“Tashkent Pharma Park” farmatsevtika klasterini yaratish loyihasini amalga oshirilishi oʻrganildi

    Sanoat 11 Yanvar 2021 1839

    Joriy yilning 10-yanvar kuni Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov boshchiligida hamda tegishli vazirlik, idora va mahalliy hokimiyat organlaridan iborat ishchi guruhi Toshkent viloyatining Zangiota tumanida amalga oshirilayotgan “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini yaratish boʻyicha loyiha hududiga tashrif buyurdi.

    Loyiha respublikada ishlab chiqarilayotgan dori-darmon vositalari turlarini kengaytirish, ilmiy tadqiqot oʻtkazish va ishlanmalarni tashkil etish, shuningdek, xalqaro taʼlim standartlariga muvofiq malakali farmatsevtika kadrlarini tayyorlash orqali farmatsevtika sanoatini kompleks rivojlantirishni ragʻbatlantirish maqsadida amalga oshirilmoqda.

    Loyihani moliyalashtirish Koreya Eksimbankining EDCF jamgʻarmasi, OʻRTTJ, Farmatsevtika tarmogʻini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamgʻarmasi imtiyozli mablagʻlari va toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hisobiga taʼminlanmoqda.

    Umumiy maydoni 50 gektar boʻlgan klasterning modulli tuzilishi hududida sanoat, akademik, tadqiqot, klinik va klinikoldi obyektlarining boʻlishini koʻzda tutadi.

    Klaster hududida innovatsion dori vositalari, tibbiy qurilmalar va uskunalarni ishlab chiqarish boʻyicha yetakchi farmatsevtika kompaniyalarining ishlab chiqarish maydonlari, koʻptarmoqli tadqiqot universiteti va uning tarkibiy obyektlari, ilmiy-tadqiqot markazlari, farmatsevtika mahsulotlari ekspertizani oʻtkazish davlat markazi, data-markazi va boshqa zarur boʻlgan infratuzilma obyektlari joylashgan boʻladi.

    Tashrif davomida har bir obyekt qurilishining borishi, ularning muhandislik kommunikatsiyalariga ulanishi boʻyicha ishlarning bugungi holati va loyihani amalga oshirishning boshqa amaliy jihatlari oʻrganildi.

    Shuningdek, klaster direksiyasi va ishchi guruhi aʼzolari bilan birgalikda mavjud muammolar koʻrib chiqildi va ularni hal etish algoritmlari muhokama qilindi. Turkiya, Hindiston, Chexiya va boshqa mamlakatlar investorlari bilan konstruktiv muloqot oʻtkazildi. Unda klaster hududida toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar bilan ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish haqida toʻxtalib oʻtildi va oʻzaro maqbul yechimlarni ishlab chiqish imkoni paydo boʻldi.

    Yigʻilish yakunida mutasaddi rahbarlarga loyiha hujjatlarini ishlab chiqish, qurilish ishlari va muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishni tezlashtirish boʻyicha kechiktirib boʻlmas chora-tadbirlar koʻrish topshirildi.

    Loyihaning barcha yoʻnalishlari boʻyicha ishlarning qadam-baqadam jadvalini ishlab chiqish va klaster yaratishning har bir bosqichining bajarilishini monitoring qilish, yuzaga kelayotgan masalalarni aniqlash va ularni yaqin idoralararo hamkorlik qilish orqali zudlik bilan hal etish mexanizmini yaratish zarurligi taʼkidlandi.

    Shuningdek, klasterning yangi tarkibiy obyektlarini yaratish uchun qoʻshimcha investitsiyalarni jalb qilish maqsadida xalqaro va hukumat tashkilotlari hamda xorijiy investorlar bilan muzokaralarni faollashtirishga koʻrsatmalar berildi.