«Tashkent Law Spring» II Xalqaro huquqiy forumi doirasida joriy yilning 22 aprel` kuni O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Singapur Huquq vazirligi bilan Huquq sohasidagi hamkorlik to'g'risidagi o'zaro anglashuv memorandumi, shuningdek Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligi hamda Qozog'iston Respublikasi Adliya vazirligi bilan 2021-2022 yillarga mo'ljallangan ikki tomonlama hamkorlik dasturlari imzolandi.
Singapur Huquq vazirligi bilan tuzilgan Memorandumning maqsadi o'zaro tenglik va manfaatdorlik asosida huquq sohasida ikki tomonlama hamkorlikni rag'batlantirish uchun institutsional hamkorlik munosabatlarga asos solishdir.
Mazkur Memorandum doirasida qonun ustuvorligini targ'ib qilish, yuridik xizmatlar ko'rsatish, xalqaro tijorat nizolarini hal qilish bo'yicha xizmatlarni targ'ib qilish, yuridik kadrlarni tayyorlash va malakasini oshirish hamda boshqa sohalarda o'zaro manfaatli hamkorlik amalga oshiriladi.
Ozarbayjon Respublikasi va Qozog'iston Respublikasi adliya vazirliklari bilan tuzilgan 2021-2022 yillarga mo'ljallangan hamkorlik dasturlari ikki tomonlama idoralararo kelishuvlarga asoslanadi (1997 yil 18 iyundagi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligi o'rtasidagi hamda 1997 yil 2 iyundagi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va Qozog'iston Respublikasi Adliya vazirligi o'rtasidagi hamkorlik to'g'risidagi kelishuvlar) hamda ushbu bitimlarni amalga oshirishga qaratilgan.
Hamkorlik dasturlarida bir qator tadbirlarni, xususan Ozarbayjon Respublikasi Adliya vazirligi bilan huquqiy ekspertiza sohasida hamda adliya organlarida innovatsiyalarni qo'llash bo'yicha tajriba almashish, Qozog'iston Respublikasi Adliya vazirligi bilan tovar belgilarini muhofaza qilish masalalarini muhokama qilish, davlat xizmatlarini raqamlashtirish ustuvor yo'nalishlari xususida taqdimotlar qilish va boshqa tadbirlarni o'tkazish nazarda tutilgan.
Imzolangan hujjatlar samarali ikki tomonlama hamkorlikka xizmat qiladi va ushbu mamlakatlar adliya vazirliklari o'rtasida huquqiy sohada samarali hamkorlik qilish uchun huquqiy asos yaratadi.