Qurilish faoliyati bilan shugʻullanuvchi korxona va tashkilotlar soni soʻnggi yillarda oshib borishi samarali islohotlar natijasi sifatida namoyon boʻlyapti. Yurtimizda 2014-yilning 1-yanvar holatiga 18 ming 618 ta qurilish korxona va tashkiloti faoliyat yuritgan boʻlsa, 2023-yilning 1-yanvar holatiga kelib ular soni 46 ming 971 taga yetdi.
Olib borilayotgan islohotlarning natijalari boʻyicha maʼlumotlar tezkorlik va shaffoflik bilan statistik raqamlarda ham oʻz ifodasini topyapti. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, statistika amaliyotida qurilish ishlari hajmi – moliyalashtirishning barcha manbalari hisobidan turar joy va noturar joy binolari hamda muhandislik inshootlarining yangi obyektlari qurilishi, kapital va joriy taʼmirlash, rekonstruksiya, modernizatsiya qilish boʻyicha asosiy, toʻgʻridan-toʻgʻri va subpudrat shartnomalari asosida bajarilgan qurilish-montaj ishlari hamda boshqa pudrat ishlari qiymati sifatida hisob-kitob qilib boriladi.
Statistik raqamlarga eʼtibor qaratadigan boʻlsak, qurilish ishlari hajmi 2010-yilda 8 trillion 245,8 milliard soʻm, 2015-yilda 25 trillion 423,1 milliard soʻm, 2020-yilda 88 trillion 130,3 milliard soʻmni tashkil etgan boʻlsa, 2022-yilga kelib 130 trillion 767,1 milliard soʻmga yetdi. Yillar boʻyicha tahlil qilinganda, qurilish ishlari hajmi yiliga oʻrtacha 10 trillion 210,1 milliard soʻmdan koʻpayib borganini koʻrish mumkin.
Qurilish sohasining mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojlanishidagi oʻrni ham mustahkamlanib bormoqda. Iqtisodiyotimizning holatini aks ettiruvchi asosiy koʻrsatkich – yalpi ichki mahsulot hajmi 2022-yilda 888 trillion 341,7 milliard soʻmga teng boʻldi va uning tarkibida qurilish sohasining qoʻshilgan qiymati ulushi 6,7 foizga yetdi.
Taqqoslash uchun: Oʻzbekistonda qurilish faoliyati qoʻshilgan qiymatining respublika yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 2010-yilda 5,4, 2015-yilda 5,7 va 2020-yilda 6,7 foizni tashkil etgan edi.
Koʻrinib turibdiki, ushbu sohaning iqtisodiyotimizdagi oʻrni oshib bormoqda. Investitsiya va qurilish faoliyati natijasida yaratilgan quvvatlar, ijtimoiy soha obyektlari respublika iqtisodiyotining yanada oʻsishiga zamin yaratmoqda.
2017-yildan mamlakatimizda barcha sohalarda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, iqtisodiyotni liberallashtirishga qaratilgan islohotlarning yangi bosqichi boshlandi. Qurilish tarmogʻi boʻyicha ham shu yildan boshlab hajmning ortib borgani, yaʼni 2017-yildagi YAIMdagi qurilish ishlarining qoʻshilgan qiymati ulushi 5,4 foizdan 2022-yilga kelib 6,7 foizga koʻtarilgani eʼtiborni tortadi.
2023-yilning yanvar–aprel oylarida Oʻzbekistonda 41,7 trillion soʻmlik qurilish ishlari bajarilgan. Uning hajmi 2022-yilning mos davriga nisbatan 4,6 foizga oshgan.
Hududlar kesimida qurilish faoliyati tahlil qilinganda, yaratilgan infratuzilmalar, aholi soni va talabning yuqoriligidan kelib chiqqan holda, Toshkent shahrida eng koʻp qurilish tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. 2023-yil 1-yanvar holatiga ular respublikada faoliyat yuritayotgan jami qurilish tashkilotlarining 20,5 foizini yoki 9 ming 584 tani tashkil etgan. Ular tomonidan 2022-yilda bajarilgan bunyodkorlik ishlari hajmi esa mamlakatimizdagi jami qurilishlarning 24,4 foiziga teng boʻlgan.
