Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, shuningdek, taʼlim va ekologiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan, parlamentlararo aloqalarni faollashtirish holati va istiqbollari muhokama etildi.
“Yevropa Ittifoqi-Oʻzbekiston” parlament hamkorlik qoʻmitasi doirasida samarali aloqalarni davom ettirish muhimligi qayd etildi. Uning 15-majlisi joriy yilning noyabr oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan.
T.Xakala Oʻzbekiston xalqini davlat mustaqilligining 30 yilligi munosabati bilan samimiy qutlab, Oʻzbekiston Respublikasi Preferensiyalar bosh tizimi plyus (“GSP+”) doirasida benefitsiar mamlakat maqomini olganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Bu esa oʻzaro manfaatli savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishda muhim bosqich hisoblanadi. Tomonlar bu yoʻnalishdagi hamkorlikni kengaytirishga intilishi oʻz tasdigʻini topdi.
Yigʻilishda Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi boʻyicha ishlar yakunlanishidan manfaatdorlik bildirildi.
Boʻlajak tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish masalalari alohida muhokama etildi.
Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashildi.