Taroveh, xatmi Qurʼon ibodatlarini oʻtkazish boʻyicha yangi tartiblar eʼlon qilindi

    Ijtimoiy hayot 19 Aprel 2021 1863

    Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi S.Toshboyev hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy U. Alimov boshchiligida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar vakillari hamda tuman va shahar bosh imom-xatiblari ishtirokida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri boshchiligida oʻtkazilgan Maxsus komissiyaning navbatdagi yigʻilishida koʻtarilgan masalalar va belgilangan vazifalar kun tartibidan joy oldi.

    Videomuloqotda soʻnggi kunlarda epidemiologik vaziyat yomonlashgani, shu bois, diniy soha xodimlari, imom-xatiblardan masʼuliyatni yana-da oshirish, masjidlarda oʻtkazilayotgan taroveh, xatmi Qurʼon ibodatlarida karantin qoidalariga toʻliq amal qilish lozimligi taʼkidlandi.

    Videomuloqotda Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev muborak Ramazon oyida taroveh namozlarini ochiq hududlarda (ochiq ayvonlar, masjid hovlisi, masjidga tutash ichki koʻchalar) ado etish, sanitariya qoidalari va karantin talablariga toʻliq rioya etish hamda iftorliklarni imkon qadar oila davrasida yoki ishtirokchilar soni cheklangan holda, ixcham, ortiqcha dabdaba va isrofgarchiliksiz oʻtkazish, bu borada imom-xatiblar masʼuliyatini yana-da oshirish borasidagi muhim koʻrsatma va tavsiyalarni aytib oʻtdi.

    Shuningdek, aholi salomatligini asrab-avaylash maqsadida juma va taroveh namozlarini amalga oshirishda 65 va undan katta yoshdagi fuqarolar, yosh bolalar hamda surunkali kasalligi mavjud shaxslar ibodatlarni uy sharoitida amalga oshirishlari boʻyicha tushuntirish ishlarini olib borish, har bir namozxon masjid ichida va namoz davomida tibbiy niqob taqqan holda boʻlishi va masjidga kirishda dezinfeksiya vositasidan foydalanishi, bino xonalarini har kunlik dezinfeksiya qilish, kirish-chiqish joylarini pirometrlar (kontaktsiz harorat oʻlchagich), antiseptik vositalar bilan jihozlash kabi muhim jihatlar ham alohida qayd etildi.

    Oʻz navbatida, murakkab epidemiologik vaziyatni eʼtiborga olib, Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan boshqa diniy konfessiyalarga mansub diniy tashkilotlar ham jamoaviy ibodatlarni yuqoridagi tavsiyalar asosida amalga oshirish choralarini koʻrishlari alohida taʼkidlandi, deyiladi Din ishlari boʻyicha qoʻmita axborot xizmati xabarida.