Mamlakatimiz maʼrifiy-intellektual yuksalishning yangi ufqlari tomon intilmoqda. Bu saʼy-harakatlar zamiridagi vatan va millat manfaati, saodatli kelajak gʻoyasi xalqimizning “oqqan daryo oqaveradi”, degan purhikmat iborasiga hamohangdir. Zotan, buyuk ajdodlarimiz mavjlantirgan maʼrifat daryosi oʻzanlarini qayta tiklash yoʻlida qilinayotgan xayrli ishlar samara berishi muqarrar.

Prezidentimizning navbatdagi Murojaatnomasida 2022-yilda qilingan asosiy ishlar yakuni va mamlakatimizni 2023-yilda ijti moiyiqtisodiy rivojlantirishning eng muhim yoʻnalishlariga bagʻishlangan dolzarb masala va vazifalar bilan birga xalqimiz, xususan, yoshlarimizning maʼnaviyati, intellektual salohiyatini oshirish, iqtidorini roʻyobga chiqarish xususida ham salmoqli gaplar aytildi.

Iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy sohani jadal rivojlantirish, ilmiy-intellektual hamda moliyaviy resurslarni toʻliq safarbar etgan holda ilmiy-innovatsion salohiyatdan keng foydalanish zarurligi taʼkidlandi. Istiqbolda ilm-fanni muntazam isloh qilib borishning asosiy yoʻnalishlari belgilandi. Zamonaviy bilimga ega va mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilmiy infratuzilmani modernizatsiya qilish ishlarini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish yuksak milliy ahamiyatga molik masalalardan ekani qayd etildi.

Murojaatnomagacha boʻlgan davrda qilingan ishlar salmogʻi ham past emas. Masalan, oliy taʼlim sohasida sezilarli oʻzgarishlar roʻy berdi. Taʼlim muassasalarining qiyofasi oʻzgarib, moddiy-texnik bazasi yaxshilandi. Ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash kuchaytirildi. Ayniqsa, professor-oʻqituvchilarning daromadi ortayotgani ilm bilan shugʻullanuvchilar qatlamining yasharishiga xizmat qilyapti.

Innovatsiya yoʻnalishidagi alohida davlat tuzilmalari tashkil etilib, oliy oʻquv yurtlarida ham yangi boʻlinmalar ochildi. Oʻquv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini taʼminlash, talabalarning oʻz ustida ishlashi, oliy taʼlim muassasalarining ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish uchun 41 ta taʼlim muassasasiga akademik va moliyaviy mustaqil qaror qabul qilish vakolati berildi.

Bu Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida taʼkidlangan. Maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek, “Fikr tarbiyasi eng kerakli, koʻp zamonlardan beri taqdir qilinub kelgan, muallimlarning diqqatlariga suyalgan, vijdonlariga yuklangan muqaddas bir vazifadur. Fikr insonning sharofatlik, gʻayratli boʻlishiga sabab boʻladur. Bu tarbiya muallimlarning yordamiga soʻng daraja muhtojdurki, fikrning quvvati, ziynati, kengligi muallimning tarbiyasiga bogʻlidur. Dars ila tarbiya orasida bir oz farq bor boʻlsa ham, ikkisi bir-biridan oyilmaydurgan, birining vujudi biriga boylangan jon ila tan kabidur”.

Darhaqiqat, yoshlarni bilimli, malakali, jahon taraqqiyotiga mos mutaxassislar etib tayyorlash maqsadida taʼlim tizimi izchil rivojlantirilmoqda. Qolaversa, ulugʻ ajdodlarimizning ilm-fan sohasidagi buyuk kashfiyotlari va insoniyat tafakkuri rivojiga qoʻshgan ulkan hissasi jahon miqyosida eʼtirof etilgan. Ana shunday qutlugʻ anʼanalarni davom ettirib, yurtimizda ularga munosib farzandlarni tarbiyalash muhim vazifalardan hisoblanadi.

Bugungi kunda universitet va institutlarning oʻqitish faoliyati yanada takomillashtirilib, xalqimizning asrlar davomida shakllangan ilm sari intilish fazilati yana bir bor namoyon boʻlmoqda. Yoshlarimiz sogʻlom hamda goʻzal turmush kechirish, egallagan kasbi boʻyicha doimiy ish oʻrniga ega boʻlish, masʼuliyatni oʻz zimmasiga olish, insoniy qadr-qimmatini kamsitishga yoʻl qoʻymaslik, qisqacha aytganda, komillikka erishish uchun harakat qilyapti. Muhimi, bu jarayonda taʼlim olish muvaffaqiyatga erishishning eng asosiy sharti sifatida koʻrilmoqda.

Shunday boʻlsa-da, oʻqitish sifatini yaxshilash, oʻquv ishlarini bozor ehtiyojlari hamda xalqaro standartlar talablaridan kelib chiqib tashkil etish masalasida sezilarli oʻzgarishlar koʻzga tashlanmayapti. Shu bois, davlatimiz rahbari taʼlim sifatini oshirish — Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining yakkayu yagona toʻgʻri yoʻli ekani borasida soʻz yuritar ekan, soʻnggi yillarda oliy taʼlim muassasalari 2,5 barobar koʻpayib, 198 taga yetgani, qamrov darajasi 9 foizdan 38 foizga oshganiga alohida eʼtibor qaratdi.

“Biz bu raqamlarni yanada koʻpaytirishni maqsad qilganmiz. Lekin taʼlim sifati nima boʻladi, degan savol hammamizni oʻylantirishi kerak. Avvalambor, bunga har bir oliygoh oʻzi harakat qilishi lozim, oʻshanda natija boʻladi”, dedi Prezidentimiz. Oliy taʼlimga yondashuvni oʻzgartirib, uning sifati hamda darajasini koʻtarish haqida oʻylaydigan vaqt yetdi. Buning uchun uzoqqa borish shart emas. Murojaatnomada bayon qilingan reja va loyihalar mamlakatimiz taraqqiyotini, xalqimiz farovonligini yanada yuksak bosqichga koʻtarish bilan birga taʼlim sifati va samaradorligiga ham xizmat qiladi. Buning uchun bizdan bir oz fidoyilik, mehnat va mamlakat kelajagiga daxldorlik talab qilinadi, xolos.