Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov, AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi missiyasi direktori Devid Xofman, Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Maktabgacha va maktab ta'limi vazirliklari, «El-yurt umidi» jamg‘armasi va Davlat boshqaruvi akademiyasi vakillari ishtirok etdi.
AQSh vakillari fan va ta’lim sohalaridagi joriy loyihalar va bu boradagi hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha qisqa muddatli rejalar haqida taqdimot qildilar.
Uchrashuv davomida ta'lim tizimini isloh qilish, inson kapitalini mustahkamlash, ingliz tilini o‘qitishni qo‘llab-quvvatlash va universitetlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishning tashkiliy-texnik jihatlari yuzasidan atroflicha fikr almashildi, deb xabar beradi Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati.