Oʻzini eng insonparvar davlat, deb butun dunyoga jar solgan shoʻro davlati tarix sahnasiga chiqqan kunidan boshlab undan sharmandalarcha tushgan kuniga qadar shunday gʻayriinsoniy va gʻayrimadaniy ishlarni amalga oshirdiki, uning gʻarbiy chegaralaridan sharqiy hududlariga qadar boʻlgan joylar qamoqxonalar va konsentratsion lagerlar bilan toʻlib-toshib ketdi. Oʻsha hududlarda zulmdan va ogʻir mehnatdan vafot etgan millionlab mahbuslarning ruhi hozir ham chinqirib yotibdi.
Kamina shu davrdagi oʻzbek xalqi tarixini xayolan varaqlar ekanman, mungli tariximizning “Oʻzbekistonda sovet hokimiyatining zoʻrlab oʻrnatilishi”, “Muxtoriyat uchun kurash”, “Bosmachilik harakati va uning tugatilishi”, “Jamoalashtirish kampaniyasi va xususiy mulkning tugatilishi”, “Sovetlarga qarshi tashkilotlarning tuzilishi va sovet davlati qatagʻon siyosatining boshlanishi” singari boblari koʻz oldimdan oʻtgandek boʻladi.
Shoʻrolar davridagi Oʻzbekiston tarixining qaysi davriga nazar tashlamaylik, Moskva oʻzbek xalqining yer osti va yer usti boyliklarini tashib ketish bilangina qanoatlanib qolmay, peshqadam vakillarini turli sababu bahonalar bilan muntazam ravishda qirib kelganini koʻramiz.
Oʻtgan asrning 20-yillaridan 90-yillarigacha boʻlgan davrda oʻzbek xalqi orasidan kimlar oʻzini millat fidoyilari sifatida koʻrsata olgan boʻlsa, oʻshalar birinchi navbatda qamoqqa olinib, otib tashlandi. Keyin ularning barcha maslakdoshlari, hatto oila aʼzolari va qarindosh-urugʻlarining manglayiga ham “xalq dushmani” degan mudhish yorliq yopishtirildi. Xalqning faxri va or-nomusi boʻlgan ilm-fan va madaniyat arboblari ham muntazam ravishda qirilib turdi.
Afsuski, biz shu vaqtgacha shoʻro hokimiyati yillarida Oʻzbekistondan qancha odamning otib tashlangani, qancha odamning xoki qamoqxona va lagerlarda qolib ketganini aniq bilmaymiz. Bu achinarli hol shoʻro davlatining qilich va qalqoni boʻlgan tashkilotlar tufayli yuzaga kelgan boʻlsa-da, uning shu paytgacha davom etib kelayotganida bugungi jamiyatning ham aybini yoʻq deb boʻlmaydi.
Biz, ilm va ijod ahli, shuning uchun ham kuni kecha Prezidentimiz tomonidan imzolangan tarixiy farmoyishni katta quvonch va mamnuniyat bilan kutib oldik.
Qatagʻon davri qurbonlari xotirasini eʼzozlash boʻyicha soʻnggi uch-toʻrt yil ichida shunday katta ishlar amalga oshirildi va amalga oshirilmoqdaki, bular, shak-shubhasiz, jamiyatimizda nafaqat tarixiy adolatni tiklash, balki xalqimiz dunyoqarashini oʻzgartirish, undagi ijodkor va bunyodkor kuchlarga qanot bagʻishlash, eng muhimi, yashash va ishlash tarzining oʻzgarayotgan jamiyat bilan uygʻunlashtirish ishiga toʻla xizmat qiladi.
Yuqorida aytib oʻtganimizdek, chor va shoʻro mustamlakachiligi yillarida roʻy bergan milliy ozodlik harakatlarida, erk va hurriyat uchun kurashlarda qatnashib qatagʻon etilgan ota-bobolarimiz soni hozirgacha aniq emas. Lekin shu narsa aniqki, chor va shoʻro mustamlakachiligi yillarida qatagʻon qilingan ota-bobolarimizning hammasini milliy ozodlik harakatlarida, erk va hurriyat uchun kurashlarda qatnashgan, deb boʻlmaydi.

Shu hol farmoyishda yozilgandek, “Nomlari aniqlangan qatagʻon qurbonlarining har biri haqida kitoblar, risolalar tayyorlash”, “Qatagʻon qurbonlari boʻlgan ajdodlarimizning har biri (taʼkidlar bizniki – N.K.) boʻyicha multimedia mahsulotlarini tayyorlash” shart emas. Hatto 1937-1938-yillardagi qatagʻon davrida siyosiy ayb bilan qamoqqa olingan kishilar koʻp boʻlmagan.
Oʻsha yillarda qamalgan aksar mahbuslar (masalan, soliq toʻlamaganlar, oʻgʻrilar, kallakesarlar)ning jinoiy ishlari keyinchalik qayta koʻrilgan va ularga qoʻyilgan ayb “siyosatlashib” borgan. Qatagʻon qurbonlari haqida kitob va risolalar, multimedialar tayyorlash, maktab va korxonalarda “xotira burchaklari”ni tashkil etish uchun ular hayotlik paytlarida shunga yarasha ommaga foydali ishlarni amalga oshirgan, ijtimoiy faoliyatlari va insoniy fazilatlari bilan hurmat qozongan kishilargina boʻlishlari kerak.
Biz shu vaqtgacha qatagʻon qurbonlaridan Abdulla Qodiriyning “Oʻtkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” romanlari va kichik nasriy asarlaridan iborat “Diyori Bakr” toʻplamini, Mahmudxoʻja Behbudiyning 2 jildlik, Fitratning 5 jildlik, Choʻlponning 4 jildlik, Ablulla Avloniyning 3 jildlik, Usmon Nosirning 2 jildlik, Munavvarqori Abdurashidxonov, Ibrat, Tavallo, Elbek, Hoji Muin, Botu kabi yozuvchilarning 1 jildlik asarlarini nashr etishga muvaffaq boʻldik. Qatagʻon qurbonlarining hayoti, ilmiy va ijodiy faoliyatiga bagʻishlangan yuzdan ortiq risola va maqola yozildi.
Agar Qatagʻon qurbonlari xotirasi muzeyida Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi, OʻzFA Oʻzbek tili, adabiyoti va folklori instituti, shuningdek, Tarix instituti vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, shu guruh qatagʻon qurbonlarining ilmiy va adabiy merosini oʻrganish va nashrga tayyorlash, shuningdek, ular haqida roman, qissa, drama, kinossenariy, monogafiya va risolalarni yaratish masalalari bilan shugʻullansa, 2021-2025-yillardayoq katta natijalarga erishgan boʻlardik.
Tajriba shuni koʻrsatadiki, qatagʻon qurbonlarining xalq va Vatanga, erk va hurriyat uchun kurashga bagʻishlangan hayoti va faoliyati haqidagi haqiqatning xalqqa ekran vositalari bilan yetkazilishi, ayniqsa, samaralidir.
Bundan ancha yillar avval, “Oʻzbekkino” endigina tashkil etilgan vaqtda uning rahbari Temurmalik Yunusov kino ijodkorlari oldiga Behbudiy, Fitrat, Qodiriy va Choʻlpon haqida 8-10 seriyali filmlarni yaratish vazifasini qoʻygan edi. Shu rejadagi Behbudiyga bagʻishlangan 8 qismli serial oʻsha yillardayoq suratga olingan boʻlsa-da, jadidlarga munosabat salbiylashgani uchun serial ekranga chiqmay qolgan.
Yaqinda “Oʻzbekkino”ning temir sandigʻida yotgan shu film syomkasi davom ettirilib, yana ikki qismli “Mahmudxoʻja Behbudiy” filmi suratga olindi. Balki yaqin vaqt mobaynida Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Choʻlpon singari buyuk istiqlol fidoyilariga bagʻishlangan seriallar ham suratga olinib, xalqimizning, ayniqsa, yoshlarning XX asrda dunyoga kelib, oʻzbek xalqining baxt-saodati, ilmiy-madaniy va ijtimoiy taraqqiyoti yoʻlida kurashgan ota-bobolarimiz haqida ham filmlar ijod qilinib, hayoti va amalga oshirgan ishlaridan ibrat olish mumkin boʻlgan ulugʻ ajdodlarimizning yorqin kinobrazlari yaratilsa.
Men yaqinda Behbudiyning “Qasdi safar” asarini qayta oʻqib chiqdim. 1914-yilda amalga oshirilgan shu safar vaqtida Behbudiy bir necha Sharq mamlakatlarida boʻlib, ulardagi mahobatli madrasalar va kalisolarni, boylar va kambagʻallarni oʻz koʻzi bilan koʻrgan.
Agar ikki din, ikki madaniyat uchrashgan joylar Behbudiyda katta falsafiy fikrlarni uygʻotgan boʻlsa, yevropaliklarning farogʻatli, mahalliy aholining esa gʻaribona kun kechirayotgani uni bu ziddiyat ildizlarini topishga undagan. Hozir Behbudiyning shu asari asosida “Behbudiy izidan” degan film suratga olinsa, ikki din, ikki madaniyat va ikki dunyoning shu vaqt ichida erishgan yutuqlari bilan birga yoʻqotgan boyliklarini ham koʻrish imkoniyati tugʻilgan boʻlardi.
Choʻlpon singari qatagʻon qurboni boʻlgan yozuvchilarining ham, bizga zamondosh boʻlgan yozuvchilarning ham qatagʻon mavzusidagi badiiy barkamol asarlarini ekranlashtirish yoki sahnalashtirish anʼanasini davom ettirish maqsadga muvofiq. Masalan, Izzat Sultonning “Qaqnus” sheʼriy dramasidagi shoʻro davri haqidagi achchiq haqiqat sahna orqali ham, ekran orqali ham xalqqa yetkazilsa, ayni muddao boʻlurdi.
30-yillardagi tergovchilar 20-yillardagi tergovchilardan farqli oʻlaroq, mahbuslardan koʻproq maʼlumot olishga, oʻzbek xalqi mentalitetini bilishga, yaqin tarixda roʻy bergan voqealar mohiyatini anglashga, kelajakda qamoqqa olinishi mumkin boʻlgan kishilarni oldindan oʻrganib kuzatib borishga harakat qilganlar.
Ulardan biri Munavvarqori singari milliy ruhda tarbiyalangan katta yoshdagi mahbuslardan, boshqasi esa Botu singari Rossiya shaharlarida taʼlim olgan yoshlardan yozma koʻrsatmalar berishni talab qilishgan. Mahbuslarning yozma koʻrsatmalari bilan tanishish jaryonida ularda yangi-yangi savollar paydo boʻlib, shu savollarga mukammal javoblar ham olishgan.
Shu tarzda ular ixtiyorida oʻzbek ziyolilarining XX asr boshlaridan 30-yillargacha boʻlgan davrda Turkistonda erk va hurriyat yoʻlida olib borgan harakati tarixi paydo boʻlgan. Bu yozma koʻrsatmalar bilan tanishish kaminada oʻsha yillardayoq ularning ilmiy ahamiyatga molik qismini kitob tarzida nashrga tayyorlash va eʼlon qilish istagini uygʻotgan. Afsuski, 90-yillarda bunday istaklarning amalga oshishi mahol edi. Balki “Oʻzbekistonning maxfiy tarixi (1900-1930-yillar)” degan yoki boshqa bir nom bilan shu materiallarni bugun eʼlon qilish lozimdir.

Kaminaning xuddi shu ruhdagi orzularidan yana biri jadidlarning “Sadoi Turkiston” va “Sadoi Fargʻona” singari gazetalari, “Yurt”, “Haqiqat”, “Maorif va oʻqituvchi” jurnallarida eʼlon qilingan, muhim ijtimoiy-madaniy masalalarga bagʻishlangan maqolalarni toʻplab, kitob shaklida eʼlon qilishdir.
Biz 90-yillarda Milliy xavfsizlik xizmati arxivida ishlay boshlaganimizda Komiljon Aliyev shu muassasaga rahbarlik qilgan. U fargʻonalik Haydarali Uzoqov degan tilshunos olim qoʻlida oʻqigani uchun Haydarali MXX kutubxonasidagi tintuv paytida olib ketilgan kitoblardan foydalanish imkoniga ega boʻlgan.
Menga shu narsa maʼlumki, hozir DXX deb atalgan muassasa kutubxonasi yoki turli fondlarida tintuv paytida olib ketilgan kitoblar, hujjatlar, qoʻlyozmalar, fotosuratlar anchagina. Balki 1937-1938-yillarda suratga olingan “Xalq dushmanlari” turkumidagi hujjatli kinofilmlar ham saqlangandir. Biz 90-yillardan shu kungacha boʻlgan davrda qatagʻon davri tarixi va uning qurbonlari taqdirini oʻrganib kelayotganimizga qaramay, shu vaqtgacha bu muhim manbalardan foydalanish imkoniga ega boʻlmay kelamiz.
Oʻylaymanki, “Qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishda belgilangan oʻta muhim vazifalarni bajarish uchun DXX ixtiyoridagi shu kutubxona va shu fondlarda ham ishlash talab etiladi. Shundagina biz baxtsiz ajdodlarimiz xotirasi oldidagi, tarix oldidagi burchimizni bajargan boʻlamiz.
Naim KARIMOV,
akademik