Boshqa sohalar kabi tibbiyot ham raqamli imkoniyatlardan faol foydalanish zaruratiga duch keldi. Masalan, xastalikni yuqtirgan odamlarning xatti-harakatini kuzatib boradigan va shifokorlarga ular ahvolidan xabardor boʻlib turish imkonini beruvchi ilova paydo boʻldi. 

Shifoxonaga yotqizish talab qilinmaydigan bemorlar telemeditsina orqali masofadan koʻrikdan oʻtkazila boshladi. Bu olis va borish qiyin boʻlgan hududlarda yashovchi bemorlarni davolashga koʻmaklashish, shuningdek, masofaviy tibbiy yordamni rivojlantirishga ham xizmat qildi.

Telemeditsina axborot-kommunikatsiya texnologiyalari (mobil va shahar telefoni, videokonferensiya, messenjer) yordamida masofadan turib tibbiy xizmat koʻrsatish va soha xodimlarining oʻzaro muloqotidir. U nafaqat erta tashxis qoʻyish va istalgan bemorni zudlik bilan davolay boshlash imkoniyatini beradi, balki shifokorlarning vaqti va kuchini tejaydi — mijoz yoniga bormasdan turib yordam berishini taʼminlaydi.

Turfa xil telemeditsina xizmatlari mavjud, albatta. Biroq uni amaliyotga tatbiq etishdan asosiy maqsad — bemorlarga sogʻliqni saqlash muassasalariga kelganda koʻrsatiladigan tibbiy yordamga teng yoki undan ham yaxshi va sifatli tibbiy xizmatni taqdim etishdir.

Telemeditsina xizmatining eng koʻp tarqalgan turlari mavjud. Jumladan:

Ryeal vaqt rejimidagi telemeditsina. Tibbiyot mutaxassislari bemorlar bilan xuddi qabuldagi kabi yuzma-yuz onlayn muloqot qiladi. Bunday seanslar odatda kasallik tarixini koʻrish, koʻrikdan oʻtish, bemor ahvolini baholash va baʼzi davolash usullarini taqdim etish uchun oʻtkaziladi.

Byemorni masofadan turib koʻzdan kechirish. Tibbiyot xodimlari davolanish rejasini amalga oshirish chogʻida bemorlar ahvolining yaxshilanib borishini, maslahat uchun shifokor qabuliga kelishni talab qilmay kuzatish imkoniyatiga ega. Telemeditsinadagi baʼzi yechimlar qulay, bunda bemor haqidagi maʼlumotlarni darhol uni nazorat qilib turgan butun boshli guruhga yetkazish va elektron tibbiy kartasiga maʼlumotlarni qoʻshish imkoni mavjud.

Shifokorlarning oʻzaro mutanosib harakati va maslahatlashuvi. Telemeditsina texnologiyalaridan foydalangan holda shifokorlar oʻzaro yoki boshqa ixtisoslikdagi mutaxassislar bilan tezkor maslahatlashib olishi mumkin. Bu esa bemorlarga koʻrsatiladigan yordam darajasini sezilarli oshiradi.

Tibbiy maʼlumotlarni saqlash va yuborish. Telemeditsinadan foydalanishning asosiy omillaridan biri tegishli mutaxassislarga osongina joʻnatilishi mumkin boʻlgan tibbiy maʼlumotlarni (tahlillar natijalari, hayotiy faoliyat belgilari, laboratoriya hisoboti va profil hujjatlari) oraliq saqlashdir.

Tibbiy vizualizatsiya. U telemeditsinaning davolash guruhi va tashqi maslahatchilar oʻrtasida rentgen suratlari va boshqa tasvirlar almashinuvini tezlashtiradigan yechimi. Ushbu jarayondan foydalangan holda, xususan, rentgenolog-mutaxassis istalgan vaqtda tasvirlarni oʻrganishi va tezda tahlilni taqdim etishi mumkin.

Xorijlik ekspertlarning tadqiqotiga koʻra, telemeditsinani joriy etish sogʻliqni saqlash xarajatini 15–20 foizga kamaytirish, tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini 20 foizga oshirish hamda tibbiy yordam sifatini 20 foizga yaxshilash imkonini beradi.

Joriy etishning afzalliklari

Telemeditsinaning bir qancha asosiy afzalliklarini keltirish mumkin.

Byemorlarni qamrab olish imkoniyati kengayadi. Telemeditsina olis hududlardagi bemorlarga eng yaxshi tibbiy yordam, jumladan, yetakchi shifokorlar va klinikalar tavsiyalaridan foydalanish imkonini beradi.

