Uchrashuvda qayd etilgan fikrlar va amaliy chora-tadbirlar zamirida respublikamiz taraqqiyoti markazida yoshlar turganini yana bir bor tasdiqladi. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning iqtidori va tashabbuslarini roʻyobga chiqarish uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ertangi kunga boʻlgan ishonchni yanada mustahkamlaydi.
Prezidentimizning “...Keyingi yillarda iqtisodiyotimiz tez surʼatlar bilan oʻsib, barcha sohalarda imkoniyatlarimiz ortib borayotganida, hech shubhasiz, siz yoshlarning ham munosib hissangiz bor. Bilagida kuch-gʻayrat, har bir harakatida azmu shijoat joʻsh urgan yigitlarimizni, bilim va odobda, aql-zakovatda tengsiz qizlarimizni koʻrib, har qanday xalq, har qanday davlat bizga havas qilsa arziydi”, degan taʼkidida har bir yoshga nisbatan bildirilgan eʼtirof va ishonch yarq etib koʻzga tashlanadi. Chunki yoshlar — bugungi taraqqiyotning, ertangi muvaffaqiyatning asosiy tayanchi.
Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, mamlakatimizda yangi islohotlar boshlangan ilk kunlardanoq “ilm – tarbiya – innovatsiya” zanjirini yaratishga alohida eʼtibor qaratildi. Bu uch muhim yoʻnalish bir biriga bogʻliq va izchillikda amalga oshirilayotgani aniq natija bermoqda. Yoshlarimiz dunyodagi nufuzli oliygohlarda taʼlim olishda jiddiy yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, bugungi kunda 30 nafar yigit-qizlar TOP-10, 500 nafari TOP-100 va 1500 nafardan ortigʻi TOP-300 talik oliygohlarda tahsil olmoqda. Bu tarixiy oʻzgarishlar nafaqat shaxsiy muvaffaqiyat, balki mamlakat intellektual salohiyatining yuksalib borayotganidan darak beradi. Shuningdek, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi faoliyatini takomillashtirish kabi tashabbuslar taʼlim sohasidagi milliy dasturlar samarasini koʻrsatib turibdi. “Taʼlim – kelajak sarmoyasi” hozirgi real islohotlar manbaiga aylandi.
Iqtisodiyotimiz rivojida yosh tadbirkorlarning oʻrni tobora ortib borayotir. “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam” va “Mening kasbim” kabi dasturlar navqiron avlod vakillarini ish bilan taʼminlash, ularga oʻz iqtidorini namoyon qilish imkonini berdi desak mubolagʻa boʻlmaydi. Bunda tadbirkorlikning ijtimoiy funksiyasi — yoshlarga yoʻl koʻrsatish, ustozlik qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Chindan ham, oxirgi yillarda taʼlim, fan, sport, madaniyat, innovatsiya va tadbirkorlik sohalarida yoshlarning faol ishtiroki mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy omili boʻlib xizmat qilmoqda. Ayniqsa, Prezidentimizning “Birinchi va Ikkinchi Renessansni buyuk alloma va mutafakkirlarimiz yaratgan boʻlsa, bugun tarix navbatni sizlarga bermoqda", degan yuksak eʼtirofi katta maʼnaviy va mafkuraviy yukka ega. “Sizlar yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz”, degan ishonch esa har bir yoshga alohida kuch-gʻayrat va ilhom bagʻishlaydi. Bu soʻzlar eʼtirofgina emas, shu bilan birga harakatga, izlanishga, yuksalishga daʼvatdir.
Bugungi dunyo murakkab, ziddiyatli va xavf-xatarlarga toʻla. Ana shunday vaziyatda tinchlik, inson qadri va adolat har qanday jamiyatning eng oliy qadriyati sifatida yanada muhim ahamiyat kasb etmoqda. Har qanday davlatning kelajagi yosh avlodning bilimli, salohiyatli va raqobatbardosh boʻlishiga bogʻliq. Shu maʼnoda, Oʻzbekistonda sifatli taʼlim olish, xorijiy tillarni oʻrganish, zamonaviy kasb va hunarlarni egallash uchun maktab va kollejlarda taʼlim standartlari yangilanayotgani, oliy taʼlim tizimi dunyo tajribasiga uygʻun ravishda faoliyat yuritayotgani, xalqaro taʼlim dasturlari tobora kengayayotgani eʼtiborga molik.
