Muloqot Markaziy va Janubiy Osiyo, MDH, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Amerika, Yaqin Sharq mamlakatlaridan siyo­siy-iqtisodiy va biznes doiralar vakillari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar aʼzolari, moliya institutlari, shuningdek, jahonning turli ilmiy-tadqiqot va tahlil markazlarining nufuzli ekspertlaridan 200 ga yaqin kishini yagona maqsad yoʻlida jamladi.

Termiz muloqoti yigʻilishining birinchi kuni mazmunli va konstruktiv muhokamalar muhitida oʻtdi. Tadbir ishtirokchilari tinch­lik va doʻstlikda oʻzaro bogʻliqlik, hamkorlik va ishonch butun mintaqa xavfsizligi va barqarorligini taʼminlashning asosiy ustunlariga aylanib borayotgan bir ­sharoitda mazkur muloqotning dolzarb ekanini taʼkidlashdi.

— Termiz muloqoti Markaziy va Janubiy Osiyoda mintaqaviy tashkilotlar ishtirokida tinchlik, xavfsizlik va butun mintaqaning barqaror rivojlanishi bilan bogʻliq dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun maydon, muhim va noyob platforma sanaladi. Shu jihatdan ikki mintaqa va mintaqalar oʻrtasidagi oʻzaro aloqalarni mustahkamlash yoʻlida qabul qilingan rezolyutsiya­ning ahamiyati oʻziga xos boʻladi, — deydi BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze. — Men 2021-yilda Toshkent shahrida oʻtkazilgan konferensiyani eslatib oʻtmoqchiman. U va davomli tashkil etilayotgan, tinchlik va doʻstlik, farovonlikni taʼminlashni bosh maqsad qilayotgan bunday xalqaro tadbirlar shaxsan Prezident ­Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan ekani ­eʼtiborga molik.

Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 2021-yilda “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Qiyinchiliklar va imkoniyatlar” xalqaro konferensiyasi oʻtkazilgan edi. Shu bilan birga, BMT tomonidan 2022-yilda qabul qilingan Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash rezolyutsiyasi ham bu xalqaro darajadagi muloqotga asos boʻlib xizmat qildi.

Oʻzbekiston Prezidentining Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi oʻzaro aloqadorlikni ­mustahkamlash boʻyicha 2022-yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlangan tashabbusini ilgari surishda koʻp tomonlama munozara maydonini shakllantirish uchun Surxondaryoda tashkil etilgan forum Oʻzbekistonning Afgʻonis­ton chegarasidagi Markaziy Osiyoda muqobili yoʻq “Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi bilan tanishuvdan boshlandi.

Bu xalqaro savdo markazi Karachi — Termiz — Toshkent — Qozogʻiston — Rossiya transport koridorining muhim bogʻlovchi qismi hisoblanadi va Hind okeani portlariga chiqish imkonini berishi bilan gʻoyat ahamiyatli.

Yirik majmuada zamonaviy texnologiya­lar asosida mahsulotlarni qabul qilish, saqlash, qayta ishlash inshootlari mavjud boʻlib, yuklarni “Yagona darcha” tamoyili asosida tezkor rasmiylashtirish uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Tadbir davomida xorijlik mehmonlarga hujjatlashtirish borasidagi ishlar xususida ham batafsil maʼlumot berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti, Tashqi ishlar vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamkorligida uch kun davomida oʻtkazilgan forum jahon hamjamiyatida katta qiziqish uygʻotdi. ­Muloqotlarda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqalararo hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama etildi. Bunda xavfsizlik, barqarorlik va izchil rivojlanishni taʼminlash boʻyicha hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, iqtisodiy oʻsishni taʼminlashda xususiy sektor va moliyaviy tuzilmalarning rolini kengaytirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.

Termizdagi forumda yirik xalqaro ins­titut va markazlar vakillari ishtirok etdi. Rossiya Fanlar akademiyasining Yevgeniy Primakov nomidagi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar milliy tadqiqot ins­tituti, AQSHning Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti, Buyuk Britaniya Qirollik xalqaro munosabatlar instituti, Finlyandiyaning Martti Axtisaari nomidagi Tinch­lik jamgʻarmasi, Germaniyaning ­Bergxof ­jamgʻarmasi, Hindistonning ­“Observer ­Reserch Foundashn” tahliliy markazi va xalqaro ishlar boʻyicha kengashi, Pokis­tonning Strategik tadqiqotlar instituti, Xitoy Ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti kabi nufuzli tashkilotlar ekspertlari shular jumlasidan.

Muloqotning har bir kunidan joy olgan tadbirlarda Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni rivoj­lantirishga alohida eʼtibor qaratildi. Ikki mintaqa — Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari tobora oʻsib borayotgan katta bozorga ega. Ularda 2 milliarddan ortiq aholi istiqomat qiladi. Bu dunyo aholisining 25 foizidan ortigʻi deganidir. Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda Janubiy Osiyo davlatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasi 1,4 trillion dollarga, Markaziy Osiyoniki esa 253 milliard dollarga yetgan. Biroq bu borada hali foydalanilmagan ulkan salohiyat mavjud. Iqtisodiy hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish maqsadida ekspertlar savdo sohasida mintaqa davlatlarining ishga solinmagan imkoniyatidan toʻliq foydalanish, transport-logistika tizimini rivojlantirish muhimligi taʼkidlandi.

Masalan, transafgʻon temir yoʻli loyi­hasi amalga oshirilishi natijasida yuk tashish muddati va narxini 30-40 foiz qisqartirishga erishiladi. Mintaqalar davlatlarini Hind okeani portlari orqali Rossiya, Xitoy va Yevropa bozorlari bilan bogʻlashda alohida ahamiyatga ega.

— Termiz muloqoti oʻziga xos yangi format, Oʻzbekistonning Afgʻoniston bilan chegarasida tashkil etilgan ilk katta va muhim forum. Menimcha, bu Oʻzbekistonning mintaqadagi qator muammolarga yechim topishga qaratilgan muhim tashabbuslaridan yana biri. Haqiqatan, bu hududlarda infratuzilma bilan bogʻliq muammolar yetarlicha: rivojlangan transport tuzilmasi yoʻqligi, mintaqa davlatlari oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalar yetarli darajada emasligi maʼlum holat. Oʻzbekistonning saʼy-harakatlari natijasida Afgʻoniston asta-sekin mintaqada muhim iqtisodiy maydonga aylanmoqda. Agar bugun muhokama qilinayotgan loyihalar amalga oshsa, kelajakda Afgʻoniston tranzit davlat sifatida katta imkoniyatga ega boʻladi, — deydi rossiyalik taniqli ekspert, siyosiy tahlilchi Stanislav Pritchin. — Transafgʻon temir yoʻli loyihasi Oʻzbekiston va Afgʻonistonni asosiy tranzit davlatlarga aylantiradi. Bu oddiy infratuzilma loyihasi emas, balki mintaqaviy logistika xaritasini tubdan oʻzgartirishi mumkin boʻlgan strategik yoʻnalish. Bu bilan Oʻzbekiston nafaqat mintaqadagi eng muhim tranzit markaziga, balki Rossiya bilan Afgʻonis­tonni bogʻlaydigan muhim strategik davlatga aylanmoqda. Eng asosiysi, agar ushbu loyihalar amalga oshirilsa, Afgʻoniston ajratuvchi emas, balki Janubiy va Markaziy Osiyoni birlashtiruvchi mamlakatga aylanadi. Bularning barchasi Oʻzbekis­ton tomonining katta qadamlari va muhim tashabbuslari sanaladi.

Xalqaro tadbirda Oʻzbekiston tomoni oʻzaro hamkorlikni chuqurlashtirish orqali Markaziy va Janubiy Osiyoni barqaror rivojlanish zonasiga aylantirish strategiyasini ilgari surdi. ­Oʻzaro muloqotlar ­davomida Afgʻoniston vakillari Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy platforma taqdimotini oʻtkazdi. Bu tashabbus ishtirokchi mamlakatlarning Savdo-sanoat palatalari masʼullari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.

— Bizga qoʻshni va Afgʻonistonga doimo ­suyanch Oʻzbekistonda tashkil etilgan forum umumiy muammolarni birgalikda hal etish, oʻzaro manfaatlarni ilgari surish, mintaqalararo kun tartibini amaliy mazmun bilan taʼminlash uchun misli koʻrilmagan imkoniyatlar ochib beradi, — deydi Afgʻonis­ton tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Muhammad Naim Vardak. — Forumda ishtirok etayotganimizdan juda mamnunmiz. Oʻzbekiston, Termiz mintaqadagi oʻzaro bogʻliqlikning kuchli bir ramziga aylanmoqda. Muloqotlar esa oʻzaro bogʻliqlikni chuqurlashtirish orqali mojarolar va geosiyosiy qarama-qarshiliklardan xoli hamkorlikning umumiy makonini shakllantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.

— Bu yerda bugun Markaziy va Janubiy Osiyodan, qolaversa, Afgʻonistondan kelgan ishtirokchilarni koʻryapmiz. Ular bilan birgalikda duch kelayotgan umumiy muammolar va imkoniyatlarni muhokama qildik. Bunda Oʻzbekiston mintaqa xalqlarini birlashtirish va dolzarb boʻlgan masalalarni ochiq muhokama qilishga chorlab, chinakam yetakchiligini namoyon qilmoqda, — deydi BMTning Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy koordinatori Sabina Maxl. — Forumning ikkinchi kunida biz turli mavzularni, jumladan, iqlim oʻzgarishi masalasini muhokama qildik. Dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan, quruqlik bilan oʻralgan davlatlar uchun innovatsion yechimlar zarur va bu yerda aynan shu masalalarga eʼtibor qaratilayotganini koʻrish quvonarli. Iqtisodiy jihatdan ham masalaning dolzarbligi katta. Shunday ekan, biz hammamiz uchun iqtisodiy oʻsish va umumiy farovonlikka olib boruvchi yoʻllarni topishimiz zarur.

Uch kun davomida oʻtkazilgan muloqotlar kelgusida mintaqalar oʻrtasida tinchlik va oʻzaro doʻstlik, hamkorlikni yanada rivoj­lantirishda muhim qadamlardan biriga aylanishi shubhasiz.

Sarvar TOʻRAYEV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri