Kengash yigʻilishini oʻtkazishdan asosiy maqsad – mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarni himoya qilish hamda respublikada yuqori qoʻshilgan qiymatli sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmlarini oshirishga qaratilgan takliflarni koʻrib chiqishdir.
Yigʻilish kun tartibida Kengash aʼzolari tomonidan elektrotexnika, qishloq xoʻjaligi texnikasi, metallurgiya, kimyo, oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari importi uchun bojxona toʻlovlari stavkalarini ichki bozorning barcha ishtirokchilariga taʼsirini hisobga olgan holda optimallashtirish imkoniyatlarini har tomonlama koʻrib chiqildi.
Mahalliy sanoat korxonalarini jadal rivojlantirish va ishlab chiqarish hajmini oshirish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida ularni zarur butlovchi qismlar, xomashyo va materiallar bilan taʼminlash jarayonida savdo tartib-qoidalarini soddalashtirish boʻyicha ham qarorlar qabul qilindi.
Eksport va tashqi savdo faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar olish bilan bogʻliq muammoli masalalarni bartaraf etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratildi.
Kengash yigʻilishi yakunlari boʻyicha kun tartibiga muvofiq muhokama qilingan masalalar doirasida amaliy takliflar ishlab chiqish va zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha qarorlar qabul qilindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.