Eng muhimi, yoshlarning hayotda munosib oʻrin topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilmoqda. Bu ularni nafaqat oʻqitish, mustaqil fikrlaydigan, jamiyatda oʻz oʻrniga ega boʻlgan shaxslar sifatida ham kamol toptirish demak. Taʼlim olish, kasb egallash, til oʻrganish, doimiy rivojlanish bugungi yoshlar uchun faqat tanlov emas, balki ijtimoiy zaruratdir.
Ilm va iqtisodiyot bilan bir qatorda, yoshlarning maʼnaviy dunyoqarashi, madaniy salohiyati va ijodiy qobiliyatiga ham alohida eʼtibor berilyapti. “Yosh kitobxon”, “Iqtidor ansambli”, “Jadidlar izidan” kabi tanlovlar, “Turon” teatri faoliyati, 400 mingdan ziyod oʻquvchini qamrab olgan ijodiy dasturlar bu sohada ham tub burilishlar boʻlayotganidan dalolat beradi. Bunday ishlar yoshlarni milliy oʻzlik, tarix va madaniyatga ehtirom, jamiyatda faol pozitsiya egallashga undaydi. Axborot makonida zararli taʼsirlardan asrash maqsadida Bolalar kontentini rivojlantirish markazining tashkil etilishi bu yoʻnalishdagi amaliy qadamlarning muhim namunasi sanaladi.
Oʻzbekiston BMTning “Yoshlar – 2030” strategiyasini amalga oshirayotgan yetakchi davlatlar qatoriga kirgani, Yoshlar taraqqiyot indeksida esa eng tez oʻsish surʼatiga ega davlat sifatida qayd etilishi mazkur yoʻnalishdagi islohotlarning jahon hamjamiyati tomonidan tan olinganini tasdiqlaydi.
Yoshlar kuni munosabati bilan Prezidentimiz tomonidan yurtimizning tashabbuskor yoshlari qatorida Buxoro davlat pedagogika instituti birinchi bosqich talabasi Ruxshona Dehqonova “Kelajak bunyodkori” medali bilan mukofotlandi. Shu kuni institutimizning jismoniy madaniyat fakulteti hududida yangidan barpo etilgan gandbol, voleybol, mini-futbol sport maydonchalari hamda rekonstruksiya qilingan yengil atletika yugurish yoʻlakchasi yoshlarimiz ixtiyoriga topshirildi.
2024–2025 oʻquv yili davomida 1000 dan ortiq maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari, “Yil talabasi”, “Talant shou” “Maʼrifat maydoni”, “Islohotlar bilimdoni”, Talabalar teatr studiyasi, “Zukko kitobxon”, “Zakovat” intellektual oʻyinlari, “Kitob mening doʻstim” “Rektor kubogi”, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Talabalar ligasi” kabi sport musobaqalari va tanlovlar oʻtkazildi.
Azmu shijoat, sogʻlom dunyoqarash, baxtu iqbol nafaqat yoshlarning, shu bilan birga ota-ona, ustoz, murabbiy va butun millatning yutugʻi sifatida baholanishi chuqur maʼnaviy va ijtimoiy mazmunga ega. Zero, yuksak natijaga erishgan kelajak avlod vakili ortida unga ishongan va yoʻl koʻrsatgan yoshi ulugʻlarning mehnati, duosi va mashaqqati bor.
Ayniqsa, shaxsan davlat rahbarining ilgʻor, tashabbuskor yoshlar bilan muloqot qilib, ularning taklif va gʻoyalarini tinglashi, Oʻzbekistonda yoshlar faqat ijrochi emas, balki qarorlar qabul qilinishida ishtirok etuvchi faol jamiyat aʼzosiga aylanayotganini anglatadi. Bu esa “Yoshlar – mamlakat kelajagi” degan gʻoyaning amaliy ifodasidir.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugun “tarix navbatni yoshlarga bermoqda”. Bu soʻzlar ortida ulkan masʼuliyat, katta imkoniyat va yuksak ishonch yotadi. Ularning bilimi, salohiyati va fidoyiligi mamlakatimiz taraqqiyotida hal qiluvchi kuchga aylanmoqda. Zotan, bilim, mehnat, ijod va tashabbus bilan oʻz taqdirini oʻzlari belgilayotgan, jamiyatdagi islohotlarning real ijrochisi boʻlayotgan bugungi avlod yangi Oʻzbekiston poydevorini quruvchi haqiqiy bunyodkorlardir.
Bahodir MAʼMUROV,
pedagogika fanlari doktori,
professor
Hamkorlik materiali