Undan keyingi oʻrinda Toshkent viloyati turadi. Mazkur hududda respublikaning 8,8 foiz yoki 4 ming 108 ta qurilish korxona va tashkiloti faoliyat yuritib, ular tomonidan respublikaning 9,3 foiz qurilish ishlari bajarilgan. Qolgan hududlarda qurilish korxona va tashkilotlari ulushi 3,6 dan 8,4 foizgachani tashkil etib, bajarilgan bunyodkorlik ishlari hissasi 2,5 dan 6,7 foiz oraliqni qamrab olgan.
2023-yilning dastlabki toʻrt oyida amalga oshirilgan jami qurilish ishlari hajmida Toshkent shahri (23,9 foiz) va Toshkent viloyati (9,3 foiz) peshqadamlik qilgan boʻlsa, keyingi oʻrinlarni Fargʻona (6,4 foiz), Samarqand ( 6,1 foiz) va Qashqadaryo (6 foiz) viloyatlari egallagan.
Qurilish ishlari aholi sonining oʻzgarishi bilan qiyoslansa, 2010-yilda aholi jon boshiga hisoblangan bunyodkorlik ishlari hajmi 288,7 ming soʻmga teng boʻlsa, 2022-yilga kelib u 3 million 668,3 ming soʻmga yetgan. Uning real oʻsishi 2022-yilda 6,6 foizga oshdi. Mazkur yildagi hajm 2010-yilga nisbatan real oʻsish surʼati 4-marta, 2015-yilga nisbatan esa 2-marta koʻproqqa oʻsdi.
Yana bir eʼtiborli jihati, qurilish ishlarining asosiy qismi yangi obyektlarni barpo etishga qaratilgani bilan ajralib turadi. Respublika boʻyicha bunyodkorlik ishlaridagi yangi qurilishlarning ulushi yillar davomida 70–80 foiz atrofida boʻlib kelmoqda. Bu esa iqtisodiyotimiz rivojlanishida, eng avvalo, yangi quvvatlar, ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega infratuzilmalar, obyektlarni barpo etish orqali ishlab chiqarish salohiyatini oshirishga, mamlakat ijtimoiy holatini yaxshilashga katta urgʻu berilayotganidan dalolatdir. Bunday jarayon rivojlanayotgan davlatlarga xos holat hisoblanadi.
Yangi qurilishlar natijasida barpo etilayotgan barcha tarmoqdagi obyektlar mamlakatimiz rivojlanishiga katta hissa qoʻshmoqda. Bunda ijtimoiy soha obyektlari alohida oʻrin egallaydi. Jumladan, aholi sonining oʻsib borishi tendensiyasiga ega boʻlgan yurtimizda aholining uy-joy bilan taʼminlanganligi muhim ahamiyat kasb etadi. Bu yoʻnalishda mamlakatimiz boʻyicha 2022-yilda jami 75,9 ming xonadonga moʻljallangan 14189 ming kvadrat metr turar joylar foydalanishga topshirildi. Maʼlumot uchun, 2010-yilda 75,2 ming xonadonga moʻljallangan 8859,2 ming kvadrat metr, 2015-yilda 88,2 ming xonadonga moʻljallangan 12052,7 ming kvadrat metr va 2020-yilda 86,3 ming xonadonga moʻljallangan 12867,9 ming kvadrat metr turar joy foydalanishga topshirilgan edi. Umuman olganda, soʻnggi 10 yilda jami 994,2 ming xonadonga moʻljallangan 137323,4 ming kvadrat metr turar joy foydalanishga topshirilgan.
Turar joylar barpo etish boʻyicha 2022-yilda Namangan viloyati yetakchilik qildi. Hududda 10,2 ming xonadonga moʻljallangan 1399,8 ming kvadrat metr turar joy qad rostladi. Shuningdek, Toshkent (7,6 ming xonadonga moʻljallangan 1593,2 ming kvadrat metr) va Surxondaryo (7,4 ming xonadonga moʻljallangan 1289,2 ming kvadrat metr) viloyatlarida ham nisbatan baland koʻrsatkichlar qayd etildi.
