Taraqqiyot tonggi

    Dunyodagi xalqlar, davlatlar rivojida yangi kunning boshlanishi hamisha fayzli va tarovatli.

    Subhidam... Zulmat pardalari asta-sekin surilib, olam yorugʻlikka chulgʻana boshlaydi. Osmonda oq kemalardek suzib yurgan parqu bulutlar orasidan asta yuz ochayotgan quyosh nurlari bora-bora yorqinlashib, butun olamni nurafshon etadi. Ona zamin uzra gilamdek toʻshalgan yashil maysalardan to gurkirab barq urayotgan, qushlarning chugʻuri tutib ketgan qadrdon bogʻlar, osmonga boʻylashib, yangi kunga taʼzim qilayotgan azim chinorlar, bagʻrida qizgʻaldoqlarni allalab, ufqqa qadar yastanib yotgan qir-adirlaru magʻrur pahlavonlardek koʻkrak kerib turgan, sodiq doʻstning yelkasidek purviqor togʻlargacha shu oftobning nuridan bahra oladi. Zamindan oʻz rizqini terayotgan chumolidan tortib, insoniyatga qadar shu nurga, yorugʻlikka intilib yashaydi. Yaproqlar yuziga qoʻngan billur shudringlar ham quyosh jilosi oldida tomchilarga aylanib toʻkiladi, kunduz tantanasi oldida butun koinot bosh egadi.

    Tong otar. Lolarang ufqda koʻzim,

    Sukut ogʻushida tin olar quyosh.

    Ushbu satrlarda ham Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Erkin Vohidov tongni eng nafis soʻzlar bilan tarannum etar ekan, koʻz oʻngimizda sukut ogʻushida tin olayotgan quyosh timsolida tinchlik sururi bilan xotirjam yashayotgan odamlar hayoti, sokin koʻchalar, qadrdon mahallalar gavdalanadi.

    Ha, bizni qarshi olayotgan tongni olam, aslida, shunday muzaffarlik bilan kutib oladi. Qora tun changalida ziyo istab azoblangan koinot zimiston tutqunidan xalos boʻlar ekan, yuzi anordek qizarib, quyoshdan laʼl tus oladi va tabiat shirin entikadi.

    Nihoyat tabiat uygʻona boshlaydi. Yangi kunning yorligʻi boʻlgan subhidam elning oʻzidek toza, qalbidek tiniq buloqlar, kelinchak tabassumidek begʻubor, ulugʻlar duosidek muqaddas tuproq, ona kaftidek issiq maskanni koʻzi qiyib tashlab ketolmay, uzoq turib qoladi. Bu diydor anglatadiki, bizning yurtga tonglaru subhidamlar zebu ziynatdek yarashadi.

    Biz ildizlari ming yillik sarchashmalardan obihayot simirgan, asrlar silsilasida toblanib, oʻz davrida dunyoga egalik qilgan, janglarda jasorat alangasini yoqqan, olovlarda yonib, qaqnus kabi oʻz kulidan qayta yaralgan, oriyati togʻ, bahodirlarga beshik tutgan, hurriyat tonglarini ming tun aro umidvor kutgan zamin farzandlarimiz. Har bir qorongʻi tundan oppoq tongni asragan, quyoshga yelka tutgan, navqiron va barhayot millatmiz! Qadriyatlarimiz, anʼanalarimiz, tariximiz, maʼnaviy merosimiz, asliyatimizni avloddan avlodga bus-butun yetkazish masʼuliyatini olgan ildizlarmiz.

    Osuda osmon ostida otayotgan har tongiga, oʻtayotgan har kuniga shukrona qilib yashayotgan nuroniylarimiz, saharmardonni tandirdan chiqib, ikki yuzi shirmoydek qizarib, bir savat issiq non bilan qarshilayotgan onajonlarimiz, quyoshdan oldin turib, koʻcha yuzini tongga sarishta koʻrsatayotgan kelinlarimiz, qoʻli koʻksida “Assalomu alaykum”, deya millat tarbiyasini namoyon etayotgan yoshlarimiz, xalqimizning fayzga va mehrga toʻla dasturxoni — bularning barchasi yangi Oʻzbekiston subhidamining goʻzal chizgilari.

