баннер
6 Mar 2025
12:12

    2025-yil “Axsikent” uchun uch ming yillik tarixga teng yil boʻladi

    Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ushbu yodgorlik jahon sayyohlik markaziga aylanmoqda.

    Miloddan avvalgi III asrda Fargʻona davlati poytaxti, Buyuk ipak yoʻlining asosiy shahri boʻlgan 3000 yoshli “Axsikent” haqida Xitoy manbaalarida, “Boburnoma”da bu kentning alohida ahamiyati haqida koʻp yozilgan. Yangi Oʻzbekiston qurilishi davrida yana eʼtiborga tushgan maskan qiyofasi gavdalantirilmoqda. Birgina joriy yilning oʻzida Namangan viloyatida joylashgan ushbu yodgorlik majmuasida keng koʻlamli arxeologik qazishmalar barobarida 4 ta “Ochiq osmon ostida”gi muzey barpo etiladi.

    “Axsikent” - shonli tarix va buyuk kelajak tutashgan maskan

    - “Axsikent” - dunyo arxeologiyasida noyob hodisa. Bugun umumiy hududi 200 gektarni tashkil etuvchi madaniy meros obyekti qazishma va bunyodkorlikning qaynoq nuqtasiga aylangan - deydi “Axsikent” kompleks ekspeditsiyasi rahbari, OʻzRFA Milliy arxeologiya markazi boʻlim boshligʻi, professor Abdulhamid Anorboyev.

    Bilasiz, bu yodgorlikda oʻtgan asrning ikkinchi yarmida qazishma ishlariga kirishilib, dunyoga mashhur “Damashq qilichi” topilgan, oradan biroz oʻtib “Axsikent”ga Kosonsoydan salkam 20 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tortib keltirilgan sopol quvurlar qoldiqlari bilan arxeologlarni oʻziga tortgan. Bu yerdan topilgan nodir qoʻlyozmalar va boshqa osori-atiqalar uchun alohida muzey ham tashkil etildi.

    Hozirda “Yangi Axsi” majmuasida osori-atiqalar muzeyi, nodir qoʻlyozmalar markazi faoliyat koʻrsatmoqda. Bu manzilda 10 mingdan ortiq nodir artefaktlar hamda 4 mingdan ortiq noyob qoʻlyozmalar mavjud.

    Aslida Fargʻona vodiysidagi qadimiy bu shaharning tuproq ostida qolib, yodgorlikka aylanishi tarixi haqida bir qancha taxminlar mavjud. Ulardan eng yaqinlari kuchli zilzila yoki meteorit qulashi sifatida keltiriladi. Lekin, nima boʻlganda ham, oʻtmishda uning har tomonlama gullab-yashnagan markaziy shaharlardan boʻlgani ayni haqiqat. Shu bois uni oʻrganish ishlari Yangi Oʻzbekiston poydevori qoʻyilayotgan bugungi davrda juda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

    “Axsikent” yodgorliklari fanda yana bir muhim ilmiy yangilikni ochib berdi

    Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi direktori, arxeolog Farhod Maqsudov bu haqda “Qurultoy” podkastida maʼlumot taqdim etdi.

    Gap shundaki, OʻzRFA Milliy arxeologiya markazi professori, Axsikent kompleks ekspeditsiyasi rahbari Abdulxamid Anarboyev va Rossiya Fanlar akademiyasi Yer fizikasi instituti professori, geologiya minerologiya fanlari doktori Andrey Korjenkovlar Axsikentda yodgorlikning zilzila sabab undagi yoriqlarning tuzilishi, koʻrinishi asosida juda ham qadimgi davrda zilzilalarning aniq bir qaysi vaqtda sodir boʻlganini tiklab chiqishgan.

    Keyingi tadqiqotlarda bu kabi juda qimmatli maʼlumotlar asosida mintaqada zilzilalarning takrorlanish siklik davrlarini chuqur tahlil qilish va pirovardda unga qarab, ehtimoliy zilzilalarni prognoz qilish mumkin boʻladi.

    2024-yil dekabrida nashr qilingan “Seysmicheskaya opasnost Ferganskoy dolinы: Arxeoseysmologicheskiye dannыye” kitobida arxeologiya fani sohasida yangi yoʻnalish arxeoseysmologiya tadqiqotlari orqali Fargʻona vodiysi qadimgi shaharlariga yerning tektonik xarakatlari, yaʼni zilzilalarning taʼsiri ilmiy asosda yoritib berilgan. Kitobda soʻnggi besh yilda olib borilgan tadqiqotlar haqida fikr yuritilgan.

    Oʻzbekistondagi birinchi arxeopark – “Axsikent”

    Hurmatli Prezidentimizning 2023-yildagi Namanganga tashrifi ushbu obyektga iikkinchi hayot bagʻishladi, desak mubolaha emas. Davlatimiz rahbarining taklifiga asosan “Axsikent”arxeologiya parkini tashkil etish, uning 3000-yillik yubileyini oʻtkazish hamda Yuneskoning madaniy meros obyektlari roʻyhatiga kiritishni koʻzda tutuvchi qaror loyihasi ishlab chiqilib, Vazirlar Mahkamasiga taqdim etildi. Shu asosdamadaniy meros bufer hududi yaqinida amfiteatr, Arxeologiya muzeyi hamda boshqa infratuzilma obyektlari qurish loyihasi maʼqullandi.

    Eng asosiysi, 2026-yilgi “Sharq taronalari”xalqaro musiqa festivali “Axsikent”ning aynan shu qismida oʻtkazilishi rejalashtirilmoqda.Yangi qurilishlar natijasida “Hunarmandlar markazi”, kutubxona barpo etiladi.

    Ayni paytda toʻrtta ochiq osmon osti muzeylari qurilishi ishlari jadal davom etmoqda. Joriy yilda arxeoparkka yondosh hududda amfiteatr va qoʻshimcha turizm infratuzilma obyektlarining qurilish ishlari boshlanadi.

    Turk meʼmorchilik shirkati Evra-GEKA loyihasi asosida barpo etilayotgan “Axsikent”arxeologiya parki “Ochiq osmon muzeyi”ning qurilishi yakuniy pallada. Navbatda - yana uch obyekt, ularda ham ish jadallashadi.

    Namanganda yana bir yangi xalqaro turistik lokatsiya

    Keyingi yillardagi targʻibot, amalga oshirilgan ishlar natijasida ayni vaqtda “Axsikent”ga bir kunda 80-100 nafar sayyoh tashrif buyurmoqda. Koʻzda tutilgan qurilishlar yakunida bu manzilga bir kunlik sayyoh tashrifi 20 barobarga ortib, 1600-2000 nafarga yetadi. Bu orqali bir yilda 600 000 - 800 000 sayyoh tashrifiga erishiladi.

    Shu oʻrinda yana bir eʼtiborli jihatga toʻxtalib oʻtish joiz. Tarixiy majmuaning shundoqqina yonidan azim Sirdaryo daryosi oqib oʻtadi. Daryoning oʻng qirgʻogʻida ekoturistik va gastronomik turizm infratuzilmasi barpo etishga kirishildi.

    - Sirdaryo sohilida boshlangan yirik ekoturistik loyiha “Axsikent” arxeologiya parki majmuining kumush belbogʻi boʻladi. Daryoning har ikki tarafida piyodalar yoʻlakchalari, gastronomik va xizmat koʻrsatish nuqtalari, hunarmandchilik va savdo shoxobchalari butun bir yangi turizm klasterini yuzaga keltiradi. Bu yoʻl orqali “Axsikent” va “Yangi Axsi” majmualarini bir-biri bilan bogʻlanadi. Hozirda “Axsikent sohili” MCHJ tomonidan 7 gektar maydonda loyiha qiymati 5 mlrd. soʻm boʻlgan bir kunda 2000 kishini qabul qila oladigan gastronomik manzil, 3 kilometr masofada piyodalar yoʻlagi va boshqa infratuzilma barpo etilmoqda. Tashabbuskorlar tomonidan yana 10 mlrd. soʻmlik ish bajarish koʻzda tutilgan, - deydi Namangan viloyati hokimining oʻrinbosari Botir Nuritdinov.

    Shu bilan birga, “Axsikent”ga olib boruvchi Toʻraqoʻrgʻonning “Xoʻjand” qishlogʻidan “Gulqishloq”qa qadar yoʻlning 7 kilometri investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya qilinmoqda.

    Hozirda bir kunda 2000 kishini qabul qila oladigan 7 gektar maydonda gastronomik manzil “Axsikent sohili” tomonidan barpo etildi. Loyiha davom etmoqda.

    “Tinib-tinchimas” Anvar Ikrom

    ​“Axsikent” arxeologiya parki direktori Anvar Ikromov haqida gap ketganda shunday taʼrif berishadi: “Namangandan koʻra xorijda koʻproq yuradi”. Darhaqiqat, shunday. Bir qarasangiz Qatarda, sal oʻtmay Hindistonda, u yogʻi Germaniya, Yevropagacha qadami yetgan. Aynan uning serharakatligi va tashkilotchiligi ortidan “Axsikent” dongʻi dunyoga taralmoqda. Masalan, Namangan viloyati delegatsiyasi shu yil 19-fevral - 21-mart kunlari Yevropaning 14 mamlakatida ishchi safarida boʻladi. Germaniya, Daniya va Vengriyada oʻtkaziladigan xalqaro turizm yarmarkalarida “Axsikent” arxeologiya parki stendi namoyish etiladi.

