Taʼlimga kiritilgan sarmoya kelajak uchun sarmoyadir

    Ta'lim 24 Yanvar 2021 2485

    24-yanvar – Xalqaro taʼlim kuni dunyo boʻylab nishonlanmoqda.

    Bugun dunyoda uchinchi bor Xalqaro taʼlim kuni nishonlanmoqda. Ushbu sana Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan taʼlimning tinchlik va taraqqiyot yoʻlidagi ahamiyatini eʼtirof etgan holda “Xalqaro taʼlim kuni” deb eʼlon qilingan. Bu haqdagi rezolyutsiya 2018-yil 3-dekabrda qabul qilingan.

    Rezolyutsiyada taʼlimning barqaror rivojlanishga erishishda, individual samaradorlik hamda iqtisodiy potensialni roʻyobga chiqarishdagi oʻrniga oʻrgʻu berilgan. Qashshoqlik va ochlikka qarshi kurash bilan bogʻliq jarayonlarni soddalashtirish va tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda gender tenglikni taʼminlash yoʻlida xizmat qilishi belgilangan.

    Hujjatda, shuningdek, har bir inson butun hayoti davomida taʼlim olish imkoniyatidan foydalana olishi vajamiyat hayotida toʻlaqonli ishtirok etishi hamda barqaror rivojlanishga hissa qoʻshishi uchun barcha taʼlim muassasalari, jumladan, boshlangʻich, oʻrta va oliy taʼlimda inklyuzivlik va adolatni taʼminlash uchun bor kuchni ishga solish lozimligi belgilab qoʻyilgan.

    Ushbu bayram yosh hisoblansada, ahamiyati juda ham cheksiz. Uning nishonlanishi nafaqat insoniyatning ilm-maʼrifatga tashnaligini eʼtirof etish, balki dunyo davlatlari hukumatlari va jamiyatlari eʼtiborini taʼlim sohasidagi mavjud muammolarga, shu jumladan, savodsizlikni bartaraf etish, turli mintaqalarda yaxlit taʼlim dasturlari ishlab chiqish va amalga oshirish kabi masalalarga qaratishni maqsad qilgan.

    Taʼkidlash kerakki, taʼlim masalasi koʻplab xalqaro hujjatlarda oʻz aksini topgan. Jumladan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 26-moddasida taʼlim olish har bir insonning huquqi ekani belgilab qoʻyilgan. U davlatlarni barcha uchun bepul boshlangʻich taʼlim olishni taʼminlashga chaqiradi.1989-yilda qabul qilingan Bola huquqlari toʻgʻrisidagi Konvensiya esa davlatning barcha uchun oliy taʼlim olish imkoniyatini taʼminlashga majburligi haqidagi qoidani oʻzida mujassam etadi.

    Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT) maʼlumotlariga koʻra, hozirgi kunda dunyoda 262milliondan ziyod bola maktabga bormaydi, 617 millionga yaqin yosh avlod vakillari oʻqish va oddiy hisoblash koʻnikmalariga ega emas. Ular qashshoqlik, diskriminatsiya, qurolli mojarolar, favqulodda holatlar va iqlim oʻzgarishi oqibatlari tufayli azob chekmoqda. Migratsiya hamda majburiy koʻchib yurish jarayonlari ham yosh avlodning taʼlim olishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

    Taʼlim berish bilan bogʻliq muammolar ayniqsa Afrika qitʼasida chuqur ildiz otgan boʻlib, Sahroi Kabirdan janubda joylashgan mamlakatlarda qizlarning boshlangʻich taʼlim bilan qamrovi 40 foizga ham yetmaydi.

    Ushbu sana munosabati bilan har yili BMT (Nyu-York) va YUNESKO (Parij) bosh qarorgohlarida turli tadbirlar tashkillashtirilib, ular doirasida taʼlim sohasidagi muammolarni bartaraf etishga oid yangi loyihalar, hisobotlar (doklad) taqdimoti oʻtkaziladi. Xususan, 2020-yilda “Xalqaro taʼlim kuni” YUNESKO tomonidan “Taʼlim insonlar, sayyora, farovonlik va tinchlik manfaatida” nomi ostida nishonlandi.

    Mamlakatimizda soʻnggi yillarda maktabgacha, umumiy oʻrta va oliy taʼlim sohalari, ilmiy-tadqiqot muassasalarini rivojlantirish boʻyicha tizimli, izchil va kompleks chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Bu borada qator muhim farmon, qaror va dasturlar qabul qilindi.

    Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “biz keng koʻlamli demokratik oʻzgarishlar, jumladan, taʼlim islohotlari orqali Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni oʻzimizga asosiy maqsad qilib belgiladik”.

