Temir yoʻl borgan joyda hayot jonlanadi

    Vaqtning har bir daqiqasi gʻanimat va qadrli. Shu maʼnoda, zamonaviy transport vositalari uzogʻimizni yaqin, mushkulimizni oson qilib keladi.

    Misol uchun, 2017-yilga qadar Toshkent shahridan Urganchga qatnovchi poyezdlar Navoiy — Uchquduq — Miskin magistrali orqali 1 ming 64 kilometr yoʻl bosar edi. 2018-yilda Buxoro — Miskin temir yoʻli qurilib, Xivagacha masofa 242 kilometrga qisqardi.

    Yoʻlning qisqargani yaxshi. Lekin ana shu masofani yanada tezroq bosib oʻtishning imkoni bormi? Albatta, bor. Buning uchun ushbu magistralni elektrlashtirish va uchqur poyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyish zarur. Chunki elektr poyezdining unumdorligi 4,5 barobar yuqori. Yoʻlning samaradorligi shunga yarasha ancha oshadi. Masalan, poyezdlarning yuqori tezligi soatiga 250 kilometrgacha boʻlishi yoʻlovchilarning Toshkentdan Urganchgacha yetib borish vaqtini 14 soatdan 6 soatga, Buxorodan Xivagacha esa 8 soatdan 3 soatgacha qisqartiradi. Bu aholi va mehmonlarga katta qulaylik yaratib, turizm rivojida ham muhim omil boʻladi.

    Tezlik evaziga temir yoʻlning oʻtkazuvchanligi ham oshadi. Yuk tashish imkoniyati yiliga qoʻshimcha 11 million tonnagacha, yoʻlovchilar soni 2 million 300 ming nafarga koʻpayadi. Poyezdlar elektr energiyasida yurishi hisobiga yiliga 18 ming tonna dizel yoqilgʻisi tejaladi.

    Hozirgi loyihaga hamohang tarzda Nukus shahrigacha boʻlgan temir yoʻlni ham elektrlashtirish rejalashtirilmoqda. Buning natijasida Toshkent bilan Nukus oʻrtasidagi qatnov vaqti 16 soatdan 7 soatgacha qisqaradi. Ushbu liniya ishga tushirilgach, “Toshkent – Samarqand – Buxoro – Xiva” anʼanaviy turistik zanjiriga Qoraqalpogʻiston ham qoʻshiladi. Xorijiy va mahalliy sayyohlarning yurtimizda 4-5 kungacha boʻlishini taʼminlash, turistik xizmatlar eksportini 100 million dollarga yetkazish imkoniyati yaratiladi.

    Aslida temir yoʻlni elektrlashtirish borasida Oʻzbekistonda katta tajriba toʻplangan. Avvalo, Toshgʻuzor — Boysun — Qumqoʻrgʻon temir yoʻli qurilib, keyinroq elektrlashtirildi. 2011-yilda Toshkent — Samarqand yoʻnalishida Markaziy Osiyoda dastlabki yuqori tezlikdagi “Afrosiyob” elektropoyezdlari harakati yoʻlga qoʻyilgan boʻlsa, keyinchalik Qarshi, Buxoro va Shahrisabz shaharlariga ham qatnovlar amalga oshirila boshlandi. Maroqand — Qarshi, undan Dehqonobod va Termizgacha boʻlgan yoʻnalishlarda ham elektrlashtirishga doir loyihalar amalga oshirildi.

    Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yoʻli ishga tushishi bilan Fargʻona vodiysi viloyatlarini mamlakatimizning qolgan xududlari bilan bogʻlab, yurtimizda yagona milliy tizimni yaratish borasidagi rejalarni toʻliq amalga oshirishga zamin yaratildi. 2020-yildan boshlab esa elektrovozda Namangandan chiqib, 5 soatu 20 daqiqada Andijon, Margʻilon, Qoʻqonni aylanib, yana Namanganga qaytib kelish mumkin boʻldi.

    Endi navbat Urganch va Xiva shaharlariga yetib keldi. Mazkur loyihaning amalga oshirilishi kelgusida Toshkent — Samarqand — Navoiy — Buxoro — Urganch — Xiva yoʻnalishida tezyurar hamda yuqori tezlikda harakatlanuvchi ekologik xavfsiz elektropoyezdlar qatnovini yoʻlga qoʻyish imkonini beradi. Loyihaning qiymati 365 million dollar.

    — Elektrlashtirilayotgan Buxoro — Miskin — Urganch — Xiva temiryoʻl uchastkasining umumiy uzunligi 465,5 kilometrni tashkil etadi, — deydi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ Kapital qurilish direksiyasi boshligʻi oʻrinbosari Jamshid Rasulov. — Loyihada rejalashtirilayotgan ishlarga koʻra, tashqi elektr tarmogʻi, elektr tortish nimstansiyasi va elektr tutashtiruvchi tarmoqning 8 ta navbatchilik binosi, yoʻl sozlovchilar uchun tabel binolari, qoʻriqlanadigan 44 ta temir yoʻl kesishmasi, 1 ta avtoyoʻloʻtkazgich hamda lokomotiv jamoasi uchun 1 ta dam olish uyi quriladi. Shuningdek, vagonlarga texnik xizmat koʻrsatadigan 2 ta punkt va qismlarga ajratish hamda joriy taʼmirlash sanoat korxonasini rekonstruksiya qilish, 5 ta texnik xizmat koʻrsatish binosi va boshqa texnik xizmat inshootlarini barpo qilish koʻzda tutilgan. Uchastka boʻylab kontakt tarmogʻining jami 12 mingdan ortiq poydevori va 10 mingdan koʻproq temir-beton tayanch ustun oʻrnatish hamda kontakt tarmogʻini montaj qilish, mazkur tarmoqqa xizmat koʻrsatish uchun esa maxsus texnika va himoya vositalari xarid qilinishi belgilangan.