Klinikadagi ish jarayoni yaxshilanadi. Telemeditsina platformasi bemorlarni davolashda asosiy chora-tadbirlarni belgilash jarayonini soddalashtiradi va tezlashtiradi. Oʻzaro muloqotni sezilarli darajada yaxshilaydi va maʼlumotlarning ishonchli toʻplanishini taʼminlaydi.

Tibbiy yordam koʻrsatishning yanada tejamkor usuli shakllanadi. Bunday holatda tibbiyot muassasasining qoʻshimcha xarajati sezilarli darajada kamayadi. Shuningdek, telemeditsina uchun kamroq vaqt sarflanishi hisobiga shifokor va tibbiy xodimlarga koʻproq bemorlarni qabul qilish imkoni yaratiladi, bu esa mutaxassislar uchun koʻproq haq toʻlanadigan vaqt oshishini anglatadi. Bundan tashqari, dastlabki bosqichda telemeditsina xizmatlarini taklif qilish uchun zarur boʻlgan dasturiy yechimlar koʻp xarajat talab qilmaydi.

Byemorlar uchun xarajat kamayadi. Umuman olganda, telemeditsina seansi shifokor yoki hamshiraning bemor bilan telefon, noutbuk yoki boshqa raqamli qurilma orqali maslahatlashuvini oʻz ichiga oladi. Bu esa bemorning safar, turar joy, ovqatlanish va qisqa muddatli taʼtil uchun sarflanishi kerak boʻlgan xarajatlarini kamaytiradi.

Bunday xizmatdan byemorlarning koʻngli toʻladi. Telemeditsina xizmatini koʻrsatuvchilar tomonidan oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga qaraganda, telemeditsina bemorlar orasida ancha ommalashgan. Bu ularning shunday platformalardan foydalanishga bildirgan ijobiy munosabatida ham aks etadi.

Taʼkidlash joizki, tyelemeditsina shifokorlarning tashxis qoʻyish va davolashni boshqarish imkoniyatiga koʻproq bogʻliq boʻlgan va muayyan jarayonlar talab etilmaydigan tibbiy mutaxassisliklar uchun dolzarb ahamiyatga ega. Bunda psixiatriya, yuqumli kasalliklar, kardiologiya, shifoxonaga yotqizish, ona va bola salomatligi, nefrologiya, endokrinologiya, pulmonologiya va reanimatsiya kabi ixtisosliklar boʻyicha xizmatlar telemeditsina orqali statsionar va ambulator sharoitida koʻrsatilishi mumkin.

Yurtimizda telemeditsina holati

Oʻzbekistonda telemeditsina masalalariga asosan 2021-yildan boshlab eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, 2017–2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturiga muvofiq, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va filiallari oʻrtasida telemeditsina tizimini ommalashtirish boshlandi.

Ayni paytda respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va ularning 211 ta hududiy filiali, boʻlimlari hamda dispanserlarida ilmiy-metodik qoʻllab-quvvatlash maqsadida telemeditsina xizmatlari yoʻlga qoʻyilgan. Uni joriy etish natijasida birgina 2021-yilning oʻzida qariyb 15 ming onlayn konsultatsiya, 62 ming 481 bemor uchun maslahatlar, 4 ming 548 ta konsilium, 612 seminar, 879 mahorat darsi oʻtkazilgan va 321 ta jarrohlik amaliyoti namoyish etilgan.

Bundan tashqari, Prezidentimiz Shanxay hamkorlik tashkilotining 2020-yil 10-noyabrda videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtgan sammitidagi nutqida telemeditsina sohasida hamkorlik Konsepsiyasini ishlab chiqish tashabbusini ilgari surdi.

Soha rivojidagi muammolar

Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarga qaramay, milliy telemeditsina rivojlanishiga  xalal beruvchi qator muammolar mavjud.

Birinchidan, zamonaviy texnologiyalar va telekommunikatsiya infratuzilmalaridan foydalanishga yetarlicha eʼtibor bermaslik telemeditsina texnologiyalarini rivojlantirish jarayonini qiyinlashtiradi. Davlatning sogʻliqni saqlashga ajratadigan xarajati asosan ish haqini nazarda tutadi, investitsiyalar uchun esa imkon qolmaydi.

Ikkinchidan, aholi orasida internet tezligi bilan bogʻliq muammolar koʻpgina telemeditsina xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini cheklab qoʻyadi.

Uchinchidan, tibbiyot xodimlarining telemeditsina texnologiyalaridan foydalanishdan kam xabardorligi va sust tayyorgarligi yangi uslublarni amalda qoʻllashni qiyinlashtiradi. Shu bois, bugun telemeditsina xizmatlarini rivojlantirish faqatgina respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari va filiallari doirasida cheklanmoqda. Sogʻliqni saqlash sohasining raqamlashtirish eng koʻp talab qilinadigan dastlabki boʻgʻinlarida telemeditsinani joriy etish strategiyasi mavjud emas.

