Galdagi muloqot 12-yanvarda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Loyiha muhokamasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, siyosiy partiyalar va nodavlat notijorat tashkilotlari, Yoshlar parlamenti, Yoshlar ishlari agentligi vakillari oflayn va onlayn tarzda ishtirok etdi. Dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha milliy markaz direktori Akmal Saidov Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasinining muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi.
7ta ustuvor yo‘nalish, 94 maqsaddan iborat mazkur Strategiyaning oliy maqsadi sifatida inson qadrini yuksaltirish, erkin fuqarolik jamiyatini yanada yuksaltirish, mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish belgilangan. Jumladan, mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish maqsadida fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlarini kengaytirish, ularning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish, fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta'minlash, mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, barcha mahalla raislarida boshqaruv asoslari, bandlikni ta'minlash, bank-moliya, tomorqa, yer, chorvachilik va parrandachilik bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Tadbirda «davlatchilik mahalladan boshlanishi», Konstitutsiyaga ham mahallaga oid bob kiritish, mahalla institutlarining yangi huquqiy mexanizmlarini yaratish zarurligi alohida ta'kidlandi. Muhokamalarda ham fuqarolarning ko‘proq mahalla instituti yo‘nalishiga qiziqishi kattaligini ko‘rish mumkin. Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati, o‘qituvchilar va shifokorlar oylik maoshlarini bosqichma-bosqich 1 000 dollar ekvivalentiga yetkazish masalasida bildirilayotgan takliflar ko‘p.
Yoshlar ishtirokida o‘tkazilayotgan muloqotlarda mahallalarda ijtimoiy tahlil, aholining demografik holatini o‘rganishning aniq mezonlari yo‘qligi dolzarb masala sifatida qaralgan. Shu boisdan mahallalarda ijtimoiy tadqiqotlar olib borish, tumanlarda shu kabi tadqiqotlarni olib boruvchi markazlar tashkil etish takliflari berilmoqda. Xalq deputatlari kengashlarida «Deputatlar reytingi»ni e'lon qilish va ular faoliyatiga huquqiy baho berish masalasi ham kun tartibiga olib chiqilishi kerakligi aytilyapti.
Tadbir ishtirokchilari, shuningdek, davlat va jamiyat qurilishini yanada isloh qilish, iqtisodiyot, sud-huquq tizimini, ijtimoiy sohani liberallashtirish, pragmatik tashqi siyosat yuritish bo‘yicha ham o‘z fikr va takliflarini bildirdi.
Ma’lumot uchun, shu kunga qadar o‘tkazilgan muhokamalarda 400 dan ziyod NNTlar vakillari, 200 dan ziyod xorijdagi vatandoshlar, 100 dan ziyod senator va deputatlar, 500 dan ziyod mahalliy deputatlar ishtirok etdi. «Yuksalish» harakatining 13 minga yaqin a’zolaridan ham 1 000 dan ziyod takliflar kelib tushdi. Dunyoning nufuzli 500 ta «aql markazlari»ga Taraqqiyot strategiyasi loyihasi xorijiy tillarga tarjima qilingan holda yuborilyapti.
Eslatib o‘tamiz, Yangi O‘zbekistonning 2022–2026-yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi loyihasi ayni paytda regulation.gov.uz, jamoatchilik.uz va 2022-2026.strategy.uz elektron platformalari orqali keng jamoatchilik o‘rtasida muhokama qilinyapti. Platformalar orqali fuqarolarga o‘z takliflarini yozib qoldirish imkoniyatlari ham yaratilgan.
«Yuksalish» umummilliy harakati matbuot xizmati.