    “Axsikent” arxeologiya parki direktori Anvar Ikrom Turizm qoʻmitasi raisi Umid Shodiyev, Milliy PR-markazi direktori Dilshod Murodullayevlar bilan uchrashib, ishchi safar, uning tashkiliy masalalari yuzasidan muloqot qilishga ham ulgurdi. Mana shunday izlanishlar ortidan “Axsikent”ni chet elda ham yaxshi bilishadi.

    Yaqindagina “Axsikent” arxeologiya parki va Hindistondagi yagona Kemasozlik muzeyi - Dhow museum oʻrtasida oʻzaro ilmiy-amaliy va tajriba almashinuvni koʻzda tutuvchi hamkorlik memorandumi imzolandi. 140-yillik tarixga ega kemamozlik kompaniyasi rahbari Xoshim Ahamed Kunji “Yangi Axsi” osori-atiqalar va qoʻlyozmalar muzeyiga nodir eksponat - kemasozlik tarixiga oid hujjatni taqdim etdi. Umuman, Qatar va hindiston safaridan soʻng muzeyga 100 ta yangi kitob keltirildi. Ular orasida Boburiy podishoh Avrangzeb Olamgir tashabbusi bilan yozilgan nodir kitobni 10 juzi mavjud. Shuningdek, Alisher Navoiyning “Hamsa” asari, Firdavsiyning “Shoxnoma”si, Bedil, Fuzuliy va Boborahim Mashrabning yangi devonlari ham 4000 ta nodir qoʻlyooʻmalar fondidan oʻrin oldi.

    Ayni paytda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi olimlari bilan kitoblar tasniflanmoqda. Oʻzbekistonning Dohadagi elchixonasi koʻmagida Qatar milliy muzeyi bilan Axsikent arxeologiya parki oʻrtasida hamkorlik oʻrnatildi. Tez orada birgalikda qoʻlyozmalarni raqamlashtirish ishlariga kirishiladi.

    “Axsikent” - xorijliklar nigohida

    - “Axsikent” nafaqat Oʻzbekiston, balki jahon sayyohlik markaziga aylanadi. Buning uchun juda katta imkoniyat mavjud. Turizmni rivojlantirish loyihamiz doirasida aynan bu manzilni tanlaganimiz bejizga emas», - Jahon banki ekspertlari Axsikent arxeologiya parkida boʻlib, dastlabki oʻrganishlarni oʻtkazishgandi. Bu loyiha doirasidagi ishlar 2025-yilda boshlanadi.

    Loyiha rahbari Piter Nizette boshchiligidagi arxitektor, dizayner Eliza Trapani, hududiy rejalashtiruvchi Simone Landuchchi, turizm eksperti Yegor Alekseyenkovlar yodgorlik hududini oʻrganishdi. Shuningdek, Muhammad Nada boshchiligidagi Jahon banki vakillari ham “Axsikent” va “Axsi”da boʻldilar.

    Turkiyaning LGM korporatsiyasi taʼsischisi Levent Shimshek:

    - “Axsikent”da bizning ildizlarimiz bor. Bugun buyuk tarix bilan toʻqnashdik. Shubhasiz bu maskan dunyo sayyohlik markaziga aylanajak. Turkiyada kelib bu yerni koʻrishni istaganlar koʻptopiladi. Bu borada men ham targʻibot ishlarini olib boraman. Shu oʻrinda buyuk tarixni asrab-avaylayotgan Namangan xalqiga oʻz minnatdorchiligimizni izhor etamiz. Bu qadar boy manbalar Axsikent va Axsini yuksak tamaddun oʻchogʻi boʻlgani isbotidir».

    Turkiyaning Dogu turistik kompaniyasi rahbari Mehmet Nur Turk:

    - Bizga Namangan, uning betakror tabiati, Axsikent misolidagi buyuk tarix qiziq. Biz arab, fors, turk sayyohlarini koʻp miqdorda olib kelamiz. Aynan Namangan, Toshkent va vodiy bizning mijozlarimizga toʻgʻri keladi. Bizga tabiat, yashillik, togʻlar va Axsikent kabi qadim tarix kerak. Va, albatta, Namanganning betakror gastronomiyasi bizning sayyohlar uchun qiziq. 24-28-mart kunlari ilk katta guruhimiz Namanganga keladi.

    Xullas, bu kabi fikr-mulohazalarni oʻnlab keltirish mumkin. Eng asosiysi, uch ming yillik tarixga ega “Axsikent” bugun yana uygʻondi. Kelajagi esa Namangan va uning yanada rivojiga dahldor.


    Ilhomjon Rahmatov,

    Namangan viloyati hokimining matbuot kotibi,

    Axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi.

    Telegram kanalimiz
    Text to speech