Sogʻliqni saqlash sohasiga tegishli boʻlgan obyektlardagi kasalxona va poliklinikalar boʻyicha tahlil qiladigan boʻlsak, oxirgi 10 yilda jami 79 ming 427 oʻringa moʻljallangan kasalxonalar hamda 114 ming 936 qatnovga moʻljallangan poliklinikalar foydalanishga topshirilgan. Kommunal xoʻjaligi boʻyicha oxirgi 10 yilda 37 ming 577,5 kilometr uzunlikdagi suv quvurlari va 3 ming 409,1 kilometr uzunlikdagi gaz tarmoqlari tortilgan.
Mamlakatimizda bir vaqtning oʻzida boshlangan eng yirik qurilish bu Toshkent shahridagi “Tashkent city” xalqaro ishbilarmonlik markazining bunyod etilayotganidir. Uning maydoni 80 gektar boʻlib, unda biznes, turar joy va koʻngilochar binolarni oʻz ichiga oluvchi ishbilarmonlik hududi yaratilmoqda.
Shuningdek, yurtimizning turistik salohiyati yuqoriligi sababli ushbu yoʻnalishda ham keng koʻlamli qurilishlar olib borilayotganini alohida qayd etish lozim. Bu jihatdan Samarqand viloyatidagi Samarqand xalqaro aeroportining yangi terminali, Imom Buxoriy majmuasi hamda “Silk road Samarkand” turistik markazining qurilishi eʼtiborga molik. Birgina “Silk road Samarkand” turistik markazi majmuasidagi xotellar, xalqaro kongress markazi, “Boqiy shahar” majmuasi turli xalqaro anjumanlar oʻtkazish, xorijlik va mahalliy sayyohlarni jalb qilishda katta oʻrin tutadi.
Neft va gaz, energetika, kimyo va togʻ-kon sanoatlarida amalga oshirilgan yirik loyihalardan Surgil konlarini oʻzlashtirish bilan uning asosida Ustyurt gaz-kimyo majmuasining qurilishi, Kandim konlari, Xauzak va Shodi konlarini oʻzlashtirish va zamonaviy gazni qayta ishlash zavodining barpo etilishi, Oʻzbekiston – Xitoy gaz tarmogʻi, Angren–Pop temir yoʻl liniyasi, Shoʻrtan gaz-kimyo majmuasida tozalangan metan asosida suyultirilgan sintetik yoqilgʻi ishlab chiqarishni tashkil etish, Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyasi va boshqa koʻplab shunday inshootlar, sement va boshqa qurilish materiallarini ishlab chiqarish zavodlarini misol sifatida keltirish mumkin. Ularning ishga tushirilishi mamlakatimiz iqtisodiyoti rivojiga katta hissa qoʻshmoqda.
Muxtasar aytganda, hozirgi kunda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari kelajakda koʻp tarmoqli iqtisodiyotni rivojlantirishda indikator vazifasini bajaradi. Arxitektura va qurilish sohasini boshqarishning samarali mexanizmlarini joriy etish, hududlarning zamonaviy qiyofasini shakllantirish, hayot va tadbirkorlik uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan shaharsozlik faoliyatini sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish bugungi kunning ustuvor vazifasiga aylanib bormoqda.
Gap qurilish sohasidagi bunyodkorlik ishlari tahlili haqida borar ekan, miqdoriy rivojlanishdan sifat jihatidan taraqqiyotga oʻtishda bir qator muhim jihatlarga eʼtibor berish lozim boʻladi. Jumladan, birinchidan, biznes muhitini yaxshilash, investorlar uchun yanada keng imkoniyatlar va jozibadorlikni yaratishga qaratilgan islohotlarni kengaytirish, ikkinchidan esa, ishbilarmonlik faoliyati, shu jumladan, qurilish faoliyatini olib borish uchun respublikaning barcha hududlarida infratuzilmalarni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish talab etiladi.
Shuningdek, qurilish ishlarida sifat meʼyorlariga rioya qilinishini nazorat qilishni yanada yaxshilash, qurilish materiallari ishlab chiqarilishini yanada kengaytirish hamda ularning sifat jihatidan xalqaro raqobatbardoshligini taʼminlash, bundan tashqari, qurilish ishlari sifatini oshirish zarur.
Zero, har qanday iqtisodiy-ijtimoiy faoliyat qurilishdan boshlanadi, ayniqsa, rivojlanayotgan davlatlarda bu yaqqol namoyon boʻladi.
Javlon SOIPOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Statistika agentligining investitsiyalar va qurilish
statistikasi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari









