Temuriylar davrida tibbiyot yoxud ashʼorlar bitgan tabiblar haqida

    Amir Temur va temuriylar davrida tabobat ilmiga, davolash, orastalik ishlariga, bu sohadagi qurilishlarga katta ahamiyat berilgan. Sohibqironning Xitoyga yurishi davrida kasal boʻlib qolganida uni xos tabibi Mavlono Fazlulloh Tabriziy davolagani maʼlum.

    Bu tabib sohibqironning nafaqat harbiy yurishlari davrida, balki butun umri mobaynida sogʻligʻi uchun qaygʻurgan va javobgar hisoblangan. Afsuski, Amir Temur saroyida yashab, oʻzidan asar yozib qoldirgan boshqa tabiblar haqida maʼlumotlar yetib kelmagan.

    Manbalarda, xossatan Sharafuddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”, Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasixiy”, Xondamirning “Xulosat al-axbor” va boshqa asarlarida keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, oʻsha davr shifoxonalarida madrasa va boshqa oʻquv yurtlarida bilim olgan yuzlab tabiblar ishlar edi. Bu davrning yetuk shifokorlari shifoxonalarda bemorlarni davolash barobarida madrasalarda mudarrislik ham qilishgan. Buni hozirgi kun bilan taqqoslaydigan boʻlsak, bizning shifokorlarimiz ham xuddi shunday: talabalarga saboq berishlari bilan bir qatorda, shifoxonalarda talabalarga amaliyot oʻtaydilar.

    Temuriylar davri tabiblarining baʼzilari esa, ajoyib sheʼrlar va oʻzidan avval oʻtgan olimlarning tibbiyotga oid asarlariga arab, fors va turkiy tillarda sharhlar yozishgan. Amir Temur saroyida Mavlono Izzaddin Masʼud Sheroziy va Mavlono Farrux kabi mashhur tabiblar xizmat qilishgan. Hirotda Umarshayh Mirzoning xotini boʻlgan Mahdi ulyo Milkat oqa qurdirgan “Dorush-shifo” mashhur edi. Temuriylar davrida bu kabi shifoxanalar qurilishiga katta eʼtibor berilgan, ayollar va erkaklarniki alohida boʻlib, deyarli Movarounnahrning barcha shaharlarida qurilgan.

    Amir Temur va temuriylar davrida orastalik hamda ozodalik birlamchi masalalardan boʻlgan. Biz bu ozodalikni Sohibqironning oʻz askarlariga qoʻllagan chora-tadbirlari misolida ham koʻrishimiz mumkin. Yurtimiz muzeylari ekspozitsiya zallarida aynan temuriylar davri askarlarining oʻziga tegishli boʻlgan idish-tovoqlari namoyish etilgan. Amir Temur har bir jang oldidan askarlarining sogʻligʻini tekshirib, har bir askarning oʻzigagina tegishli boʻlgan shaxsiy buyumlari bilan ham qurollanishini nazorat qilgan. Bundan tashqari, Sohibqiron kelin tanlashga alohida eʼtibor bergan. Chunki, kelinlar nasl davom ettiruvchi ekanliklarini inobatga olgan holda, ularning ham jismonan, ham maʼnan sogʻlomliklarini alohida tekshirgan.

    Xalqni ichimlik suv bilan taʼminlash uchun koʻpgina hovuz, kanal, ariqlar qazilgan. Tarixiy manbalarda keltirilgan maʼlumotlarga koʻra, Amir Temur va Temuriylar davrida yuqumli kasalliklar tez-tez tarqab turar edi. Buning oldini olish uchun kerakli choralar koʻrilgan. Xususan, tozalikka katta ahamiyat berilgan, ayniqsa ariq va hovuzlardagi suvlar nihoyatda toza tutilgan. Shu sababdanmi, shifoxonalarning shimol tarafida Doral-huffoz orasida hovuz boʻlib, unda tabiblar bemorlarni davolar edilar. Temuriylar davri tabobatida asosan Ibn Sino koʻrsatmalariga rioya qilingan. Tabiblar shahzodalarga atab, asarlar yozishgan.

    Ana shunday asarlardan biri, temuriylar davrining mashhur tabiblaridan biri hisoblanmish Mansur ibn Muhammad ibn Ahmad Yusuf ibn Faqih Ilyosning “Tashrix-i Mansuri” deb nomlangan, Amir Temurning nabirasi Pir Muhammad Bahodirga bagʻishlangan, “Risola dar tashrix-i badan-i inson” (“Inson anatomiyasiga oid risola”) asari shular jumlasidan. Uning muqaddimasida odam tanasining turli aʼzolari, jumladan suyak, asab, muskullar va qon tomirlar tasvirlangan. Temuriylar davri tabobat ilmiga oid adabiyotlar oʻrganilinar ekan, bularda asosan inson ruhiyati, anatomiyasi va qon tomirlariga oid kasalliklar yozilganligini aytish mumkin.

    Maʼlumki, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” (XI) va undan keyingi tibbiy asarlar arab tilida yozilgan. Temuriylar davrida esa tibbiy asarlar Movarounnahr va Xurosonda yozilganligi sababli fors tilida edi. Xuddi shu davrlardan ilmiy atamalarga mahalliy oʻsimlik va dorilarning fors tilidagi nomlari ham kiritila boshlangan. Aynan temuriylar davrida “Tib qonunlari”ning turli qismlariga koʻplab sharhlar, qisqartmalar yozilganligi ham shu davrning oʻziga xos jihatlaridan biridir.

    Bundan tashqari, temuriylar davrida aynan shahzodalar uchun yasalgan piyolalar, idishlarning qanday metalldan yasalishiga ham alohida eʼtibor qaratishgan. Ana shunday buyumlar sarasiga nefritni kiritish joizdir. Bizga maʼlumki, nefrit toshining kelib chiqishi X asrda Xitoyga borib taqaladi. Xitoyliklar uni “Gʻalaba toshi” deb taqib yurishgan. Nefritning oq, yashil, qora ranglari bizga maʼlum. Biz maʼlumot bermoqchi boʻlgan, nefrit piyolalar temuriy shahzoda Mirzo Ulugʻbekka tegishli boʻlib, hozirda u Buyuk Britaniya muzeyida saqlanmoqda. Bu piyolalarning yana bir oʻziga xos xususiyati shundaki, ulardan shahzodalarni tashqi xavfdan himoyalash maqsadida ham foydalanilgan. Yaʼni, nefrit piyolalar zaharni fosh qilish xususiyatiga ega boʻlgan. Agar piyolalarga zahar solingudek boʻlsa, ularning rangi oʻzgargan.

    Mirzo Ulugʻbekka tegishli nefritdan yasalgan buyumlar. Markaziy Osiyo, XIV asr. London, Britaniya muzeyi. Markaziy Osiyo, 1400-1450-yillar. Nefrit, oʻlchamlari: 6.5x15.5x12.3 sm. Inventar raqami 1961.2-13.1. Piyolaning toʻq rangli, sirtining tekisligi tutqichida ajdar tasviri ishlanganligi tomoshabinda uni bir ushlab koʻrish ishtiyoqini uygʻotadi. Bu tutqich moʻgʻullarning egar-jabduqlariga ishlangan ajdaho tasviridan andaza olib yasalgan. Moʻgʻullarning oltindan, kumushdan yasalgan xuddi shunday ajdar tasvirli idishlari tarixdan bizga maʼlum, ammo ular shubhasiz nefritdan yasalgan. Shunga oʻxshash Hindistonda saqlanayotgan yana bir idish bizga maʼlum va unga “Ulugʻbek Koʻragon” ismi oʻyib yozilgan, keyinroq esa 1611-yili temuriy shahzoda Jahongir uning dastasini yoʻndirib qayta ishlov berdirgan.

    Nefrit piyola. Ulugʻbek Koʻragon ismi oʻyib yozilgan, Markaziy Osiyo, 1420-49-yillar, oʻlchamlari: 6.4x19.4 sm. London, Britaniya muzeyi. Ulugʻbekning nefrit toshlariga boʻlgan qiziqishini hisobga olib, bu piyolaning kelib chiqishini Xitoy savdo yoʻllari bilan tutashgan Samarqand qolaversa, Markaziy Osiyo bilan bogʻlash oʻrinlidir. Eng soʻnggi Xitoy hunarmandlari ishlagan shunga oʻxshash nefrit idishlar “cheng” (suv idish) deb atalgan. Nefrit idishlar Markaziy Osiyoning baʼzi xududlarida Xitoy namunalari asosida tayyorlangan. Tutqichi dagʻal ishlangan boʻlsa-da, bunday idishlar shahzodalar oʻrtasida bir-birlariga “shohona” hadya sifatida sovgʻa qilingan. Tutqichda tasvirlangan sher kallasi XV asrga oid Xirot favvoralarida ham mavjud.

    Yuqoridagi maʼlumotlardan koʻrinib turibdiki, Amir Temur va temuriylar davrida barcha sohalar keng rivojlangani kabi, tibbiyot ilmi ham jadal rivojlangan. Tabiblardan insonlarni dori darmon, shifobahsh giyohlar yordamida davolash bilan bir qatorda, ularni vahimaga solib qoʻymaslik uchun ruhiy davolash yoʻllarini qoʻllash ham talab qilingan. Bu esa, oʻsha paytdagi shifoxonalarda kitoblar mutolaasi, hadislar oʻqish orqali amalga oshirilgan.