Yaxshi yashashni hamma istaydi. Bunga esa teran fikr, astoydil mehnat va rejali amal bilan erishiladi. Odamlari boy mamlakat qudratli boʻladi. Yuritilayotgan siyosatimizning maqsadi ham fuqarolarni kambagʻallikdan chiqarish, roʻzgʻorini obod qilish, bir soʻz bilan aytganda, hammani rozi qilish.
Bu haqda koʻp va xoʻb gapirilayotgani bejiz emas. Oʻtgan yillar davomida bu borada bir qancha meʼyoriy hujjatlar qabul qilindi, ilgʻor tajribalar ommalashtirildi. Kimki nimani taklif qilayotgan boʻlsa, avvalo, xalqni oʻylayapti, yurtning ertasi uchun qaygʻuryapti.
Prezidentimizning 2024-yil 23-sentyabrdagi “Kambagʻallikni qisqartirish va aholi turmush farovonligini oshirish borasidagi chora-tadbirlarni yangi bosqichga olib chiqish toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, bu borada amalga oshirilishi lozim boʻlgan muhim vazifalar koʻrsatildi, dastur ishlab chiqilib, masʼullar belgilandi.
Farmon asosida “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Dastur “Kambagʻal oilalar uchun yettita imkoniyat va masʼuliyat” tamoyili asosida amalga oshirilishi qayd etildi. Bu nima degani? Sodda qilib aytganda, tadbirkorlar bilan oʻzaro manfaatli hamkorlik oʻrnatildi, 2024-2025-yillarda kambagʻal oilalar farzandlarini xorijiy tillarga, kasb-hunarga yoki mutaxassislikka oʻqitish uchun sharoit yaratildi.
Kafolatlangan davlat tibbiy xizmati, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlari oshirildi. Kambagʻal oilalarning yashash sharoiti yaxshilanmoqda. Davlat tomonidan mahallalar infratuzilmasi rivojlantirilyapti. Bundan tashqari, davlat organlari va rahbarlar kambagʻal oilalarga, qoloq mahallalarga biriktirildi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanidagi Paxtakor, Sardoba, Yashnobod va Qoraqum mahallalarini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish uchun masʼul etib belgilandi.
Ilgʻor tajribalar ommalashadi
Dastlab Koson tumanidagi Esaboy mahallasining sabzavotchilikdagi ilgʻor tajribasi oʻrganildi. Odamlar bilan muloqotlar oʻtkazildi. Tomorqachilikni rivojlantirish boʻyicha oʻzaro fikr almashildi. Soʻngra Paxtakor, Sardoba, Yashnobod va Qoraqum mahallalaridagi holat bilan yaqindan tanishildi. Xoʻsh, nega aynan Esaboy dersiz? Gap shundaki, esaboyliklar sabzi va sholgʻom yetishtirishning hadisini olgan. Tomorqadan unumli foydalanib, yaxshigina daromad koʻryapti. Mahallada “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilab berilgan yangi tizim asosida aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali daromadlarini oshirish chora-tadbirlari” mavzusida respublika koʻrgazmali seminari boʻlib oʻtdi. Natijada respublikada “Esaboy tajribasi” degan atama tilga tushdi. Shuning uchun ilk tadbirlarimiz, saʼy-harakatlarimiz aynan shu mahalla bilan bogʻliq. Vazirlik masʼullari va viloyatdagi oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari mahallada boʻlib, fuqarolar yigʻini raisi bilan, dehqonlar bilan muloqot qildi, tajribalarni oʻrgandi.
Esaboy tajribasini Muborak tumani mahallalariga toʻgʻridan toʻgʻri koʻchirib boʻlmaydi. Dastlab tuproqning meliorativ holatini tahlil qilish, shunga qarab bu hududda ekiladigan ekinlar boʻyicha ilmiy xulosalar berish lozim. Viloyatdagi olimlarning dastur ijrosiga qaratilgan ishlarga jalb etilgani ham shundan.