    Mazkur loyiha doirasida elektrlashtirish ishlari bir vaqtning oʻzida Buxoro va Xorazm viloyatlari – ikki tomondan bir-biriga qarab amalga oshirilmoqda. Ayni paytda razyezdlar va stansiyalarda, yaʼni Buxoro-1 va Navbahor stansiyasida hamda Parvoz, Kiyikli, Jayhun, Turon razyezdlarida elektr tutashtiruvchi tarmoqning navbatchilik punkti bino va inshootlarida qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.

    Yoʻnalishning kontakt tarmogʻida ham samarali ishlar bajarildi. Xususan, Buxoro-1 – Kiyikli stansiyalari oraligʻida “1-energomontaj poyezdi” unitar korxonasi tomonidan loyihada belgilangan 4 ming 300 poydevordan 3 ming 575 tasi (83 foiz), 840 dona ankerdan 638 tasi (75 foiz) oʻrnatildi. Xizirbobo stansiyasi hamda Jayhun razyezdi oraligʻida ham xuddi shunday ishlar boshlab yuborildi. Jayhun razyezdi va Xiva stansiyalari oraligʻidagi yumushlarning qariyb toʻrtdan uch qismi bajarildi.

    Temiryoʻlchi mutaxassislar tomonidan shu kungacha Buxoro viloyati hududidan 163,1 kilometr, Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududlaridan 128,38 kilometr, jami 291,48 kilometr (63 foiz) kontakt tarmogʻi poydevorlari va tayanch ustunlari toʻliq oʻrnatildi. Eʼtiborlisi, elektrlashtirish ishlari uchun zarur boʻlgan asosiy mahsulotlardan poydevor va tayanch beton mahsulotlar oʻzimizda, Oʻzbekistonda ishlab chiqarilib, uchastka hududlariga oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda.

    Buxoro va Xorazm viloyati hokimliklari tomonidan tezyurar poyezd oʻtadigan tuman va shaharlarda yoʻlboʻyi xizmatlar tashkil etish belgilangan. Temir yoʻl borgan joyga madaniyat borishi, hayot jonlanishi inobatga olinib, bekatlar atrofida, xuddi avtomobil yoʻllarida boʻlganidek, savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalarini koʻpaytirish kerak boʻladi. Yana bir vazifa — temir yoʻl boʻylab choʻl iqlimiga mos daraxt va butalar ekish zarur. Bu ham hudud ekologiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, ham yoʻl boʻylariga koʻrk bagʻishlaydi.

    Oʻtgan hafta oxirida temiryoʻlchi quruvchilar Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Nazarbek shaharchasi hududidan oʻtgan temir yoʻl va avtomobil yoʻllari kesishmasida barpo etilgan zamonaviy yoʻloʻtkazgichni foydalanishga topshirishdi. Shaharchada va Zangiota tumanida yashovchi aholi Toshkent shahriga asosan 4R253 avtomobil yoʻli orqali borib kelishadi. Transport soni ortishi, ayniqsa, ushbu hududdan oʻtuvchi temir yoʻldan poyezdlarning kundalik harakati, teplovozlarning manyovrlari tufayli avtomobil yoʻli muayyan muddatga yopib qoʻyilardi. Bunday holatlarning ertalab va kechqurunga toʻgʻri kelishi esa katta tirbandlik paydo boʻlishiga olib kelardi.

    Aholining ayni boradagi murojaatlari inobatga olinib, 2020-yil 28-dekabrda Prezidentning “2021-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 28-apreldagi farmoyishiga asosan, “4R253 “Toshkent shahri — Turkiston sh/x — Qozogʻiston Respublikasi chegarasi” avtomobil yoʻlining 3 kilometridagi temir yoʻl ustidan yoʻl oʻtkazgich qurish” loyihasi ishlab chiqildi.

    Mazkur loyiha ancha murakkab yechimga ega. Eng avvalo, temir yoʻl va avtomobil yoʻli kesishmasida umumiy uzunligi 398 metr, kengligi 22 metr, koʻprik osti balandligi 7 metr boʻlgan tonnel shaklidagi yoʻloʻtkazgich, uning ustidan esa uzunligi 21,8 metr, kengligi 18,5 metrli uch izli temir yoʻl koʻprigini qurish, ular kesishmasida yana uzunligi 28 metr, eni 12,5 metrli avtomobil yoʻli oʻtkazgichini barpo etish rejalashtirilgan edi. Buning uchun inshootga tutash boʻlgan 23 ta uy-joy, tadbirkorlik subyektini koʻchirish zarur boʻldi.

    Mana, endi inshootni qurish davrida mahalliy aholining aylanma yoʻllar orqali yurishiga toʻgʻri kelib, vaqt va mablagʻ yoʻqotishlariga sabab boʻlgan qiyinchiliklar ortda qoldi. 113 milliard soʻm evaziga qurilgan, umumiy uzunligi 940 metrni tashkil etgan mazkur inshoot xalqimiz xizmatiga topshirildi. Hisob-kitoblarga qaraganda, undan bir kecha-kunduzda oʻrtacha 30 ming atrofida avtotransport vositasi va 24 ming piyoda oʻtib qaytadi.

    Rustam HAYDAROV,

    jurnalist

    Abdurauf QORJOVOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri