Har safar bugungi hayotimiz haqida oʻylasam, xotin-qizlar, yoshlar bilan gaplashsam, ular oʻz oilasidagi, shaxsiy hayotidagi yaxshi oʻzgarishlarni maroq bilan aytib bersa, xayolimdan shu gap oʻtadi: “Barcha orzu-niyatlarimiz, intilishimiz, ezgu amallarimiz, mashaqqatli mehnatimiz, kechani-kecha, kunduzni-kunduz demasdan amalga oshirayotgan saʼy-harakatlarimiz — hamma-hammasi bizga katta umid bilan boqib turgan xalqimiz uchundir. Bu borada ijtimoiy yoʻnalishdagi islohotlarimiz alohida ahamiyatga ega, albatta”. Ha, bu Prezidentimiz qatʼiy taʼkidlagan gaplar. Yurtimizda amalga oshirilayotgan katta va xalqchil islohotlarning bosh asosi.
Yana har safar yangi qiyofa kasb etgan jamiyatimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan yuksak eʼtibor haqida mulohaza yuritganimizda, ayol zotini ulugʻlash Allohga xush yoquvchi amallardan ekaniga ishonamiz. Bejiz emas, muqaddas Qurʼoni karimning eng katta suralaridan biri — “Niso”, yaʼni “Ayollar”, deb ataladi. Bu surada Yaratganning oʻzi insonlarni ayollarga adolatli munosabatda boʻlishga daʼvat etadi.
Shunday ekan, yangi Oʻzbekistonda xotin-qizlar siyosatiga daxldor har bir saʼy-harakatni faqat olqishlash mumkin. Bugun kim bilan suhbatlashmang, u xoh uyda oʻtirgan ona boʻlsin, xoh tadbirkor, xoh ijtimoiy himoyadan bahramand ayol boʻlsin, barchasi shu fikrni aytadi.
Mana shu odil yoʻl yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻrtinchi yoʻnalishi — adolatli ijtimoiy siyosat yuritish, inson kapitalini rivojlantirish maqsadlarida ham oʻz aksini topgan. Eʼtibor bersak, shu yoʻnalishdagi 34 ta maqsadning hammasida farovon oila, sogʻlom farzandlar tarbiyasi, xotin-qizlar ijtimoiy himoyasi, odamlarimiz turmush sharoitini yaxshilash asosi boʻy koʻrsatadi.
Bundan anglashiladiki, biz toʻgʻri va maqsadli yoʻldamiz. Endi vazifamiz katta marralarni zabt etish. Demak, yangi va hayotiy ehtiyoj bilan yoʻgʻrilgan islohotlarni amalga oshirishga huquqiy asos ham yaratishimiz kerak. Shu maʼnoda, “Harakatlar strategiyasidan — Taraqqiyot strategiyasi sari” qadam qoʻyganimizning oʻzi katta natija ekanini eʼtirof etish oʻrinli boʻladi.
Mushohada qilib koʻrsak, zamonlar osha insoniyat yashash tarzi va tutumlari oʻzgara borganini koʻramiz. Bu tabiat kuchi, tamaddun ehtiyoji. Shunga monand jamiyatdagi qonunlar, yashash formulasi, qarashlar va maqsadlar ham takomillashib boraveradi. Bugun ham shunday. Xalqimiz yangi davr, yangi taraqqiyot bosqichiga qadam qoʻydi. Hayotimizni oʻzimiz orzu qilgandek yaxshi tomonga oʻzgartirish maqsadimiz bor. Bu yoʻlda oʻtgan 6 yil davomida koʻp yaxshi yutuqlarni qoʻlga kiritdik, albatta. Lekin islohotlar toʻxtab qolmasligi kerak. Hayotiy zarurat, tabiat qonuni shuni talab qiladi.
Konstitutsiyaviy islohotlar ham bizni ezgu maqsadlar sari boshlaydigan muhim qadam, hal qiluvchi ahamiyatga ega jarayondir. Aytish joizki, qonun ustuvor davlat, oila va mahalla institutining oʻrni barqaror jamiyat doim gullab-yashnagan, dunyoda obroʻ bilan oʻz mavqeiga ega boʻlgan. Shunday ekan, yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan keng koʻlamli vazifalar mamlakatimizdagi tub islohotlarga mos yangi konstitutsiyaviy-huquqiy muhitni yaratishni taqozo etmoqda.
Bugun Konstitutsiyaviy qonun loyihasi keng jamoatchilik, xalqimiz muhokamasida boʻlib turibdi. Bu qonun loyihasi yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining huquqiy asoslarini yanada takomillashtirishga xizmat qilishiga shubha yoʻq.
Eʼtiborli jihat, mazkur qonun loyihasini tayyorlashda, yaʼni Konstitutsiyaga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritishda milliy qonunchilik, qadriyatlar va huquqni qoʻllash amaliyoti, oʻzbek davlatchiligining tarixiy tajribasi inobatga olindi. Eng muhimi, insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlash sohasidagi xalqaro standartlar nazardan qoldirilmadi. Demak, biz huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlatni barpo etish yoʻlidamiz.
Yana bir jihatni eʼtibordan chetda qoldirmaylik. Konstitutsiyaviy tuzatishlar, birinchi navbatda, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamiga mansub boʻlgan fuqarolarning muayyan shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy, ekologik huquq va manfaatlarini kafolatli taʼminlashga, himoya qilishga qaratilgan toʻgʻridan-toʻgʻri ishlaydigan normalarga aylanadi. Unda asosiy kafolat — fuqarolarimizning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadi sifatida namoyon boʻladi.
Men bugun davlat xizmatchisiman. Shu bilan birga, ayolman. Ayol sifatida munosib yashashga, jamiyatning teng huquqli aʼzosi boʻlishga, farzandlarim kamolini, baxt bilan kafolatlangan yorugʻ kelajagini koʻrishga haqliman. Shu bois, yangilanayotgan Konstitutsiyamizning ana shu jihatlariga befarq boʻlolmayman.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan boʻshatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi aytilmoqda.
Bu — endi hech bir ayol qalbida ertangi kuniga nisbatan shubha-gumon, hadik boʻlmaydi, degani. Har bir ona sogʻlom farzandni dunyoga keltiradi, degani. Sogʻlom farzandlar esa bizning, vatanimizning qudratli ertasi, degani.
Nima uchun shunday xulosaga kelyapmiz? Sir emas, shu paytga qadar koʻp tashkilotlar xotin-qizlarni ishga olishga shoshilmagan. Ayollarga nisbatan “Homilador emas ekanmi, shunday boʻlsa, bugun ishga kirib, ertaga “dekretga” chiqib oladi, ortiqcha pul toʻlaganimiz qoladi”, degan qarash borligi ham ochiq haqiqat-ku! Oliy taʼlimni tugatib kelgan qizlarga esa, “Ha, bu ishga kirishi bilan erga tegib ketadi, keyin ish bermaydi”, degan yashirin vajlar ham uchrab turadi.
Endi mana shu nomaqbul amaliyotga konstitutsiyaviy darajada barham berilishi, albatta, oʻzbekistonlik ayollarni, ularning yaqinlari va farzandlarini ham xursand qilishi tabiiy.
Konstitutsiyada majburiy mehnatdan va bolalar mehnatining eng yomon shakllaridan foydalanish taqiqlanadi hamda bu qonunga koʻra javobgarlikka sabab boʻladi, deyilmoqda.
Yangi Oʻzbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berilganiga ham bir necha yil boʻldi. Paxta dalasidan beri kelmaydigan yosh avlod bugun faqat bilim egallash, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qoʻshish bilan mashgʻul. Koʻcha supurish, daraxtlarni oqlashga vaqt sarflab, kunni nadomat bilan oʻtkazib kelgan oʻqituvchi-murabbiylarning hozir oʻz masʼuliyatidan boshqa oʻyi yoʻq.
Bugun esa ularning haq-huquqlari va asosiy vazifasini Konstitutsiya maqomiga koʻtarib chiqish arafasidamiz. Bu asos bizni koʻp yorugʻ manzillar sari eltishi, ishtiyoq bilan kirishganimiz — Uchinchi Renessans hodisasiga keng huquqiy yoʻl ochishi shubhasiz.
Konstitutsiyamizga oila institutini mustahkamlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar ham kiritilmoqda.
Jumladan, “Nikoh ayol va erkakning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi”, deyiladi. Bu oʻzgartirish juda katta ijtimoiy ahamiyatga ega boʻlib, zamirida xalqimizga xos milliy-axloqiy qadriyatlarni ulugʻlash tuygʻusi mujassam.
Dunyoning koʻplab mamlakatlarida bir jinslilar nikohiga yoʻl qoʻyilayotgan bugungi davr millat maʼnaviyati, ulugʻ qadriyatlarimizni konstitutsiyaviy qonunimiz himoya qilishi lozimligini koʻrsatmoqda. Qolaversa, bugungi kunning dolzarb muammolaridan biri oilaviy kelishmovchiliklar, er tomonidan ayolga nisbatan tazyiq va zoʻravonliklarni bartaraf etishga aynan shu oʻzgartirish orqali yechim topish mumkin. Yaʼni nikoh ikki tomonning qatʼiyan teng huquqliligiga asoslanishi qonun orqali mustahkamlanishi, fuqarolarning qonun oldidagi oʻz majburiyat va vazifalarini jismoniy shaxs sifatida his etishiga turtki boʻladi.
Bugun har bir oila davlatimiz eʼtiborida. Oʻzgarishlar shukuhini oʻz hayotida sezmagan biror-bir fuqaro yoʻq. Zero, maqsadimiz ham shu — Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, yangi Oʻzbekistonni oʻz hayotidan rozi, baxtli insonlar mamlakatiga, har tomonlama rivojlangan ijtimoiy makonga aylantirish.
Shunday ekan, boshlangan bu ishlarimiz endi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanadi va shu huquqiy asos bilan yangi maqsadlarimizni amalga oshiramiz.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasida davlat oilaning toʻlaqonli rivojlanishi uchun zarur boʻlgan ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratishi, koʻp bolali oilalarga qonunga muvofiq imtiyozlar va ijtimoiy kafolatlar berilishini taʼminlashi koʻzda tutilgan.
Bu oilaning jamiyat va davlat rivojidagi faol oʻrnini toʻgʻri baholash imkonini beradi. Demak, sogʻlom va mustahkam munosabatlarga tayangan oilalar zamonaviy barqaror jamiyat poydevori sifatida farovonlashadi. Bir soʻz bilan aytganda, yangi Oʻzbekiston milliy qadriyatlarni asrab-avaylaydi, oila deb atalmish muqaddas dargohning unib-oʻsishi, gullab-yashnashi uchun xizmat qiladi.
Mamlakatning porloq kelajagi oiladan qoʻr oladi. Boisi, bu muborak oshyonda sogʻlom farzand kamol topadi, topishi kerak. Shu haqiqat bizning Konstitutsiyada oʻz aksini topayotgani ham barchamizni quvontiradi. Yaʼni Asosiy qonunimizda bola manfaatlari alohida eʼtiborga olingan.
Jumladan, ota-onalar va ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻz bolalarini voyaga yetguniga qadar boqishi, ularning tarbiyasi, taʼlimi, sogʻlom, toʻlaqonli va uygʻun kamol topishi toʻgʻrisida qaygʻurishi shartdir.
Oʻylab qarasak, bugungi tahlikali zamonda farzandlarni sogʻlom tarbiyalash, hech kimdan kam qilmasdan voyaga yetkazish hammamiz uchun gʻoyat muhim vazifa boʻlib qolmoqda. Globallashuv shiddati ota-onalar, tajribali ustozlarni ham shoshirib qoʻyayotgani bor gap.
Yana bir gapni aytmasak boʻlmas. Dunyo bariga guvoh: och-yupun bolalar kammi, ularning ota-onalari farzandi och qolmasligi uchun har taqdirga tayyor.
Shunday murakkab sharoitda oʻzimizdagi sharoitni, tinchlik-omonlikni, xotirjamlikni koʻrib, faqat shukr qilamiz. Endigi navbat esa bu muhitni — kelajak tarbiyasini Konstitutsiya moddalari bilan mustahkamlashga keldi.
“Bolalar manfaatlari, bolalarning toʻlaqonli, jismoniy, aqliy va madaniy rivojlanishi uchun barcha shart-sharoitlarni yaratish davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishidir”.
Davlat siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishi, deyilmoqda. Shu oʻrinda davlatning boshi — farzand, degan maqol yodga tushadi. Bunda “davlat”ni boylik maʼnosida ham, oʻz fuqarolarining ijtimoiy-siyosiy huquqlarini himoya qiluvchi mustaqil mamlakat sifatida ham qabul qilgimiz kelaveradi. Xullas, bolalarimizning yorugʻ kunlari, farovon hayoti ham Konstitutsiya maqomida kafolatlanmoqda.
Qonun loyihasidagi quvonarli jihatlardan yana biri, mahalla institutini takomillashtirish, uning davlat va jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotidagi oʻrnini mustahkamlashdir.
Kiritilayotgan oʻzgartishga muvofiq, mahallalar davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi va oʻz vakolati doirasida mustaqildir. Davlat mahallalar faoliyatini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi, ularga qonunchilikda berilgan vakolatlarni amalga oshirishi uchun koʻmaklashadi.
Aholining turmush sharoiti, ijtimoiy ahvoli chuqur oʻrganiladigan, oʻz navbatida, isloh etishga koʻmaklashiladigan joy mahalladir. Mahallaning mustaqilligi, hokimiyat organlari tizimiga kirmasligi uning jamiyat hayotida mustaqil institutligini yana bir bor isbotlaydi.
Bugungi kunda aholining koʻplab muammosi mahallaning oʻzida yechim topmoqda. Bunda mahallaga berilayotgan vakolat va imkoniyatlar muhim asos boʻlayotir. Xususan, Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi vakili hisoblangan xotin-qizlar faollarining “mahallabay” va “xonadonbay” tizimda samarali ish olib borishida ham katta maʼno bor. Chunki xotin-qizlar muammolarini, ularning orzu-oʻylari, rejalarini, avvalo, mahallalarda yangi ish boshlagan xotin-qizlar faoli biladi va birinchi boʻlib yordamga keladi.
Shu tariqa, davlatning ikki qanoti boʻlmish oila va mahalla har tomonlama huquqiy jihatdan qoʻllab-quvvatlanishi kelgusida kuchli strategik pozitsiyaga ega hokimiyat rivoj topishiga asos boʻladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Konstitutsiyamizda “Inson qadri uchun” tamoyiliga asoslangan islohotlar natijasida kelgusida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami, nogironligi boʻlgan va koʻp bolali oilalarni qoʻllab-quvvatlash koʻlami kengayib, bu borada mustahkam tizim yaratiladi.
Zuhra MIRGʻOZIYEVA,
Toshkent viloyati hokimi oʻrinbosari,
Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshligʻi