Prezidentimiz 2022-yil 28-yanvarda “2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Shuningdek, aynan, shu kuni 2022-yil 28-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida maktab taʼlimini rivojlantirish masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Davlatimiz rahbari maktab taʼlimi, yoshlar tarbiyasi hayot-mamot masalasi ekanini taʼkidlar ekan.
Shunday dedi: “Bu sohadagi islohotlarni kechiktirishga haqqimiz yoʻq. Maktab taʼlimida poydevorni bugundan mustahkam qoʻyishimiz kerak. Bunga barcha eʼtiborimiz va resurslarimizni safarbar qilamiz. Qiyin yoʻlni tanlayapmiz, lekin shu yoʻl muammolarni yechadi”. Darhaqiqat, maktablarda kimlar oʻqiydi? Albatta, kelajagimiz boʻlmish, yoshlar. Shuning uchun ham oʻquvchi-yoshlarning bilimli, maʼnaviyatli, maʼrifatli boʻlib kamol topishida faqatgina Xalq taʼlimi vazirligi yoki maktab oʻqituvchilarning vazifasi emas, balki barchaning, xususan, ota-onalar, mahalla, ziyolilar hamda keng jamoatchilikning vazifasi boʻlishi kerakligi taʼkidlandi.
Hozirgi globallashuv sharoitida yoshlar tarbiyasiga bunday yondashuv oʻzining ijobiy natijalarini berishi shubhasiz. Chunki, oila, maktab, mahalla yoshlarning oʻzaro yaqinlashishi va jipslashishi uchun qulay sharoit yaratib beradi.
Maʼlumki, bola tarbiyasi oilaning bosh vazifasi hisoblanadi va bu vazifa nafaqat oilada, balki ijtimoiy jihatdan muhim boʻlganligi tufayli davlat va jamoatchilik tomonidan ham faol bajarilib kelingan va kelinmoqda.
Ushbu qadriyat va anʼanalarni davom ettirish maqsadida buguni kunda joylarda maʼnaviyat, maʼrifat va milliy mafkura asoslarini ochib beruvchi jonli misollar bilan targʻibot tashviqot ishlarini yanada takomillashtirishimiz zarurligini davrning oʻzi talab etmoqda.
Shu maʼnoda ulugʻ ajdodlarimiz qoldirgan meros, milliy urf – odat va qadriyatlarimizni yoshlarimiz ongiga yanayam taʼsirchan usullar bilan singdirish ularni maʼnan barkamol, yetuk qilib tarbiyalashda, yoshlarda oʻzlikni anglash, vatanpavarlik, islohotlarga daxldorlik tuygʻularining shakllanishida katta ahamiyat kasb etadi.
Ushbu vazifalarni amalga oshirish maqsadida bugungi kunda Respublikamizda Xalq taʼlimi vazirligi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi hamda Jurnalistlar ijodiy uyushmasining “Umumiy oʻrta taʼlim muassasalarida ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi lavozimini joriy etish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarori qabul qilingan boʻlib, hududiy tanlov komissiyalari xulosasiga koʻra, 10008 ta umumtaʼlim maktablariga ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi tayinlandi. Mazkur “Ijodiy-madaniy masalalar boʻyicha targʻibotchi” lavozimi har bir umumtaʼlim muassasasi uchun ajratilgan boʻlib, ushbu lavozimga yozuvchilar, shoirlar, jurnalistlar hamda ijodkor oʻqituvchilar tayinlanishi belgilangan.
Barkamol axloq va yaxshi hulq asta-sekinlik bilan shakllanadi. Xalq axloqiy mezonlari, qadriyatlari oʻtmish maʼnaviy merosi koʻhna ona zamin bilan bogʻliqdir. Ana shuning uchun axloqiy tasavvurlarimiz, odob maktabimiz, milliy qadriyatlarimiz va urf-odatlarimiz, madaniy merosimiz pirovard natijada millat uchun, uning obroʻsi va istiqboli uchun xizmat qilsagina boshqalarda ehtirom va havas tuygʻularini oʻygʻotadi, ana shundagina yoshlarimiz oʻz oʻtmishini, oʻzligini, qadriyatlarni, urf-odatlarini unutmaydi. Yaxshi fazilatlar, odatlar, anʼanalar, milliy qadriyatlar va buyuk bobolarimiz siymosi, ularning tarixiy merosi avlodlar yoʻlini shamchiroq yangligʻ yoritib boradi.
Milliy ongimiz va ruhimizni koʻtarish, ajdodlarimizni, oʻzligimizni tanishimiz, kelgusi va hozirgi avlodni toʻgʻri tarbiyalashimiz uchun insonparvarlik gʻoyalarini, mehr-muhabbat va rahm-shafqatni, odob-axloqni, xalqlar doʻstligini tarannum etgan Alisher Navoiy, Saʼdiy, Jomiy, Beruniy, Forobiy, Fuzuliy, Umar Hayyom, Bedil kabi buyuk mutafakkirlar ijodidan keng foydalanilmoqda. Bu sohada qilinayotgan ishimizda umuminsoniy qadriyatlarni targʻib qilgan din arboblari, jumladan Imom Buxoriy, Imom Termiziy singari muhaddislar, Imom Moturudiy, Burxoniddin Margʻinoniy, Ahmad Yassaviy, Soʻfi Olloyor, Rabgʻuziy, Gʻazzoliy, Bahouddin Naqshband, Xoʻja Axror singari shayx va ulamolar hamda islom ilohiyotchilari asarlarini oʻrganish, ular ijodining yangicha tahlil – talqinlari kishilarda katta qiziqish uygʻotmoqda.
Bugun yangi Oʻzbekistonning barcha goʻshalarida buyuk tarixiy obidalarimiz qaytadan tiklanib, qadamjolarga aylanmoqda, oʻlmas milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylashimiz esa oʻzligimizni teranroq anglashimizga olib kelmoqda.
Yangi Oʻzbekistonning kuch-qudrati manbai – xalqimizning umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligidir. Biz oʻz milliy qadriyatlarimizni saqlagan holda umuminsoniy qadriyatlarni chuqur hurmat qilishga ham eʼtibor qaratishimiz kerak.
Ilhom SUVONOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi
Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti Ilmiy kotibi,
falsafa doktori (PhD)