“Akademnashr NMM” MCHJ tomonidan Samarqand viloyati adliya boshqarmasiga 2022-yil 1-iyunda yoʻllangan shikoyat xati shunday xulosa qilishga undaydi. Unda qayd etilishicha, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialining Axborot-resurs markazi rahbari S.X muqaddam intellektual mulk sohasida huquqbuzarlik sodir etib kelgan.
Maʼlum boʻlishicha, mazkur filial rasmiy veb sahifasi elektron kutubxonasida dasturlash asoslariga aloqador fayllar boʻlimida muallifi fuqaro Anvar Narzullayev boʻlgan “Pythonda dasturlash asoslari” nomli “Akademnashr NMM” MCHJ tomonidan chop etilgan kitob skaner qilingan varianti huquq egalarining ruxsatisiz joylashtirilgan.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan aniqlangan maʼlumotlarga asosan, “Akademnashr NMM” hamda fuqaro Anvar Narzullayev oʻrtasida 2021-yil 8-iyunda Anvar Narzullayevning “Pythonda dasturlash asoslari” nomli asarini nashr etish boʻyicha mutlaq mulkiy huquqlarni jamiyatga berishi, jamiyat esa asar muallifiga haq toʻlash majburiyatini olish toʻgʻrisidagi mualliflik shartnomasi imzolangan. Mazkur shartnomaga asosan asarga boʻlgan mulkiy huquqlar “Akademnashr NMM” MCHJga oʻtkazilgan, shuningdek, mazkur shartnomaning 3.5-bandiga koʻra, uchunchi shaxslar tomonidan asarga boʻlgan huquqlar buzilgan taqdirda taraflar buzilgan huquqlarini himoya qilishda bir-biriga koʻmaklashishi belgilangan.
Biroq, TATU Samarqand filialining masʼul xodimi S.X filial rasmiy veb-sahifasidagi elektron kutubxonaga “Akademnashr NMM” MCHJ tomonidan chop etilgan “Pythonda dasturlash asoslari” nomli kitob nusxasini huquq egalarining ruxsatisiz joylashtirgan. Vaholanki, Oʻzbekiston Respublikasi “Mualliflik huquqlari va turdosh huquqlar toʻgʻrisida”gi Qonunining 19-moddasiga koʻra, muallif asardan har qanday shaklda va har qanday usulda foydalanishda mutlaq huquqlarga egaligi, yuridik va jismoniy shaxslar, qonunda koʻrsatilganidan tashqari hollarda, asardan faqat huquq egasi yoki boshqa vakolatli shaxs bilan tuzilgan shartnomaga binoan foydalanishlari mumkinligi, xususan, asarni barchaning eʼtiboriga yetkazish, asarni sim(kabel) orqali yoki boshqa shu kabi vositalar yordamida uzatish yoʻli bilan barchaning eʼtibori uchun yuborish muallifning asardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlari sirasiga kirishi koʻrsatilgan.
Bundan tashqari, ushbu Qonunning 61-moddasida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻlishi belgilab qoʻyilgan. Yuqoridagi qonun normalariga asosan fuqaro S.X mazkur harakatlari bilan Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksi 1771-moddasining birinchi qismida belgilangan mualliflik huquqlarini buzgan.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi mazkur maʼmuriy javobgarlik masalasini koʻrib chiqish uchun Jinoyat ishlari boʻyicha Payariq tuman sudiga yubordi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 17-martdagi PF–89-son farmoni bilan Adliya vazirligiga intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish hamda ixtirolar, tovar belgilari, mualliflik huquqi va boshqa intellektual mulk obyektlariga boʻlgan huquqlarni himoya qilish vazifasi yuklatilgan.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi
Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi