Davlatimiz rahbarining joriy yil 22-apreldagi qarori ayni yoʻnalishda katta burilish yasaydigan huquqiy hujjat boʻldi. U tibbiy oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot faoliyati va amaliy sogʻliqni saqlash tizimi uygʻunligini taʼminlash, global meʼyorlarga mos kadrlar tayyorlash, va raqamlashtirish orqali tibbiyotning zamonaviy qiyofasini yaratishga xizmat qiladi.
Qaror asosida Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti va Toshkent davlat stomatologiya institutining kuchli jihatlari birlashtirilib, yagona markazlashgan ilmiy-taʼlim muassasasi — Toshkent davlat tibbiyot universiteti tashkil etildi. Bu yondashuv, bir tomondan, resurslarni samarali taqsimlash va infratuzilmani zamonaviylashtirish imkonini bersa, ikkinchi tomondan, xalqaro standartlarga javob beradigan mutaxassislarni tayyorlashga zamin hozirlaydi.
Endi universitet oliy taʼlimda akademik, moliyaviy va tashkiliy mustaqillikka ega boʻladi. Bu esa yangi va ilgʻor taʼlim texnologiyalarini keng joriy etish, xorijiy mutaxassislarni jalb qilish hamda xalqaro akkreditatsiya va global ilmiy aloqalar uchun mustahkam poydevor yaratadi.
Yangi universitet tarkibida Toshkent tibbiyot akademiyasining alohida oʻrni bor. Akademiya boy tajribasi, yetuk ilmiy maktablari va salohiyatli professor-oʻqituvchilari bilan nafaqat yangi universitetning, balki butun mamlakat tibbiyot sohasining tayanchlaridan biriga aylandi. Qaror asosida oʻquv binolari, ilmiy laboratoriyalar, klinikalar va akademik litseylar modernizatsiya qilinadi, yangi simulyatsiya markazlari, IT laboratoriyalar va axborot-resurs markazlari barpo etiladi.
Shuningdek, yangi universitet negizida tashkil etilayotgan Tibbiyot ilmiy-innovatsion tadqiqot instituti fundamental, amaliy va innovatsion tadqiqotlar uchun asosiy ilmiy platformaga aylanishi kutilmoqda. Bu markaz orqali ilm-fan va amaliyot oʻrtasidagi tafovut bartaraf etilib, diagnostika, davolash va profilaktika boʻyicha yangi metodikalar ishlab chiqiladi.
Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika ham mazkur qaror asosida yuqori natijalarga erishish salohiyatiga ega boʻlgan yoʻnalishlardan. Kafedrada inson organizmidagi fiziologik jarayonlarni matematik modellashtirish, diagnostika tizimlari uchun sunʼiy intellekt asosidagi algoritmlar ishlab chiqish, biotibbiy maʼlumotlarni tahlil qilish, tibbiy tasvirlarga ishlov berish hamda genomika va proteomika sohasidagi bioinformatik tahlillar izchil yoʻlga qoʻyilgan.
Yangi universitetning xalqaro doiralarda faoliyat yuritishi, xorijiy grantlar va ilmiy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi orqali ilmiy salohiyatni yanada kengaytirish mumkin. Sunʼiy intellekt asosida tibbiy tashxis qoʻyish boʻyicha xalqaro ilmiy loyihalarda ishtirok etish, raqamli sogʻliqni saqlash boʻyicha yangi modullarni oʻquv jarayoniga tatbiq qilish, simulyatsion markazlarda biotibbiyot fizikasi asosida mashgʻulotlar oʻtkazish shular jumlasidan. Shuningdek, bioinformatika tahlillari uchun superkompyuter infratuzilmasini yaratish, xalqaro eʼtirofga ega ilmiy jurnallarda maqolalar chop ettirish imkoniyati ham oshadi. Bu esa bizni Yevropa, Osiyo va Amerika mamlakatlaridagi ilgʻor universitetlar bilan tenglashtiradi.
Yangi universitetdagi islohotlar orqali tibbiyot kadrlarini tayyorlash sifati oshadi, amaliy koʻnikmalar kuchayadi, raqamlashtirish asosida sogʻliqni saqlash tizimi shaffof va samarador boʻladi, fan, taʼlim va ishlab chiqarish integratsiyasi taʼminlanadi. Shuningdek, xalqaro reytinglarda oʻrin egallash imkoniyati vujudga keladi. Mamlakat boʻylab iqtidorli yoshlar uchun zamonaviy ilmiy infratuzilma va oʻqish sharoiti yaratiladi.
Ushbu qaror biz, tibbiy taʼlim vakillari zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi. Endi har bir kafedra, har bir oʻqituvchi va talabaning sogʻliqni saqlash tizimi zamonaviylashtirilishida faol ishtiroki talab darajasiga koʻtariladi. Shuningdek, tibbiyot va texnologiya chorrahasida faoliyat yuritayotgan kafedralar oldida yangi imkoniyatlar ochiladi. Biotibbiyot muhandisligi, informatika va biofizika kafedrasi esa bu yoʻlda yetakchilardan boʻlishga intiladi.
Zero, kelajak zamonaviy, ilmga asoslangan va raqamli sogʻliqni saqlash tizimi bilan chambarchas bogʻliq. Bu esa faqat islohotlar emas, balki intellektual oʻzgarishni ham talab etadi.
Fazliddin ARZIQULOV,
Toshkent davlat tibbiyot universiteti oʻqituvchisi
Hamkorlik materiali









