Ikkinchi jahon urushida O'zbekistondan 1 million 500 ming emas, qariyb ikki millionga yaqin  (1 million 951 ming) kishi urushda ishtirok etgan. O'sha yillari yurtimiz aholisi 6 million 551 ming kishini tashkil etgani inobatga olinsa, har uch kishidan biri Vatan himoyasi uchun jangga kirgan.

Oliy Majlis Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo'mitasi tomonidan “G'alaba bog'i” yodgorlik majmuasidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida tashkil etilgan “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilganlarni e'zozlash – O'zbekiston Respublikasi ijtimoiy siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri” mavzusidagi seminarda shu kabi ko'plab muhim ma'lumotlar keltirib o'tildi.

Seminar urush qatnashchilarini xotirlab, ularga bugungi ozod va obod yurt, tinchlik va fashizm ustidan qozonilgan buyuk g'alaba uchun minnatdorlik sifatida gul qo'yish marosimidan boshlandi.

Tadbir davomida davlatimiz rahbarining 2021-yil 20-aprel sanasidagi “Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag'batlantirish to'g'risida”gi farmoni hamda “Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish chora-tadbirlari to'g'risi”gi qarorining mazmun-mohiyati xususida so'z yuritildi. Shuningdek, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari va front ortida fidokorona mehnat qilgan faxriylarimiz qahramonligini keng jamoatchilikka yetkazish, yosh avlodni ota-bobolarimizga munosib, bugungi tinch, osoyishta hayotini asrab-avaylab, yanada mustahkamlashga qodir, Vatanga sadoqatli insonlar etib tarbiyalash borasidagi fikrlar aytildi. Bundan tashqari, so'zga chiqqanlar o'sha davr dahshatlari, o'zbek millatining ushbu davrdagi qahramonliklari, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan urush qatnashchilariga berilayotgan e'tibor, xizmat burchini ado etayotganda halok bo'lgan ichki ishlar xodimlari, davlat chegarasini mustahkamlash yo'lida jonini fido qilgan harbiy xizmatchilar nomini abadiylashtirish, ularning oila a'zolari holidan doimiy xabar olish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham alohida to'xtalib o'tdilar.

Ahamiyatlisi shundaki, seminarda o'rganishlar orqali urush davri bilan bog'liq bir qator yangi ma'lumotlar aniqlangani ma'lum qilindi. Jumladan, o'sha davrda quloq sifatida boshqa o'lkalarga surgun qilingan 59 mingdan ortiq vatandoshimiz harakatdagi armiyaga safarbar etilib, urush davrida 396 ming emas, 538 mingdan ziyod o'zbekistonlik halok bo'lgan, 158 mingdan ko'prog'i bedarak yo'qolgan.

Bundan tashqari, olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida orden va medallar bilan mukofotlangan O'zbekiston vakillarining soniga ham oydinlik kiritildi. Ilgari bu ko'rsatkich 120 ming deb qayd etilgan bo'lsa, yangi ma'lumotlarga asosan Ikkinchi jahon urushida 200 mingdan ziyod askar va ofitserimiz jangovar davlat mukofotlari bilan taqdirlangani aniqlangan. Xususan, ilgari 280 nafar hisoblab kelingan o'zbekistonlik Sovet Ittifoqi Qahramonlari soni aslida 301 nafar ekani, 70 nafar yurtdoshimiz uchala darajadagi “Shuhrat” ordeniga sazovor bo'lgani o'z tasdig'ini topib, tarixiy haqiqat yuzaga chiqdi.

 

Munojat MO'MINOVA,

“Yangi O'zbekiston” muxbiri