Mamlakatimizda oliy taʼlimga qamrovning yildan-yilga oshayotgani yangidan-yangi oliy taʼlim muassasalarini ochish, mavjudlarining oʻquv va boshqa binolarini kengaytirish va koʻpaytirish zaruratini vujudga keltirmoqda. Qolaversa, bugungi kun universitet va institutlar oldiga yoshlarni mehnat bozoridagi talabgir yoʻnalish va sohalar boʻyicha oʻqitib, zamonaviy kadrlar etib tayyorlash talabini qoʻymoqda.
Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti ham taraqqiyotning mazkur talab va andozalaridan mustasno emas. Ayni paytda mamlakatimizdagi eng yirik pedagogik oliy oʻquv yurtlaridan biri ekani universitetning mavqei, undagi yoʻnalishlar, talabalar soni haqida tasavvur qilish imkonini beradi.
Hozir universitetda 13 fakultet, 52 kafedra faoliyat koʻrsatmoqda. 25 mingdan ortiq talabaga 1200 nafardan ziyod professor-oʻqituvchi taʼlim bermoqda. Talabni zimmaga olgandan keyin buncha yigit-qizni auditoriya, talabalar turar joyi bilan taʼminlash, oʻquv xonalarini zamon talabida jihozlash ham kun tartibidagi masaladir.
Kuni kecha universitetning har biri 750 oʻrinli xorijiy tillar hamda tabiiy fanlar fakultetlarining muhtasham oʻquv binosi foydalanishga topshirilgani katta voqea boʻldi. Bu binolarda yoshlarning puxta bilim olishi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan. Jumladan, maxsus uskunalar bilan jihozlangan oʻquv-laboratoriya xonalari, turli kimyoviy tajribalar oʻtkazish imkonini beruvchi qurilmalar talabalarning oʻz sohasi boʻyicha malakali mutaxassis boʻlib yetishishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Yangi oʻquv binosiga koʻchirilgan tabiiy fanlar fakulteti uchun qariyb 2 milliard soʻmlik zamonaviy oʻquv-laboratoriya jihozlari xarid qilinganining oʻziyoq ishlarning koʻlami naqadar kengligini anglatadi. Talabalar soni ortayotgani hamda Toshkent davlat pedagogika universitetiga kirishga talab oshib borayotgani sabab ayni kunlarda 1000 oʻrinli talabalar turar joyi qurilishi boshlandi.
Bu inshoot Yakkasaroy tumanida joylashgan professional taʼlim fakulteti hovlisida qad koʻtaradi. Bu bilan cheklanilmaydi, albatta. Yangi qurilgan tabiiy fanlar fakulteti hovlisida 400 oʻrinli talabalar turar joyini qurish ishlari shu yil 1-oktyabridan boshlanadi. Oliy taʼlim muassasasidagi qurilish-taʼmirlash ishlari yildan-yilga yangicha mazmun kasb etib boryapti.
Oʻtgan davr mobaynida universitet infratuzilmasi tubdan oʻzgartirilmoqda. Jumladan, hududlar, rektorat va fakultet binolariga kirish joylari hamda foyelar bugungi kun talablari asosida qayta jihozlandi. Devorlar rangi va bezaklari oʻzgartirildi, oʻquv va umumiy foydalanish maydonlari talab darajasiga keltirildi.
Oʻquv binolaridagi jihozlar inventarizatsiyadan oʻtkazildi, mebel va jihozlar bosqichma-bosqich yangilanmoqda. Soʻnggi 9 oy davomida 240 dan ortiq zamonaviy kompyuter xarid qilindi. Talabalarning davomatini nazorat qilish tizimini raqamlashtirish maqsadida universitet hududidagi kirish joylarga face control tizimi oʻrnatildi.
Soʻnggi yillarda qabul kvotalari oshishi, oshirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqish istagini bildirgan abituriyentlar soni koʻpligi hamda oʻqishini xorijdan koʻchirib kelayotgan talabalar hisobiga oʻquv auditoriyalariga boʻlgan ehtiyojni qoplash maqsadida qator ishlar bajarildi. Jumladan, universitet ixtiyoriga berilgan, Toshkent tumanida joylashgan 1050 oʻrinli harbiy taʼlim fakulteti oʻquv binosi va 200 oʻrinli talabalar turar joyi joriy taʼmirdan chiqarilib, foydalanishga topshirildi.
Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida joylashgan 720 oʻrinli musiqa fakulteti oʻquv binosida kapital taʼmirlash boshlandi. Uni shu yil noyabr oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Shuningdek, universitetda bilimga chanqoq, iqtidorli va qobiliyatli talabalarning boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida 5 tashabbus xonasi, Yoshlar markazi, shaxmat xonasi, boks xonasi, “Oltin meros” maqomchilar ansambli, “Dilnavo” estrada va vokal-cholgʻu ansambli, “Ziyo” talabalar teatr studiyasi hamda sanʼat, teatr va kino sohasiga qiziquvchi yoshlar uchun ijodxona tashkil etilgan.
Ularga hozir 8 mingga yaqin talaba jalb qilingan. Bu saʼy-harakatlar Prezidentimizning shu yil 21-iyundagi “Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti faoliyatini takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan tadrijiy tarzda amalga oshirilayotgan ishlarning mantiqiy davomidir. Chunki qarorda belgilangan vazifalar ijrosini toʻlaqonli taʼminlash uchun, albatta, moddiy-texnik imkoniyatlarga tayanish zarur.
Qaror yuzasidan universitetda qilingan ishlar ahamiyati va koʻlamiga koʻra boʻlgʻusi kadrlarni tayyorlashda muhim ahamiyatga ega. Shunga koʻra, 2022/2023 oʻquv yili uchun taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklarning oʻquv rejalari hamda fan dasturlari mazmuni toʻliq qayta koʻrib chiqildi hamda xalqaro talablar asosida takomillashtirildi. Bu jarayonda xorijiy oliy taʼlim muassasalaridan 20 nafardan ortiq yetakchi professor-oʻqituvchi, jumladan, Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Rossiyadagi nufuzli universitetlar mutaxassislari ekspert va hammuallif sifatida qatnashdi.
Kadrlar isteʼmolchilari oʻrtasida soʻrovnomalar oʻtkazildi hamda soʻrovnoma natijalarini tahlil qilish asnosida “Mediasavodxonlik va axborot madaniyati”, “Inklyuziv taʼlim. Gospital pedagogika” hamda “Uzluksiz taʼlimdagi tendensiyalar va zamonaviy yondashuvlar” fanlari barcha taʼlim yoʻnalishlari uchun oʻquv rejalariga kiritildi. Fanlardan amaliy mashgʻulotlar soati koʻpaytirildi, maʼruza va seminar mashgʻulotlari mazmuni buyurtmachilar ehtiyojidan kelib chiqqan holda zamonaviy yondashuv, texnologiya, oʻqitish usullarini yoritishga qaratildi.
Majburiy fanlar blokiga xorijiy mutaxassislarning taklif va tavsiyalariga asosan har bir semestr uchun 3 tadan 5 tagacha mutaxassislik fani kiritildi. Oʻtgan oʻquv yiliga nisbatan mustaqil taʼlim salmogʻini oʻn foiz oshirishga erishildi. 2022/2023 oʻquv yilida mutaxassislik fanlarini xorijiy tillarda oʻqitish uchun 31 nafar professor-oʻqituvchi, jumladan, 15 nafar xorijlik mutaxassis jalb etilmoqda. Bu oʻtgan oʻquv yiliga nisbatan universitet taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha xorijiy tillarda oʻqitiladigan mutaxassislik fanlari salmogʻi ikki barobar oshganini koʻrsatadi.
Mutaxassislik fanlarini xorijiy tillarda oʻqitish masalasi oʻquv jarayonining ustuvor vazifalaridan boʻlishi, shuningdek, ularni xorijiy tillarda oʻrganadigan talabalar va ularga tahsil berayotgan professoroʻqituvchilarni har tomonlama qoʻllabquvvatlash yangi bosqichga koʻtarilishi belgilandi. Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida taʼlim jarayonida ijtimoiy sheriklik tamoyillarini samarali amalga oshirish, taʼlim sifatini yaxshilash, takomillashtirish va rivojlantirishni taʼminlash, bitiruvchi talabalarni ishga joylashtirish boʻyicha taʼlim muassasalari bilan samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilganini taʼkidlash joiz.
Universitetda tahsil olayotgan 2-4-bosqich talabalari malakaviy amaliyoti Toshkent shahridagi 374 ta taʼlim muassasasida “4+2” tartibida oʻtashi tashkil etildi. Bu saʼy-harakatlar malakali mutaxassislarni tayyorlash yoʻnalishida qilinayotgan ishlarning bir qismi, xolos. Oldinda bizni yangi marra va dovonlar kutib turibdi.