Esaboyliklardan mehnatsevarlikni, yerga muhabbatni, tadbirkorlikni oʻrganish kerak. Odamlar bilan suhbatlashganimizda, hazil-chin qilib: “Bizda tomorqasini eʼtiborsiz tashlab qoʻygan, hovlisiga biror narsa ekmagan odam toʻy-maʼrakalarga aytilmaydi”, deyishdi. Ochigʻi, bu gap menga juda yoqdi. Bugun Esaboyni Esaboy qilgan, yurtga tanitgan ham ana shu qadriyatlar, mehnatkash insonlar ekaniga amin boʻldim. Oʻzim uchun bunday xulosa oldim: “Kambagʻallikni qisqartirishga bel bogʻlagan ekanmiz, birinchi navbatda, odamlar dunyoqarashini, yerga munosabatini oʻzgartirishimiz, ertangi kunga ishonchini oshirishimiz kerak”.
Reja bor, maqsad aniq
“Rejasiz ish — keltirar tashvish”, degan gap bor. Shu bois, ishimiz reja tuzishdan boshlandi. Avvalo, viloyatdagi oliy taʼlim muassasalarining vazifalari belgilab olindi. Aholining bandligi, ishsizlar soni, hududlar muammolari oʻrganildi. “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimiga kiritilgan fuqarolar uchun seminar-treninglar tashkil etildi. Muloqotlar davomida tomorqa madaniyatini shakllantirish, yerdan unumli foydalanish boʻyicha tushunchalar berildi.
Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Muborak tumani hokimligi tomonidan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish boʻyicha chora-tadbirlar rejasi imzolandi.
Rejada “Kambagʻallikdan farovonlik sari” dasturi ijrosini taʼminlash, kambagʻallikni qisqartirish va ishsizlar sonini kamaytirish boʻyicha ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqish, tomorqa madaniyatini yuksaltirish belgilandi. Mahallalarning iqlim va tuproq xususiyatlarini oʻrgangan holda “Bir mahalla — bir mahsulot” tamoyilini yoʻlga qoʻyishga doir asosli takliflar berish qayd etildi. Muborak tumani misolida mavjud ijtimoiy-iqtisodiy muammolar yechimi boʻyicha ishlarga viloyatdagi olimlarning ilmiy salohiyatini yoʻnaltirish rejalashtirildi. Shu bois, Qashqadaryodagi davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari bu ishlarga jalb etildi.
Olimlar dastlabki ilmiy xulosalarini aytdi. Birinchi navbatda, Muborak tumani tuprogʻi shoʻrxok ekanidan kelib chiqib, professor-oʻqituvchilar shoʻrni yuvish va shunday tuproqda yetishtiriladigan ekinlar, ularni parvarishlash, kasalliklarga qarshi kurashish boʻyicha aholiga keng tushuncha berdi. Koʻplab ilmiy ishlanmalar mahallalarda joriy qilindi.
Ishsiz ayollar uchun tadbirkorlik boʻyicha seminarlar, mahorat darslari oʻtkazildi. Bu oʻquv mashgʻulotlariga har bir mahalladan oʻnlab xotin-qizlar jalb etildi. Xorijiy tillarni oʻrgatish, oliy taʼlim muassasalariga tayyorlov kurslari ham tashkil qilindi. Bundan tashqari, Qarshi davlat texnika universiteti tomonidan Qoraqum mahallasidagi 6-umumiy oʻrta taʼlim maktabida kompyuter sinfi ochilib, jihozlab berildi. Aholi xonadonlarida namunali suvtejamkor sugʻorish texnologiyalari oʻrnatildi
Vazirlik va Muborak tumani hokimligi tomonidan tuman markazida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Ziyolilar bogʻi” tashkil etildi.
“Yashil xonadon”, “aqlli” texnologiya va ilmiy takliflar
Qoraqum mahallasida yashovchi Azamat Jumayev xonadoniga Qarshi davlat texnika universiteti tadqiqotchilari tomonidan aynan shu xonadonning minimal ehtiyojidan kelib chiqib, 1,2 kilovatt quvvatli quyosh panellari va unga mos ravishda energiya yigʻuvchi akkumulyator, 200 litr sigʻimli quyosh suv isitkichi (geliokollektor) va 6 dona tungi quyosh yoritkichi oʻrnatildi.
Tadqiqotchilarning bu oilani tanlagani bejiz emas. Azamat Jumayev 2014-yildan buyon ikkinchi guruh nogironi, maʼlumoti oliy. Oilada 4 kishi bor. Katta oʻgʻli — Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasi. Ikkinchi oʻgʻli — maktab oʻquvchisi. Oilada doimiy ish bilan band boʻlganlar yoʻq. Yana bir jihati, xonadon sohibi muqobil energiya manbalari boʻyicha yaxshi tushunchaga ega. Demak, uning afzalliklarini mahalladoshlariga tushuntira oladi va targʻib ham qiladi. Xullas, mazkur oila xoʻjaligi misolida “Yashil xonadon” loyihasi amalga oshirildi.
Hisob-kitoblarga koʻra, endi bu xonadon elektr energiyasining oʻzidan 2 million soʻmgacha daromad qiladi. Geliokollektor elektr suv qizdirish qurilmasi, masalan, “ariston”ga nisbatan yiliga 8000-10000 kilovatt-soat elektr energiyasini tejaydi, natijada kamida 8-10 million soʻm atrofida yillik foyda olish imkonini beradi.
Shu mahalladagi Shavkat Qulboyev xonadonida yassi quyosh suv isitish qurilmasi oʻrnatildi. Qarshi davlat texnika universiteti energetika muhandisligi fakulteti olimlari tomonidan yaratilgan ushbu qurilma quyosh energiyasi yordamida bir kecha-kunduzda 100 litrgacha suvni 60 darajadan yuqori haroratda qizdiradi. Doimiy ravishda issiq suv bilan taʼminlash imkonini beradi. Xonadonda issiq suv uchun sarflanadigan tabiiy gaz va elektr energiyasi tejaladi. Natijada oila xarajatlaridan bir yilda 7-8 million soʻm iqtisod qilinadi.
Mazkur qurilma vositasida Qarshi davlat texnika universitetining 2 nafar yosh olimi — Islom Shoymardonov va Sohiba Shomurodova professor Gʻulom Uzoqov boshchiligida ilmiy tadqiqot ishlarini olib bormoqda.
Bundan tashqari, mazkur universitet tomonidan Yashnobod mahallasida yashovchi Eldor Elmanovning xonadoniga universal quyosh qurilmasi oʻrnatib berildi. Bu qurilma bir vaqtning oʻzida inkubator, quritkich, suv isitkich va elektr bilan taʼminlash vazifasini bajaradi. Bir kishi ishli boʻldi.
Mustaqil tadqiqotchi Ozod Yoʻlliyev Yashnobod mahallasidagi Saydulla bobo Elmanov xonadonida oʻrnatilgan tomorqa uchun biogumus va biogaz ishlab chiqaradigan qurilma asosida ilmiy izlanishlar olib bormoqda.
Mutaxassis fikricha, biogumusdan tomorqada foydalanish natijasida yer unumdorligi 50 foiz ortadi. Poliz ekinlari hosildorligi birinchi yilda 30-40 foiz oshadi. Xonadon ehtiyojidan ortgan biogumusni sotish orqali oyiga 5 million soʻmgacha foyda olish mumkin.
Qarshi davlat texnika universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan Yashnobod va Qoraqum mahallalari tuproqlaridan namunalar olinib, tahlil qilindi. Shoʻrlanish yuqori boʻlgan hududlarda shirinmiya, qizilmiya, lavlagi, oshqovoq, baqlajon, karam kabi ekinlarni ekish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Muammolarga yechim izlab...
Muborak tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va kambagʻallikni qisqartirish yuzasidan chora-tadbirlar rejasiga asosan, Qoraqum mahallasida
7 ta, Yashnobod mahallasida 8 ta, Sardoba mahallasida 5 ta, Paxtakor mahallasida 7 ta artezian qudugʻi qazish rejalashtirilgan. Olimlarimiz bu quduqlardan chiqqan suv tarkibini laboratoriya sharoitida tahlil, uni chuchuklashtirish bosqichlari boʻyicha sarf-xarajatlarni esa hisob-kitob qilishdi. Agar bu loyihalar toʻliq ishga tushirilsa, qoloq mahallalarda oqova suv bilan bogʻliq asosiy muammolar hal etiladi.
Vazirlikning 500 million soʻmlik moliyaviy koʻmagi asosida 5 ta artezian qudugʻi nasosi uchun quyosh fotoelektr stansiyalari oʻrnatib berildi.
Muborak tumanidagi xayrli ishlar odamlarning mushkulini oson qilishi bilan birga, dunyoqarashi oʻzgarishiga ham xizmat qilishi kerak. Qaysi bir xonadonga yordam koʻrsatgan boʻlsak, boshqalar uning samarasini oʻz koʻzi bilan koʻrib, oilasida joriy qilsin, roʻzgʻori obod boʻlsin degan maqsadni ilgari suramiz. Oliy taʼlim muassasalarining asosiy vazifasi muammolarga ilmiy yechim berish, taklif kiritish, yangi rejalarni ishlab chiqishdan iborat.
Bundan keyin oliy taʼlim muassasalarining yosh olimlari va magistrantlarning ilmiy tadqiqot ishlari mavzusi tumandagi qoloq mahallalar muammolari asosida ham shakllantiriladi. Tajribalar oʻtkaziladi, ilmiy xulosalar va amaliy takliflar beriladi. Bu ham “Kambagʻallikdan farovonlik sari” umummilliy harakatini hayotga tatbiq etishda muhim oʻrin tutadi.
Til — kelajak yoʻlini yorituvchi kalit
Bugungi globallashuv davrida til oʻrganish nafaqat muloqot vositasi, balki shaxsiy va professional rivojlanishning muhim omillaridan biridir. Xorijiy tillarni bilish yoshlarga yangi bilimlarni egallash, xalqaro taʼlim va ish imkoniyatlarini kengaytirish, turli madaniyatlarni tushunish hamda dunyoqarashni boyitish imkonini beradi. Shu maqsadda Qarshi davlat universitetining nemis tili va adabiyoti kafedrasi tomonidan Muborak tumani Abu Ali ibn Sino nomidagi jamoat salomatligi texnikumida 2024-yil fevralidan boshlab nemis tili kurslari tashkil qilindi. Kursga mahalladagi ishsiz yoshlar va texnikum oʻquvchilari jalb etilgan boʻlib, hozir 50 ga yaqin yosh til oʻrganmoqda. V1 darajasi sertifikatiga loyiq koʻrilgan talabalar mustaqil ravishda hujjat topshirish jarayonini davom ettirmoqda.
Shuningdek, Qoraqum va Paxtakor mahallalarida joylashgan maktablarda ingliz, rus, nemis va kompyuter kurslari universitetning malakali professor-oʻqituvchilari tomonidan bepul tashkil etildi. Ushbu kurslarda mahalladagi ishsizlar va maktab oʻquvchilari xorijda ishlash yoki taʼlim olish uchun zarur tillarni oʻrganish imkoniyatiga ega boʻlmoqda.
Choʻlda oʻsimlik oʻsadimi?
Qarshi davlat universiteti geografiya va agronomiya fakulteti professor-oʻqituvchilari Muborak tumanidagi toʻrtta mahalla faollari bilan uchrashuvlar oʻtkazdi. Uchrashuvlarda tuproq tarkibini yaxshilash, hosildor oʻsimlik turlarini tanlash hamda daraxtlar va boshqa ekinlarni parvarish qilish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar berildi. Sardoba va Paxtakor mahallalarida bodring, bulgʻor qalampiri va pomidor ekish hamda dorilash boʻyicha ilgʻor texnologiyalar ommalashtirildi. Tadqiqot natijalari koʻrsatdiki, mahalladagi 20 ta issiqxonadan foydalanish koʻrsatkichi nolga teng. Jumladan, Sardoba mahallasidagi 10 ta issiqxona ikki yil oldin kredit hisobiga qurilgan boʻlsa-da, hozir ishlatilmaydi. Tuproq va suv namunalari tahliliga koʻra, artezian suvining tuzlanish darajasi belgilangan meʼyorlardan past ekani aniqlangan. Qarshi davlat universiteti professorlari Sardoba mahallasidagi ikki sotix maydonli issiqxonada innovatsion usullar yordamida kartoshka va pomidor ekib, mahsulot yetishtirishni aprel oyida boshlaganiga qaramay, may oyida bodring, iyun oyida pomidor va kartoshka pishib yetildi. Mahallaning asosiy koʻchasida joylashgan mazkur issiqxonada yetishtirilgan hosilni barcha mahalladoshlar oʻz koʻzlari bilan koʻrishi, “bu yerda bodring va pomidordan hosil olib boʻlmaydi”, degan qarash notoʻgʻri ekanini universitet professorlari isbotlab berdi, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega
Qarshi davlat universiteti tibbiyot fakulteti professor-oʻqituvchilari tomonidan Paxtakor mahallasida joylashgan 23-oilaviy poliklinikada 40 yoshdan oshgan aholi orasida keng koʻlamli tibbiy koʻrik oʻtkazildi. Mahallada jami 4538 kishi istiqomat qiladi, ularning 58 nafari nogiron, shu jumladan, 17 nafari bolalar. Surunkali kasalliklari va nogironligi bor bemorlarning uyma-uy koʻriklari oʻtkazilib, sogʻligʻi oʻrganildi, tavsiyalar berildi. Mahalla Muborak gazni qayta ishlash zavodiga yaqin joylashgani sababli chiqindilarning aholi sogʻligʻiga salbiy taʼsiri monitoring qilindi.
Sardoba mahallasi aholisi ham tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Bu hududda 2773 kishi istiqomat qiladi, shulardan 850 nafari bola, 10 nafari nogiron bola hisoblanadi. Koʻrik natijalari yuqori qon bosimi (70-80 foiz), teri allergik kasalliklari (3-4 foiz) va boshqa surunkali kasalliklar oʻrtacha meʼyordan yuqori ekanini koʻrsatdi. Boʻqoq, qandli diabet va tugʻma nuqsonlar ham keng tarqalgani qayd etildi.
Ikkinchi guruhdagi fuqarolarga sogʻlom turmush tarzi boʻyicha ilmiy tushuntirishlar berilib, ularning sogʻlom guruhga oʻtishi maqsad qilindi. Uchinchi guruh bemorlari mutaxassislar tomonidan doimiy nazoratga olinib, zarur boʻlsa, shifoxonalarga yoʻllanma beriladi. Fiziologiya kafedrasi tomonidan tuman mahallalarida sogʻlom ovqatlanish, jismoniy faollik va turmush tarziga oid seminarlar oʻtkazilib, ilmiy-pedagogik tavsiyalar mahalla faollari orasida tarqatildi.
Muborak tumanidagi ishlar quyidagi xulosaga kelishimizga sabab boʻldi — biz, olimlar oʻz rejalarimiz, gʻoyalarimiz bilan boʻlib, odamlardan ancha uzoqlashib qolgan ekanmiz. Aslida, maqsadimiz ularning muammolariga ilmiy yechim berish, mushkulini oson qilish emasmi?! Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar, “Kambagʻallikdan farovonlik sari” umummilliy harakati bizni xalqqa yaqinlashtirdi. Endi magistrantlarimiz, yosh olimlarimizning ilmiy tadqiqot ishlari mavzulari mahallalardagi muammolar va ularning yechimiga qaratiladi. Ilmiy izlanishlar natijalari qishloqlarda joriy qilinadi. Muborakda bu borada dastlabki qadamlar tashlandi.
Otabek MAHKAMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi
oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar
vaziri oʻrinbosari