Toʻrtinchidan, aksariyat fuqarolar telemeditsina xizmatlariga ishonmaydi. Chunki ular davolanish faqat oflayn rejimda amalga oshirilishi kerak, deb hisoblashadi. Bundan tashqari, Jahon banki tadqiqotlariga koʻra, respublika aholisining qariyb 40 foizi shifokor qabuliga borganidan soʻng ham mahalliy tibbiy xizmatlardan qoniqmaydi. Bu esa chet eldagi malakali mutaxassislarga murojaat qilishga majbur etadi. Misol uchun, birgina 2022-yilning oʻzida Oʻzbekistonning 44,7 ming nafar fuqarosi salomatligi boʻyicha malakali maslahat va tibbiy yordam olish uchun chet el (Rossiya, Turkiya, Hindiston, Janubiy Koreya)ga yoʻl olgan.

Byeshinchidan, tyexnik imkoniyatlar cheklangani yoki tibbiyot muassasalari uzoqligi bois mamlakatimizning aksariyat aholisi malakali tibbiy xizmatlardan erkin foydalana olmaydi. Chiqim qilib, viloyat markazlari yoki poytaxtga borishga majbur boʻladi. Masalan, AQSHda shifokorning bitta masofaviy qabuli oʻrtacha 79 dollarga tushadi. Bu shifokorning 146 dollar turadigan oflayn qabulida boʻlish yoki 1734 dollarlik shoshilinch qabuldan ancha arzon.

Rivojlantirish imkoni bormi?

Mazkur muammolar telemeditsinaning rivojlanishini qiyinlashtiradi. Biroq infratuzilmaga investitsiya kiritish, sogʻliqni saqlash xodimlarini oʻqitish va jamiyatda telemeditsina xizmatlarini targʻib etish orqali muammolarni bartaraf etish imkoniyati mavjud.

Telemeditsina xizmatlari sifatini oshirish va mavjud muammolarni bartaraf etish uchun qator chora-tadbirlarni qoʻllash zarur.

Telemeditsina sohasini tartibga solish boʻyicha meʼyoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilish yoki amaldagilarini takomillashtirish, shuningdek, elektron sogʻliqni saqlash va telemeditsina xizmatlarini koʻrsatish standartlarini belgilab olish zarur. Bu sogʻliqni saqlash sohasida korrupsiyaning oldini olish boʻyicha samarali chora boʻlib xizmat qilishi mumkin.

Raqamlashtirish jarayonini moliyalashtirish va telemeditsina xizmatlari koʻrsatishga bosqichma-bosqich oʻtishni nazarda tutuvchi bandlarni kiritgan holda davlat sogʻliqni saqlash xarajati roʻyxatini tanqidiy-tahliliy koʻrib chiqish zarurati mavjud. Shuningdek, telemeditsinaning zamonaviy usullari va turlarini mahalliy tibbiy yordam koʻrsatish amaliyotiga joriy etish maqsadida xalqaro va xorijiy tashkilotlar bilan hamkorlikka eʼtibor qaratish maqsadga muvofiq.

Internetdan foydalanish imkoniyatini kengaytirish uchun tarmoq infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiya qilish, jumladan, aholining ijtimoiy zaif qatlami va nogironligi boʻlgan shaxslar uchun maxsus tariflar joriy etish lozim. Bundan tashqari, virtual konsultatsiya, masofaviy koʻriklar oʻtkazish uchun oilaviy poliklinikalar va sogʻliqni saqlashning boshqa birlamchi boʻgʻinlarini telekommunikatsiya infratuzilmasi va zarur texnik vositalar bilan taʼminlash darkor.

Sogʻliqni saqlash tizimiga axborot texnologiyalarining toʻgʻri integratsiyasini yoʻlga qoʻyish talab etiladi. Tibbiy yordam koʻrsatishda telemeditsina texnologiyalaridan samarali foydalanish uchun oʻquv dasturlari hamda kurslarni joriy etish orqali tibbiyot xodimlarini qayta tayyorlashga eʼtibor qaratish, ish samaradorligini oshirish zarur.

Aholining telemeditsina afzalliklari va yashash joyidan qatʼi nazar (borish qiyin boʻlgan va chekka hududlarda), telemeditsina xizmatlaridan foydalanish imkoniyati toʻgʻrisida xabardorligini oshirish muhim ahamiyatga ega. Masalan, soʻnggi yillarda Kanada virtual tibbiyotni joriy etish orqali aholining tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatini sezilarli darajada kengaytirishga muvaffaq boʻldi. Yaʼni shifokorlar bemorlarga tibbiy maslahat berish uchun videoaloqa orqali uzoq hududlarga ulanmoqda.

Jamshid SHARIPOV,

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi eksperti