Poytaxtimizda oʻtayotgan Madaniy meros haftaligida u numizmatika boʻyicha olib borayotgan tadqiqotlari bilan qatnashyapti. Tadbirdagi ajoyib maʼruzasidan soʻng uning faoliyati, tadqiqotlari mohiyati bilan qiziqdik.
— Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan madaniy merosni oʻrganish va xalqaro miqyosda ommalashtirishga alohida eʼtibor qaratilyapti. Oʻzbekiston madaniy merosi nafaqat bu zaminning, balki butun insoniyatning merosi deyish mumkin.
Chunki Ibn Sino, al-Xorazmiy, Beruniyning kashfiyotlari jahon ilm-fani rivojida alohida oʻrin tutadi. Davlatingiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilayotgan Islom Sivilizatsiyasi markazi nafaqat ilmiy markaz yoki muzey, balki sivilizatsiyalar, konfessiyalararo muloqot markazi boʻlib, dunyoda uning analogi yoʻq, desak xato boʻlmaydi.
Dunyo olimlari uning kontentini boyitishga katta qiziqish bilan qarab, qator takliflarni bildirishyapti. Taʼkidlash joizki, bu hurmatli Prezidentingiz tomonidan ilgari surilgan juda noyob loyiha. Shavkat Mirziyoyev BMT bosh assambleyasi sessiyasi nutqlarida ham Islom tinchlik, doʻstlik, birdamlik dini ekanini alohida taʼkidlab oʻtgan. Va bu ayni haqiqat.
Markazning ilmiy salohiyatiga esa alohida toʻxtalish joiz. Numizmatika yoʻnalishidagi ilmiy izlanishlarim boʻyicha hamkorlik qilish jarayonida bu yerdagi ilmiy salohiyatning nihoyatda baland ekaniga amin boʻldim. Men markaz koʻrgazmalarida namoyish etiladigan tarixiy ahamiyatga ega numizmatika kolleksiyalari ustida ish olib boryapman.
Loyihamni tadbir davomida taqdimot qilmoqchiman. Tadqiqotlar davomida shuni tushunib yetdimki, bu yerdagi tangalarda ham oʻziga xos sharqona tarbiya va axloqiy jihatlar aks ettirilgan. Bunday tangalarga befarq boʻlmagan yurtdoshlaringizning koʻpligi esa, bunyod boʻlajak markazning yanada gavjumligini taʼminlaydi.
Shuni ham aytish kerakki, tanga topib olgan odamlar uni darrov sotib yubormay, davlatga topshirishni bilishi kerak. Buning uchun mukofot oladi-ku? Ularda bunday bilim boʻlishi uchun sivilizatsiya markazida mahorat darslari, tushuntirish ishlari yoʻlga qoʻyilishi kerak.