    Mamlakatimiz uzra yangi tong, yangi davr nafasi taralishi, xalqimizning uzoq davom etgan qaramlik uyqusidan uygʻonishi yurt osmonida munavvar tonglarning ota boshlaganidan darak bersa ham, aslida, oftobni berkitib turgan qora bulutlarning butkul tarqalishi uchun chorak asr vaqt ketdi. Bu davr mobaynida oʻrgimchak toʻridek chirmagan qoʻrquv, berklik kabi devorlar parchalanib, oʻzbek xalqining koʻksiga nihoyat erk shabadasi tegdi.

    Ming shukrki, bugun mamlakatimizda yuritilayotgan oqilona siyosat sharofati bilan sururli kunlar, chinakam munavvar tong lazzati xalqimizga nasib qildi. Manglayimizda porlab turgan tole quyoshi bugun yoʻlimizni yoritib, yorugʻ manzillarga chorlamoqda. Shu pallada Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripovning quyidagi misralari shuurimizda asta pichirlaydi:

    Hoy oppoq tong, latofatli tong,

    Sen gulshanga gul boʻlib qoʻnding.

    Darhaqiqat, bu gulshanga gul misoli yarashgan tong endi bogʻu boʻston bunyod etmoqda. Zero, bu tonglar shunchaki otgan tonglar emas, ular uchun minglab yuraklar tutilgan, millionlab umidlar tikilgan. Bu farahbaxsh kunlarga yetishni orzu qilgan, hurriyat tonglariga yetmoq uchun jonini tikkan jadidlar ham, aslida, shu subhidamlarning nasimlari, desak ayni haqiqat boʻladi.

    Qattol davrlar buhronini yorib chiqqan yangi hayot tongi, millat qalbini isitgan maʼrifat quyoshi, yorugʻ kunlarni jasorat bilan yetaklab kelganlar shu yurtning peshonasida yaraqlagan tole yulduzidir. Shu bois, elga xizmat qilish shu vatanga daxldor har bir insonning asosiy maqsadi, maslagiga aylandi.

    Bugun yurtning har qadamida oʻzgarish, yangilanish... Endi shu oʻzgarishlar toʻlqinida odamlarning oʻz kelajagiga, ertangi kuniga munosabati oʻzgardi, hayotga, unib-oʻsgan zaminiga muhabbati, jamiyatga eʼtibori oshdi. Inson va uning manfaatlari oliy qadriyat ekanini qalban his etdik. Demakki, yangi Renessans ostonasida davr va makon, maqsad va burch, islohotlar va samara, yetakchi va yelkadoshlar birligi — yangi Oʻzbekiston mafkurasida jamuljam boʻldi. Mana endi xalqimiz yorugʻ kunlar ichra yashamoqda va yashnamoqda. Ortga bir on nazar solar ekanmiz, nechogʻliq parvoz qilganimizni beixtiyor anglab, dildan shukronalar keltiramiz. Hayotimizda subhidam boshlandi.

    Bu tonglar qadriga yetish har birimizning insoniy burchimiz. Bu borada yoshlarimiz, ayniqsa, tashabbuskor boʻlmogʻi lozim. Uchinchi Renessans bunyodkorlari boʻlgan oʻgʻil-qizlarimiz shu mushohadalar orqali qalblari tugʻyonlanib, hayotda yuksak marralarga erishish uchun tinimsiz mehnat, qatʼiyat va shijoat, fidoyilik, ilmu maʼrifat, sadoqat va yetuk tarbiyani jismu jonlariga mujassam etsa, quyosh eng pokiza subhidamlarni millatga baxshida qilaveradi, munavvar tonglar otaveradi...

    Bahodirjon ShERMUHAMMADOV,

    pedagogika fanlari doktori, professor


    hamkorlik material