3-may — Butunjahon soʻz erkinligi kuni

    Bugungi Oʻzbekiston siyosati OAV va jurnalistlarning soʻz erkinligini mustahkamlashga qaratilgan. Bunga birinchi navbatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasi mustahkam poydevor boʻlmoqda.

    Germaniyaning eng yirik media tashkilotlaridan biri boʻlgan «Deutsche Welle Academy»ning maʼlumotlariga koʻra, dunyoda 100 dan ortiq tashkilotlar ommaviy axborot vositalari erkinligini baholash va oʻz natijalarini targʻib qilish bilan shugʻullanadi. Ularning katta qismi nodavlat-notijorat tashkilotlar boʻlib, oʻz-oʻzini moliyalashtirish va targʻibotchilik missiyasi asosida faoliyat yuritadi. Bunday tashkilotlarning veb-saytlarini oʻrganish natijalariga koʻra, ular birinchi navbatda ommaviy axborot vositalari erkinligini qoʻllab-quvvatlash, mustaqil OAV, ularning erkinligi buzilish holatlarini kuzatish, indekslar orqali media tizimlarni baholash, jurnalistlarni himoya qilish va turli mojaro zonalarida ishlayotgan jurnalistlarga yordam berish kabilarni koʻzda tutadi.

    Mamlakatda bugun Oʻzbekistonda 2140 dan ziyod OAV mavjud, ular orasida nodavlat medialar koʻpayib bormoqda va ularning ulushi 65 foizidan oshdi. Onlayn nashrlar, telekanallar, radiolar efirida bugun tanqidiy materiallar, ijtimoiy mavzularni koʻtarib chiqayotgan koʻrsatuv va tok-shoular tobora ortayotganini koʻrish mumkin.

    Tezkorlik oshmoqda, tahririyatlar safiga esa yosh jurnalistlar qoʻshilib bormoqda. Universitetda mamlakatimizda soʻz erkinligini ilmiy jihatdan oʻrganish boʻyicha bir ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda, yosh doktorant va tadqiqotchilarimiz mamlakatimizda soʻz erkinligi darajasini oshirish uchun nimalar toʻsiq boʻlayotganini oʻrganishmoqda, uning huquqiy tomonlarini tadqiq etishmoqda, bu faoliyat 2024-yilda boshlandi, yaqin oʻrtada natijasi ham taqdim etiladi.

    Soʻz erkinligini taʼminlashda uni ilmiy tadqiq etish, uning mezonlarini obyektiv oʻrganish, soʻz erkinligidan har kim oʻz manfaati yoʻlida ishlatmasligini taʼminlash ahamiyatli. Mazkur holatda jurnalistlarning axborot manbalari bilan ishlash ahamiyati ortadi, dezinformatsiya, yolgʻon maʼlumotlar keng tarqalayotgan axborot maydonida yashayotganimiz bois, bugun bizda onlayn muhitda, virtual makonda soʻz erkinligini taʼminlash bilan bogʻliq yangi chaqiriqlar yuzaga kelmoqda. Buni ham inobatga olmaslik, buni nazarda tutmaslik mumkin emas. Fikr bildirish jarayonida xolislikni taʼminlash borasida professional normalarning ishlab chiqilishi va undan soʻng ularga rioya etilishiga erishish xar bir jamiyat uchun muhim. Yangilanayotgan axborot muhitida notoʻgʻri talqinga ega maʼlumotlar oqimi taʼsiriga tushib qolmaslik, ochiq maʼlumotlar sharoitida uni toʻgʻri, xolis, tahliliy va tanqidiy tahlil qila olish oldimizdagi vazifa.

    Qolaversa, soʻz erkinligini taʼminlash xar bir jamiyat aʼzosiga taalluqli jarayon ekan, bu borada mediasavodxonlik darajasini koʻtarish borasida yana bir vazifa koʻndalang turadi, zero OAV hayotimizning salmoqli qismini zabt etgan, tashkil etgan zamonda yashayotgan ekanmiz, undan toʻgʻri foydalana bilishimiz uchun media sohasidagi bilimlarni oshirish oʻta ahamiyatli, nazarimda.

    Yana bir narsaga alohida urgʻu berish zarurki, soʻz erkinligini nima ekanini, uning maʼnosini jurnalistlarimizning oʻzlari tushunib olishlari muhim. Nafaqat jurnalistlar balki xar bir inson soʻz erkinligi bilan bogʻliq huquq va majburiyatlar borligini ham bilmogʻi kerak.

    Nozima Muratova,

    Filologiya fanlari doktori, Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti

    Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori