Yangi tahrirdagi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunga zarurat shundaki, amaldagi Qonunda umumiy tusga ega boʻlgan va ishlamaydigan normalar mavjud boʻlib, ular reklama faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni toʻliq qamrab olmagan.

Xususan, reklama faoliyatiga qoʻyiladigan talablarning yetarli emasligi, davlat va nodavlat tashkilotlarining reklama sohasidagi vakolatlari aniq belgilanmaganligi koʻplab huquqbuzarliklar sodir etilishiga sabab boʻlmoqda.

Sababi amaldagi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonun 1998-yil 25-dekabrda qabul qilingan boʻlib, bugungi kunga qadar unga 15 marotaba oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilgan. Shuningdek, ushbu soha qonundan tashqari yana 3 ta idoraviy hujjat bilan ham tartibga solinyapti.

Yangi tahrirdagi Qonunda ushbu qonunosti hujjatlari normalari ham kiritilib, reklama faoliyatini tartibga soluvchi yaxlit hujjat sifatida aks ettirilgan.

Taʼkidlanganidek, Qonun normalarini qoʻllashda noaniqliklarga olib kelgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilib yangi tushunchalar bilan toʻldirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi hududida reklama davlat tilida tarqatiladi, qoʻshimcha ravishda uning tarjimasi boshqa tillarda takrorlanishi mumkin.

Qonunda reklama beruvchining, reklama tayyorlovchi va tarqatuvchining huquq va majburiyatlari belgilangan.

Shuningdek, tashqi reklama va axborot obyektlarini (konstruksiyalarini) oʻrnatish chizmasi shaharsozlik rejalashtirish hujjatlariga muvofiq boʻlishi hamda mavjud binolarning tashqi meʼmoriy qiyofasiga, shaharsozlik normalari va qoidalariga, xavfsizlik talablariga rioya etilishini taʼminlashi kerak.

Xususan, tashqi reklama va axborot obyektlarini oʻrnatish chizmasi hamda unga kiritiladigan oʻzgartirishlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashining, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining rasmiy saytlarida eʼlon qilinishi lozim.

Qonunchilik va huquqni qoʻllash amaliyoti hamda xorijiy tajribadan kelib chiqqan holda reklamaga qoʻyilgan talablar kuchaytirilib, yangi normalar kiritilyapti.

Jumladan, darsliklar va daftarlarda reklama joylashtirish, reklama narxlarini xorijiy valyutada koʻrsatish, axloq va maʼnaviyatning umum qabul qilingan normalariga zid keluvchi shakl, ibora, va obrazlardan foydalanish, tovarning asosiy xususiyatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni isteʼmolchidan yashirish taqiqlanadi.

Qonunning yana bir muhim jihati voyaga yetmaganlarni reklamadan, xususan uning salbiy taʼsiridan himoya qiluvchi va reklamada voyaga yetmaganlar ishtirokini cheklovchi yangi normalar bilan toʻldirilganidir.

Jumladan, voyaga yetmaganlarni xavfli vaziyatlarda koʻrsatish, ota-onalar va tarbiyachilarni obroʻsizlantirish, voyaga yetmaganlarning ularga boʻlgan ishonchiga putur yetkazish, voyaga yetmaganlar olishi yoki isteʼmol qilishi taqiqlangan tovarlarni telekanallarda, voyaga yetmaganlar uchun moʻljallangan telekoʻrsatuvlar va radioeshittirishlarda reklama qilish taqiqlanadi.

Bundan tashqari, Qonunda dori vositalari reklamasiga qatʼiy talablar oʻz aksini topgan. Endilikda taniqli shaxslarning, tibbiyot xodimlarining yoki tashqi koʻrinishi shifokorlarning tashqi koʻrinishiga oʻxshash shaxslarning ishtirokidan foydalanish taqiqlanadi.

Senatorlar muhokamada Qonunda bayon etilgan ayrim moddalarning hayotga tatbiq etilishi bilan bogʻliq jarayonlarga ham eʼtibor qaratdi.

Xususan, ayrim turdagi reklama vositalari orqali reklama tarqatishning oʻziga xos xususiyatlari, jumladan, televideniye, radio, bosma OAV, telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmogʻida tarqatiladigan reklamaga qoʻyiladigan talablar birma-bir koʻrib chiqildi.

Telekanallar efirida tarqatilayotgan reklamaning umumiy davomiyligi koʻrsatuv vaqtining bir soati davomida yigirma foizdan, biroq bir sutkada koʻrsatuv vaqtining oʻn besh foizidan oshishi mumkin emas.

Davomiyligi oʻn daqiqadan kam boʻlgan telekoʻrsatuvlarni reklama bilan uzib qoʻyishga va reklama bilan birga namoyish etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.