    Darhahiqat, soʻnggi toʻrt yil ichida respublikamizda ushbu yoʻnalishda sezilarli oʻzgarishlar koʻzda tashlandi. Xususan, raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 4 yil davomida 2 barobar ortib, 60 foizga yetdi. Bogʻchalar soni esa 3 barobarga koʻpayib, 14mingdan oshdi. 2023-yil oxirida esa qamrov darajasini 75 foizga yetkazish vazifasi qoʻyilgan.

    Shuningdek, yangicha mazmun va shaklga ega boʻlgan Prezident maktablari hamda ijod maktablari faoliyatini boshlagan. Umumiy oʻrta taʼlim tizimida ixtisoslashuvga alohida eʼtibor qaratilib, matematika hamda kimyo-biologiya fanlarini rivojlantirish boʻyicha aniq rejalar qabul qilinmoqda. Misol uchun, birgina 2020-yilning oʻzida matematika yoʻnalishida 56 ta, kimyo-biologiya yoʻnalishida 27 ta maktab tashkil etilgan.

    Oliy taʼlim tizimi ham chuqur islohotlarni boshidan kechirmoqda. Soʻnggi 4 yilda mamlakatimizda 47 ta yangi oliy taʼlim muassasasi, jumladan, xorijiy universitetlarning filiallari tashkil etilib, oliy oʻquv yurtlarining umumiy soni 125 taga yetdi.

    Buning natijasida abituriyentlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yilgi 9 foizdan 2020-yilda 25 foizga yetkazildi va ushbu koʻrsatkichni yana-da oshirish boʻyicha aniq maqsadli ishlar olib borilmoqda.

    Bundan tashqari, 2020-yilda Toshkent davlat stomatologiya institutining Ispaniyadagi filialini ochish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Bu Oʻzbekiston oliy taʼlim muassasalarining rivojlangan Yevropa davlatlaridagi ilk filiali hisoblanadi.

    Davlatimiz rahbarining 2020-yilning 29-dekabridagi Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida taʼkidlanganidek, “biz oʻz oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak”.

    Shu maqsadda joriy yilda ham taʼlim tizimini yana-da rivojlantirish, yoshlarni taʼlim bilan qamrovini qamrovini kengaytirish, ehtiyojmand oilalar farzandlariga imtiyozlar berish boʻyicha aniq chora-tadbirlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan.

    Xususan, 2021-yilgi Davlat dasturi loyihasiga koʻra oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yoshlar uchun Prezident granti joriy etilishi, oliy taʼlim muassasasida ikki va undan ortiq farzandi shartnoma asosida oʻqiyotgan oilalarga imtiyozli taʼlim krediti berish rejalashtirilmoqda.

    Bundan tashqari, joriy yil Davlat dasturi loyihasida oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni 25 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari sonini 2 baravarga oshirish, shuningdek, xususiy oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti berish tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

    Yana bir muhim oʻzgarishlardan biri mamlakatning yetakchi oliy taʼlim muassasalariga bosqichma-bosqich akademik erkinlik taqdim etilayotganidir. Xususan, ilmiy unvon va ilmiy darajalarni berish vakolati 2021-yil 1-sentyabrdan boshlab respublikaning nufuzli OTMlarining ilmiy kengashlariga bosqichma-bosqich oʻtkazilishi belgilanmoqda.

    Ulugʻ shoir Furqat ilm-maʼrifatni koʻngillarning sururi, koʻrar koʻzlarning nuri, deb taʼriflagan. Shu maʼnoda, bugun yurtimizda taʼlimga, ilm-maʼrifatga berilayotgan eʼtiborni yana-da yuksaltirish muhim ahamiyat kasb etayotgani va shunga monand keng koʻlamli ishlar qilinayotganini taʼkidlash lozim. Ahamiyatlisi, bu borada davlatimiz oʻz oldiga olgan xalqaro majburiyatlarni bajarib kelmoqda.

    Yurtimiz zaminida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamahshariy kabi butun dunyo tan oladigan mashhur daholar, buyuk allomalar yashab, ijod qilgan. Hozirda ajdodlarga munosib avlod yetishib chiqishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilmoqda. Zero, kelajakda Oʻzbekiston yoshlari orasidan dunyo taniydigan muallimlar, shifokorlar, dasturchilar va boshqa koʻplab zamonaviy kasb egalari chiqishidan barcha umidvor.

    Adxambek RASHIDBEKOV,

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va

    mintaqalararo tadqiqotlar instituti eksperti