Taʼlim inspeksiyasi va Rossiya Taʼlim va fan sohasida federal nazorat xizmati oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida memorandum imzolandi

    Xalqaro hamkorlik 23 Iyun 2021 586

    Joriy yilning 22-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi Rossiya Federatsiyasiga tashrif buyurdi.

    Tashrif dasturiga muvofiq, Moskva shahrida Oʻzbekiston va Rossiya Hukumatlari rahbarlari darajasidagi Qoʻshma komissiyaning navbatdagi ikkinchi yigʻilishi oʻtkazildi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov va Rossiya Federatsiyasi bosh vaziri Mixail Mishustin ishtirokida oʻtgan yigʻilishda Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi va Rossiyaning Taʼlim va fan sohasida federal nazorat xizmati oʻrtasida taʼlim sohasidagi hamkorlik toʻgʻrisidagi memorandum imzolandi. Memorandumga Oʻzbekiston tomonidan Taʼlim inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Tashkenbayev, Rossiya tomonidan Taʼlim va fan sohasida federal nazorat xizmati rahbari Anzor Muzayev imzo chekdi.

    Mazkur hujjatga binoan tomonlar taʼlim sifatini baholash, taʼlim tizimini monitoring qilish sohasida teng huquqli hamkorlikni rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdorligini hisobga olib, taʼlim sifatini oshirishni koʻzlab oʻzaro anglashuvga kelishgan. Tomonlar ushbu hamkorlikka uzoq muddatli va konstruktiv tus berishga harakat qiladilar.

    Ushbu memorandum doirasida mamlakatlar oʻrtasida taʼlim sohasidagi faoliyatni tartibga soluvchi qonunchilik va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar, rivojlanish va rejalashtirish boʻyicha toʻplangan tajribalar, ilmiy tadqiqotlar va ilmiy-amaliy ishlanmalarni rivojlantirishga doir axborotlarni almashish, taʼlimning barcha darajalari boʻyicha taʼlim sifatini baholash sohasida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirish, taʼlim tizimlarini oʻzaro oʻrganish, shu jumladan taʼlim sifatini baholash tizimlarini qiyosiy tahlil qilish koʻzda tutilgan.

    Shuningdek, Tomonlar oʻzaro manfaatlaridan kelib chiqib, taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro dasturlarda ikki mamlakat mutaxassislarining ishtirokini qoʻllab-quvvatlaydi.

    Mazkur kelishuv doirasida, xalqaro mavzuiy forumlar, konferensiyalar, uchrashuvlar, seminarlar va koʻrgazmalar tashkil etish hamda taʼlim sifatini baholash muammolari boʻyicha ilmiy-uslubiy, axborot materiallar almashish koʻzda tutilgan.

    Qayd etish lozimki, Taʼlim inspeksiyasi faoliyatining dastlabki kunlaridan, 2017-yildan boshlab Rossiya Federatsiyasi Taʼlim va fanni nazorat qilish federal xizmati, Fan va oliy taʼlim hamda Maorif vazirliklari bilan oʻrnatilgan yaqin hamkorlik aloqalarini davom ettirib kelmoqda.

    2019-yil 30-mayda Urganch shahrida imzolangan taʼlim, malaka va ilmiy darajalarni oʻzaro tan olish toʻgʻrisidagi hukumatlararo bitimni ishlab chiqish va imzolash hamkorlik aloqalarining ilk amaliy natijasi boʻldi.

    Ushbu bitim ikki mamlakat fuqarolari uchun taʼlim toʻgʻrisidagi hujjatlarni tan olish bilan bogʻliq jarayonlarni chetlab oʻtgan holda oʻqishni davom ettirishlariga imkon yaratdi. Bu esa yoshlarning akademik harakatchanligini oshirishga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

    Moskva shahrida imzolangan memorandum esa taʼlim jarayonlarini nazorat qilish va tartibga solishda normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va takomillashtirish, taʼlim muassasalarini attestatsiya-akkreditatsiyadan oʻtkazish, chet davlatlarda oʻqib-olingan diplomlarni tan olish jarayonlarini soddalashtirish, nodavlat taʼlim tashkilotlari faoliyatini litsenziyalash, taʼlim jarayonlari ijrochilari uchun koʻrsatmalar, uslubiy qoʻllanmalar yaratish kabi qator ishlarni bajarishda yaqindan hamkorlik qilishga qaratilgan.

    Taʼkidlash joizki, qisqa vaqt ichida Oʻzbekistonda Rossiya universitetlarining 12 filiali tashkil etilgan. Bu esa yoshlarni oliy taʼlimga qamrab olish, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan yoʻnalishlar va mutaxassisliklar boʻyicha kadrlar tayyorlash koʻlamini kengaytirish imkonini beradi. Oʻzbekiston Taʼlim inspeksiyasi Rossiyaning Taʼlim boʻyicha milliy akkreditatsiya agentligi bilan ushbu filiallarni litsenziyalash va akkreditatsiyadan oʻtkazish boʻyicha faol hamkorlik qilib qilmoqda.

    Bundan tashqari, PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS xalqaro tadqiqotlariga tayyorgarlik boʻyicha yaqindan hamkorlik qilib kelinmoqda.

    2019-yil boshidan boshlab, rossiyalik ekspertlar ishtirokida Moskva, Toshkent va Samarqand shaharlarida trenerlar tayyorlash va 3000 nafardan ortiq pedagoglar malakasini oshirishga qaratilgan seminarlar va konferensiyalar tashkil etib kelinmoqda. Pandemiya sharoitiga qaramasdan Jahon bankining READ dasturi koʻmagida oʻzbekistonlik oʻqituvchilar uchun onlayn oʻquvlar olib borilgan.

    Har ikki tomon mutaxassislari bilan birgalikda xalqaro tadqiqotlar, umumtaʼlim tashkilotlari uchun oʻquvchilarning kompetensiyalarini baholashning oʻziga xos xususiyatlari haqida maʼlumot berilgan, 4 ta oʻquv-uslubiy qoʻllanma ishlab chiqilgan va maktablarga yetkazib berilgan.

    Bu boradagi rejalar sifatida Oʻzbekiston READ dasturining uchinchi bosqichida qatnashishi, PISA, PIRLS, TIMSS, TALIS taʼlim sifatini baholash boʻyicha xalqaro tadqiqotlar oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish boʻyicha oʻzaro tajriba almashish, seminarlar oʻtkazish va oʻquv qoʻllanmalarini ishlab chiqish, mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish orqali hamkorlikni davom ettirish belgilab olindi.

    Shuningdek, yoshlarda tanqidiy fikrlash va muammolarni hal qilish koʻnikmalari, raqamli, funksional va moliyaviy savodxonlik, muloqot va hamkorlikni baholash va rivojlantirish, 21-asr koʻnikmalarini baholashning asosiy vositalarini ishlab chiqish, amalga oshirish va takomillashtirish boʻyicha qoʻshma loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.