, barcha deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar vakillariga, qonun loyihasini xalqaro standartlar asosida ishlab chiqishda faol ishtirok etgan olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarga, referendum jarayonlarini haqqoniy yoritib, oʻzining xolis fikrlarini bildirgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga, xalqaro kuzatuvchilarga alohida tashakkurlar aytdi.
Prezidentimiz koʻpni koʻrgan, hayot maʼnosini, tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan el-yurtimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqlaganini taʼkidladi.
"Qadim tariximizdan kelib chiqqan holda, ota-bobolarimizga xos ezgu qadriyatlarni roʻyobga chiqarish, yaʼni inson qadrini ulugʻlash, uning huquq va manfaatlarini taʼminlash, odamlarimiz bilan bamaslahat ish koʻrish – biz uchun chinakam demokratiya namunasidir.
Xalqimizda “Birdamlik bor joyda ildamlik bor”, degan dono naql bejiz aytilmagan.
Chindan ham, oʻzaro ahillik va hamjihatlik boʻlgan yurtda albatta qut-baraka, taraqqiyot boʻladi.
Takror va takror aytaman: bizning eng katta boyligimiz – Oʻzbekistonni oʻzi uchun yagona Vatan deb biladigan koʻp millatli buyuk xalqimizdir.
Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo doʻstlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimiz ekanini har doim yodda tutishimiz lozim” – dedi Prezident.