Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi 48 yoshli B.Sh. ariza bilan murojaat qilib, telegram messenjerida “Zahro” nomli profil egasi B.Sh.ning turli foto-suratlari va behayo tasvirlarini internet ijtimoiy tarmogʻi orqali tarqatib yuborish bilan qoʻrqitib, tarqatmaslik evaziga pul talab qilayotganini maʼlum qilgan.
Tezkor-qidiruv xizmati Kiberxavfsizlik boʻlinmalari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida mazkur jinoyatni Qashqadaryo viloyati Koson tumanida yashovchi 34 yoshli (ayol) A.F. sodir etgani aniqlangan.
Gumonlanuvchi sifatida tergov organlariga jalb etilgan (ayol) A.F., jabrlanuvchi B.Sh. bilan telegram messenjeri orqali oʻzini “Zahro” deb tanishtirib, maʼlum vaqt ishqiy munosabatda boʻlib kelgan va uning ishonchiga kirish orqali uning turli fotosuratlari va behayo videotasvirlarini qoʻlga kiritib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatib yubormaslik hamda turmush oʻrtogʻiga koʻrsatmaslik evaziga 500 AQSH dollar talab qilib mazkur pullarni olayotgan vaqtida ashyoviy dalil bilan ushlanib, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, A.F.ning sodir etilib fosh etilmay qolgan boshqa shu turdagi jinoyatlarga aloqadorligi yuzasidan tezkor-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Qonunga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi 1-qismidagi jinoiy xatti-harakatlar uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.