Tarixiy yodgorliklarga zarar yetkazganlarga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan birgalikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish va saqlashga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari oʻtkazilmoqda.

    Fotosurat internet tarmogʻidan olingan.

    Hududlarda oʻtkazilgan tekshirishlarda qonun buzilishi holatlari aniqlanib, bir qator arxeologiya yodgorliklarini yoʻqotilishi oldi olindi.

    Xususan:

    – Qashqadaryoda “Kofirtepa-2” (VII – XIII asrga oid) yodgorligining 2,4 m3, “Beshteraktepa”ning (IX – XII) 6 m3 hamda “Xontepa”ning (XI – XIII) 189 m3 qismi uy-joy;

    – Jizzaxda “Tomoshotepa-2” (IV – V) yodgorligining 14 m3 qismi xojatxona hamda “Qoratepa”ning (V – VI) 30 m3 qismi issiqxona;

    – Sirdaryoda “Hashartepa” (IX – XII) yodgorligining 6,4 m3 qismi xojatxona va xammom;

    – Navoiyda “Gʻazgʻontepa” yodgorligining 16 m3 qismi mobil kompaniya antennasi, “Nonvoylartepa-2”ning 5,3 m3, “Kaltepa”ning (V – VIII) 23 m3 hamda “Yasiltepa”ning (III – XI) 20 m3 qismi xoʻjalik inshootlari;

    – Toshkent viloyatida “Nomsiztepa-1” yodgorligining 15 m3 qismi xojatxona, “Nomsiztepa-2”ning 1,92 m3 qismi issiqxona qurish uchun qisman buzilgan.

    Yuqoridagi jami 12 ta yodgorlikka 8,3 mlrd. soʻmlik zarar yetkazilgani aniqlanib, jinoyat ishlari qoʻzgʻatildi va dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.