Mukofot jamgʻarmasi 67,960 yevroni tashkil etuvchi Segovia Challenger turnirida hamyurtimiz Denis Istomin ham oʻz omadini sinab koʻrmoqda. Tennischimiz oʻz ishtirokini saralash bahslaridan boshladi.

Istomin saralashning 1/2 finalida braziliyalik Uilson Leytega qarshi kortga chiqdi. Ikki soatu 52 daqiqa davom etgan murakkab uchrashuvda Denis raqibini 5/7, 7/5, 7/5 hisobida magʻlubiyatga uchratdi. Istomin 15 ta, Leyte esa 1 ta eys zarbasini ijro etgan.

Taqqoslash uchun, hamyurtimiz ATP reytingida 449, Uilson esa 499-oʻrinni egallab turibdi. Bugun Denis asosiy toʻrga yoʻllanma beruvchi saralashning final uchrashuvida germaniyalik Elmar Eyupovichga qarshi kortga chiqadi.

Reytingning 386-pogʻonasini band etgan olmon tennischisi yarim finalda braziliyalik Tomas Beluchchini 6/7(8), 7/6(5), 7/6(5) hisobida yengdi. Denis Istomin - Elmar Eyupovich uchrashuvi bizning vaqt bilan soat 17:00 da boshlanadi.